“Kitobxonlik haftaligi” Fargʻonada katta tantana bilan boshlandi

    Madaniyat 18 Aprel 2022 5129

    Fargʻonadagi Ahmad Fargʻoniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Kitobxonlik haftaligi”ga start berildi.

    Viloyatda ikkinchi bor oʻtkazilayotgan keng koʻlamdagi haftalikning ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar “Kitobxonlik haftaligi”ning ahamiyati haqida toʻxtalib, ushbu tashabbus maʼnaviy yuksalishga qoʻyilayotgan dadil qadamlardan biri ekanligini taʼkidladi.

    Fargʻonalik “Yosh kitobxon” tanlovi gʻoliblari Sharofatxon Ismoilova va Muhammadfozil Ismoilovning yutuqlari viloyatda ham kitobxonlikka qaratilayotgan yuksak eʼtiborning samarasi ekanligi qayd etildi.

    Tadbir davomida milliy va anʼanaviy cholgʻu orkestrining musiqali dasturi, Fargʻona ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi ijodiy jamoasining chiqishlari, Kitob koʻrgazmalari ishtirokchilar eʼtiboriga havola qilindi.

    Joriy yil 18-23-aprel kunlari mamlakatimiz miqyosida oʻtkaziladigan “Kitobxonlik haftaligi” doirasida I Fargʻona kitob festivali ham tashkil etiladi.

    Festival davomida respublika va viloyat nashriyotlari, kitob doʻkonlari ishtirokida kitob yarmarkalari tashkil etish, mualliflik kitoblari taqdimoti va dastxat qoʻyish marosimini oʻtkazish uchun respublika, ayniqsa, vodiy viloyatlarining taniqli ijodkorlarini jalb etish, shuningdek, kitob va bosma nashrlar chop etish sohasidagi yangiliklar koʻrgazmasini tashkil etish koʻzda tutilgan.

    Fargʻonada start olgan “Kitobxonlik haftaligi” doirasida viloyat miqyosida “Eng yaxshi kitobxon hudud”, “Eng yaxshi kitobxon mahalla”, “Eng yaxshi kitobxon taʼlim muassasasi”, “Eng namunali kitob doʻkoni” koʻrik-tanlovlari oʻtkaziladi, viloyatdagi barcha oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Eng kitobxon talaba”, “Eng kitobxon guruh”, “Eng kitobxon fakultet” intellektual tanlov va oʻyinlari tashkil etiladi, deb xabar beradi Fargʻona viloyati hokimligi matbuot xizmati.