Gʻuzorlik Shohida Murtazoyeva qizining og‘ir buyrak kasalligiga chalinganini eshitib, avvaliga biroz gangib qoldi.  Iroda endigina 12 yoshga to‘lgandi. Murg‘ak qalbi bir dunyo orzu-umidlarga to‘la dilbandining ko‘z oldida so‘lib borayotgani onaizorni adoyi tamom qildi.

Ota­onaning bormagan eshigi qolmadi. Qizining buyragi o‘z vazifasini bajara olmas, ikki yil shahar markaziga qatnab, kunora gemodializ muolajasini olish Irodani ham, boshqalarni ham ruhan, jismonan toliqtirgandi. Ba’zan qizning tobi qattiq qochar, shifoxonaning shiftiga termilib o‘tkazilgan kunlarning adog‘i yo‘qdek tuyulardi. Shifokorlar yagona chora buyrak almashtirish ekanini aytganda, ota­onaning ko‘zida umid yolqinlandi. Ammo unga mablag‘ qayda, o‘zi haminqadar yashab kelayotgan oila uchun bu yana bir mushkullik edi.

— Oilaviy shifokorimiz Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi barcha xarajatlarni qoplab berishi, hech ikkilanmay V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy­ amaliy tibbiyot markaziga murojaaat etishimizni aytganida avvaliga ishonmadim, — deydi Shohida Murtazoyeva. — Markaz shifokorlariga uchrashdik. Ular buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti muvaffaqiyatli bajarilayotgani, operasiya xarajatlarini Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi qoplab berishini aytishdi. Tezda zarur tahlillarni o‘tkazib, jarrohlik amaliyotiga tayyorlashdi. Irodaga buvisi — onam bitta buyragini beradigan bo‘ldi. Operasiya yaxshi o‘tdi. Hozir qizimning ham, unga donorlik qilgan onamning ham ahvoli yaxshi. Shifokorlarga, shunday sharoit yaratib bergan hukumatimizga rahmat.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Muhimi, bugun yurtimizda har bir insonning salomatligi davlatimiz e’tibori markazida, imtiyozli toifaga kiruvchi yuzlab bemorlar yo‘llanma asosida hech qanday mablag‘siz dardiga darmon topmoqda.

Prezidentimizning 2021 yil 28 iyuldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora­tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tizimi asosida hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llash tartibi joriy etildi. Bu jarayonda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini standartlar asosida baholash, ajratilgan mablag‘ samaradorligini nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Qarorga ko‘ra, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni yo‘llanma asosida davolashga bir qator ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari jamg‘arma bilan shartnoma tuzish orqali jalb qilingan. Respublika darajasidagi 26 ta tibbiyot muassasasi, 52 ta hududiy shifoxona va 28 ta nodavlat tibbiyot tashkiloti shular jumlasidan.

Ushbu davo maskanlarida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga ko‘rsatilgan yuqori texnologik tibbiy yordam xarajati jamg‘arma tomonidan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilmoqda. Bemorlar uchun jamg‘arma bilan shartnoma tuzgan davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlari orasidan o‘ziga qulay bo‘lganini tanlash va zarur tibbiy yordamni bepul olish imkoniyati yaratildi.

— Aholiga yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida joriy yilda jamg‘arma 14 ta ixtisoslashgan tibbiy markaz, 12 ta klinika va viloyatlarda joylashgan 52 ta tibbiy muassasa bilan shartnoma imzolagan, — deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining moliya boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Odilov. — Avvalgi order tizimiga barham berilib, elektron axborot tarmog‘i orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llash tartibi yo‘lga qo‘yildi. Endi har bir fuqaro yo‘nalishi bo‘yicha murojaat etgan arizasi nechanchi navbatda ekanini ko‘rib turishi mumkin. Bu shaffoflikni ta’minlash, har xil korrupsion sxemalarga barham berishga xizmat qilmoqda.

Har bir bemorda tanlov huquqi paydo bo‘ldi. Ya’ni tibbiy xizmat ko‘rsatadigan muassasalar ichidan o‘ziga ma’qulini tanlashi mumkin. Shoshilinch holatlarda Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida buyrug‘i bilan bemor shifoxonaga yotqiziladi va tibbiy xarajatlar jamg‘arma tomonidan qoplab beriladi.

Dori­darmon, tibbiy buyumlar ayrim muassasalarda davolash xarajatlarining 80 foizini tashkil qiladi. Bu xarajatlarni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi qoplab berayotgani aholining moliyaviy qiyinchilikka duch kelmay, zarur tibbiy yordam olishini ta’minlash, el salomatligini mustahkamlash borasida qilinayotgan xayrli ishlarga misol bo‘la oladi.

