Sog‘liq uchun xavfli deb hisoblangan transyog‘lar haqida ko‘p savollar beriladi: ular qanday paydo bo‘ladi, qaysi mahsulotlarda ko‘p uchraydi va ularni iste’mol qilish qanchalik xavfsiz? Bu masala bo‘yicha Sanepidqo‘mita bosh mutaxassisi Dildora Mirboboyeva bilan suhbatlashdik.

Transyog‘lar: nima va qanday paydo bo‘ladi?

Transyog‘lar – bu to‘yinmagan yog‘ kislotalarini maxsus usullar orqali transformatsiya qilish natijasida hosil bo‘lgan yog‘lardir. O‘simlik yog‘lari vodorod bilan to‘yintiriladi, bu jarayon gidrogenlash deb ataladi. Natijada gidrogenlangan yog‘ hosil bo‘ladi – bu konsistensiyasi bo‘yicha hayvon yog‘iga o‘xshash o‘simlik moyining qattiq shakli, masalan, margarin va sun’iy sariyog‘. Gidrogenizatsiya natijasida hosil bo‘lgan yangi molekulalar tabiiy to‘yingan yog‘ kislotalaridan farqli bo‘lib, ular trans-shakl yog‘lar – ya’ni transyog‘lar deb ataladi.

Transyog‘lar sun’iy ravishda olinadi va shu bilan bir qatorda tabiatda ham uchraydi. Masalan, qavsh qaytaruvchi hayvonlar – sigir, echki va qo‘yning suti va go‘sht mahsulotlarida ham oz miqdorda transyog‘lar mavjud. Tabiiy transyog‘lar bakteriyalar ta’sirida hosil bo‘ladi va miqdori juda kam bo‘lgani uchun organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Ular organizm uchun xavfsiz bo‘lib, oziq-ovqatlar tarkibida miqdori juda kam bo‘ladi.

Sun’iy transyog‘lar organizmda moddalar almashinuviga to‘liq kirisha olmaydi va salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bois sun’iy va tabiiy transyog‘larni farqlash va iste’molini nazorat qilish muhimdir.

Transyog‘lar organizmga qanday salbiy ta’sir ko‘rsatadi?

Sun’iy transyog‘lar organizmga quyidagicha salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin:

1.Zararli xolesterin miqdorini oshiradi. Past zichlikdagi lipoproteinlar qon tomirlar devorida yog‘li tiqinlar hosil qilishi mumkin. Bu qon oqimini cheklaydi va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi.

2.Infarkt va insult xavfini oshiradi. Qon tomirlaridagi yog‘li tiqinlar yurak, miya va o‘pkada turli og‘ir kasalliklarga olib kelishi mumkin. Yurak mushaklarida kuzatilsa – infarkt, bosh miyada – insult, o‘pkada – o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi.

3.Qandli diabet rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Transyog‘lar hujayralarning insulinga sezgirligini pasaytiradi. Bu glyukoza kamroq samarali so‘rilishini anglatadi, vaqt o‘tishi bilan 2-toifa diabetning rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

4.Yallig‘lanish jarayonlari rivojlanishiga zamin yaratadi.

Xronik yallig‘lanish qon-tomir kasalliklari, artrit, diabet va hatto onkologiya xavfini oshiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, transyog‘larning iste’moli va qonda yallig‘lanish markerlari miqdori ortgani o‘rtasida qat’iy bog‘liqlik bor.

Qaysi mahsulotlarda transyog‘lar ko‘p uchraydi?

Transyog‘lar quyidagi mahsulotlarda ko‘p uchraydi:

pishiriqlar: tort, bulochka, pirog;

fastfudlar: kartoshka fri, qovurilgan tovuq va dengiz mahsulotlari;

popkorn va tayyor pitssa;

fri (kartoshka fri);

doner, burgerlar;

chipslar

Transyog‘larni kundalik iste’moli qancha bo‘lishi kerak?

Ideal holda, transyog‘larning kundalik iste’moli 0 gramm bo‘lishi lozim. Ammo real hayotda bu qiyin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kattalar uchun transyog‘larni iste’mol qilishni umumiy kaloriyaning 1% dan ko‘p bo‘lmagan miqdorida cheklashni tavsiya qiladi. Masalan, agar kundalik kaloriyangiz 2000 kkal bo‘lsa, transyog‘lar miqdori 20 kkaldan (taxminan 2 gramm) oshmasligi lozim.

Sog‘lom hayot uchun transyog‘larni iste’mol qilishni minimal darajada ushlash yoki umuman rad etish tavsiya etiladi.

Sanepidqo‘mita mutaxassisi ta’kidladiki, har bir shaxs ratsionida tabiiy va sog‘lom yog‘larga ustuvorlik berishi, transyog‘larning miqdoriga e’tibor qaratishi lozim.

Zulxumor AKBAROVA yozib oldi