Eng sara loyihalarga 10 000 AQSH dollarigacha grant ajratiladi

    Innovatsion rivojlanish vazirligida Yoshlar akademiyasi aʼzolarining innovatsion gʻoyalari, texnologiyalari va loyihalari koʻrgazmasi ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirni innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova ochib berdi.

    – Bugun yoshlarimiz juda koʻp yaxshi gʻoyalar, loyihalarni amalga oshirmoqda. Ayniqsa, viloyatlardagi yoshlarning ishtiyoqi juda baland, – dedi vazir oʻrinbosari. – Ular taklif qilayotgan startaplar, loyihalar, tashabbuslar yurtimiz rivojiga hissa qoʻshishga qaratilgan. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash orqaligina yurtimiz farovonligiga erishishimiz mumkin.

    Tadbirda “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida gʻolib deb topilgan 13 nafar yosh tadqiqotchiga sertifikatlar topshirildi. Oʻz ilmiy ishini boshlagan mazkur yosh olimlar respublikamiz hududidagi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy tashkilotlar va laboratoriyalarda qisqa muddatli stajirovka oʻtaydi. Stajirovka xarajatlari Innovatsion rivojlanish vazirligiga ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini moliyalashtirish uchun ajratilgan byudjet mablagʻlari doirasida tegishli shartnomaga asosan moliyalashtiriladi.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi 2019-yilda tashkil etilgan. Oʻtgan davr ichida tashkilot tomonidan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, iqtidorlilarni aniqlash va munosib taqdirlash, ularning takliflarini oʻrganib, toʻgʻri yoʻnaltirish borasida koʻplab ishlar amalga oshirildi. Hozir 3000 nafardan ortiq iqtidorli yoshlar, talabalar, 40 yoshgacha boʻlgan olimlar va tadbirkorlarning maʼlumotlar bazasi shakllantirildi. Hududlardagi tashabbuskor yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2021-yildan boshlab “Boʻlajak olim” tanlovi tashkil etib kelinmoqda. Shu kunga qadar 63 ta loyiha mualliflari 12 milliard soʻmga qoʻllab-quvvatlandi.

    Tadbirda 2022-yilgi “Student Idea Challenge 22” tanlovining aprel oyida eʼlon qilinishi toʻgʻrisida hamda bu tanlovda ishtirok etish shartlari va imkoniyatlari haqida maʼlumotlar berildi. Mazkur tanlovda aniq bir gʻoya yoki loyihaga ega boʻlgan 4 kishidan iborat bakalavr yoki magistratura talabalari jamoalari ishtirok etishi mumkin. Eng sara loyihalarga 10 000 AQSH dollarigacha grant mablagʻlari ajratiladi.