“Eng yaxshi soliq toʻlovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi

    2026-yil 1-yanvardan “Eng yaxshi soliq toʻlovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi.

    Bu haqda Prezidentning “Soliqlarning yigʻiluvchanlik darajasini oshirish va faol soliq toʻlovchilarni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–364-son, 28.11.2025-y.)da maʼlum qilindi.

    Qarorga koʻra, gʻoliblarni aniqlash boʻyicha mezonlar quyidagilar:

    • har 1 000 nafar aholiga toʻgʻri keladigan kichik biznes subyektlari soni;
    • har 1 000 nafar aholiga toʻgʻri keladigan kichik biznes subyektlari tomonidan toʻlangan soliqlar miqdori;
    • har 1 000 nafar aholiga toʻgʻri keladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻlovchilar soni;
    • har 1 000 nafar aholiga toʻgʻri keladigan oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar soni va ular tomonidan toʻlangan soliqlar miqdori;
    • mahalla fuqarolari tomonidan mol-mulk va yer soliqlarining toʻlanganlik darajasi.

    “Eng yaxshi soliq toʻlovchi mahalla” nominatsiyasi gʻoliblari uchun quyidagi ragʻbatlantirish choralari joriy etiladi:

    • tashabbusli byudjet doirasida ketma-ket 2 marotaba gʻolib deb topilgan mahallalar uchun navbatdagi 2 ta mavsum doirasida loyiha kiritish imkoniyatini cheklash qoidasi qoʻllanmaydi;
    • loyihalarni sheriklik asosida moliyalashtirishda ushbu mahallalar aholisi tomonidan loyiha qiymatining 25 foizi moliyalashtirilgan taqdirda, loyiha gʻolib deb topiladi hamda qolgan 75 foizi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladi;
    • belgilangan mezonlar asosida har yili birinchi 100 talikka kirgan eng yaxshi soliq toʻlovchi mahallalarning har biriga Davlat byudjetidan 2 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ tegishlicha Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasiga ajratiladi.