Jamg‘arma bilan shartnoma tuzgan tibbiyot muassasalaridan biri — Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy­amaliy tibbiyot markazi. Joriy yilning 10 oyi davomida ushbu markazda yo‘llanma asosida 2 ming 523 nafar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxs davolandi. Ular uchun 42 milliard so‘mlik davolash xarajatlari jamg‘arma tomonidan qoplab berildi. Shuningdek, markazda zarur hollarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, haqiqiy xarajatlar ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga muvofiq jamg‘arma tomonidan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanmoqda.

— Sog‘liqni saqlash vaziri viloyatimizda sayyor qabulda bo‘lgan paytda betobligim haqida shikoyat qilgandim, — deydi Buxoro viloyati Peshku tumanidan kelgan Maryam Qulmatova. — O‘n yillardan beri ikki tomonlama koksartroz, suyak yemirilishining III darajasi bilan og‘riganman. Oxirgi uch oyda yurolmay qoldim. Murojaatim besamar ketmadi. Oilaviy poliklinika shifokori ko‘magida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy­ amaliy tibbiyot markaziga keldim. Shifokorlar yaxshi kutib olib, shifoxonaga yotqizishdi. Operasiya bepul o‘tkazildi. Ilgari surishtirganimda, 35 million so‘m kerakligini aytishgandi. O‘zim ham, turmush o‘rtog‘im ham ikkinchi guruh nogironi. Buncha mablag‘ topish imkonimiz yo‘q edi. Oilaviy shifokorlarning sa’y­harakati bilan barcha xarajatni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi to‘lab berdi. Agar shu mablag‘ topilmaganda hozir ham qo‘ltiqtayoqda yurgan bo‘lardim. Barchasi uchun  minnatdorman.

Chanoq­son bo‘g‘imi sohasidagi suyakning yemirilishi oqibatida qo‘ltiqtayoqqa suyanib qolgan bemorlar yurtimizning har bir hududida topiladi. Ayniqsa, koksartrozdan aziyat chekayotgan bemorlarning aksariyati kasallikning og‘ir bosqichida. Bunday holatda faqat jarrohlik usulidan davolash yordam beradi. Ana shu murakkab amaliyot bepul bajarilayotgani tufayli ko‘plab yurtdoshlarimiz darddan forig‘ bo‘lib, oyoqqa turmoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy­ amaliy tibbiyot markazida joriy yilning yanva-r­oktyabr oylarida qariyb 47 ming nafar bemorga bepul tibbiy yordam ko‘rsatildi. Shundan 1400 nafari imtiyozli toifaga mansub bo‘lib, ularga ko‘rsatilgan yuqori texnologik tibbiy xizmatlar uchun jamg‘arma tomonidan 33 milliard so‘m to‘landi.

— 2021 yilning oktyabr oyidan boshlab imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga davlat byudjeti hisobidan yordam ko‘rsatishning yangicha tizimi yo‘lga qo‘yildi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy­amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Muhiddin Qodirov. — Hozirgi tartib bo‘yicha yuqori texnologik operasiyaga muhtoj bemorlar elektron tizim orqali shakllantirilgan yo‘llanma bilan keladigan bo‘ldi. Bunda bemorning shifoxonada yotishidan tortib, tahlil natijalari, qo‘yiladigan implantlar, dori­darmon va oziq­ovqat xarajatigacha to‘laligicha Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Travmatologiya va ortopediya ilmiy­ amaliy tibbiyot markazida qo‘llanadigan tizza bo‘g‘imini endoprotezlash operasiyasida 35 million so‘mgacha mablag‘ talab etiladi. Yana bir ahamiyatli jihati, endoprotezlash amalga oshirilgan, ammo vaqt o‘tib, endoprotezning komponentlari nostabil holatga kelgan bo‘lsa, qayta endoprotezlash 65 million so‘mga aylanadi. Imkoniyati cheklangan bemorning buncha mablag‘ topishi mushkul. Ana shunday holatlarda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bemorlar joniga oro kirmoqda.

Bunday operasiyalar nafaqat poytaxtda, balki viloyatlar markazida ham muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti.

“Inson qadri uchun” tamoyilining yuzlab yurtdoshlarimiz taqdirida o‘z ifodasini topib borayotganini birgina Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ko‘magi misolida ko‘rishimiz mumkin. Muhimi, yurtda inson qadr topmoqda, uning salomatligini asrash yo‘lidagi sa’y­harakatlar izchil davom ettirilayotir.

Risolat Madiyeva,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri