Epidemiologik vaziyatni yaxshilash – barcha imkoniyatlar va kuchlarni safarbar qilishni talab etmoqda

    Suhbat 27 Iyul 2020 29953

    Joriy yilning 23-iyul kuni mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan navbatdagi videoselektor yigʻilishida mamlakatimizda koronavirus infetsiyasi tarqalishiga qarshi olib borilayotgan tadbirlarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

    10-iyuldan boshlab mamlakatda amal qilayotgan kuchaytirilgan karantin choralari natijadorligi atroflicha tahlil qilindi hamda Respublika maxsus komissiyasining amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirildi. Mamlakatda epidemiologik vaziyatni oʻnglash zarurati davlat idoralari, jamiyat institutlari va aholimizoldiga muxim vazifalar quyayotgani yana bir bor taʼkidlandi.

    Muxbirimiz ushbu va boshqa mazularda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari Shafoat Nurullayeva bilan suhbatlashdi.

    — Mamlakatimizda amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifi kiritildi va uni qoʻllash koʻzda tutilmokda. Bu boradagi fikringiz?

    Ushbu zarurat xududlarda epidemiologik vaziyatni mustahkamlash hamon dolzarb boʻlib qolayotganini va bu borada nafaqat davlat, balki jamiyatimizning ham barcha imkoniyatlarini keng ishga tushirishni, shuningdek, muammoni yengib oʻtish uchun kuchlarni birlashtirish lozimligini ham anglatadi. Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, avvalambor, mamlakatda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat bevosita davlatimiz Rahbari tomonidan nazoratga olingan. Har bir yigʻilishda bu masalaga eʼtibor qaratilmoqda, aniq vazifalar belgilab olinmoqda, chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Muammoni yengish borasida bu juda muhim yondashuv boʻlib, amalda hech bir fuqaro bunday koʻrinmas yov oldida yolgʻiz emasligi, aksincha, davlat himoyasida ekanligidan dalolat beradi.

    Xususan, oʻtgan soʻngi 10 kun davomida Davlatimiz rahbari tomonidan qator selektor yigʻilishlarining oʻtkazilishi va ularda eng asosiy masalalardan biri sifatida mamlakatimizda COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash masalalaring muhokama qilinishi bu boradagi vazifalar naqadar jiddiyligini bildiradi.

    Shu oʻrinda dunyoda koronavirusning tarqalishi bilan bogʻliq vaziyat toʻgʻrisida ham toʻxtalib oʻtish zarur. Zero, bu kutilmagan global muammo barcha mamlakatlarni sarosimaga solgani, undan davo imkoniyatlari haligacha yaratilmagani bois koʻplab davlatlar hamon oʻzlarini oʻnglab ololmayotgani bor gap. Ayrim mamlakatlarda koronavirus tarkalishining yana kuchayayotgani ham kuzatilmoqda. Bugungi kunga kelib dunyo boʻyicha ushbu kasallikdan zararlanganlar soni 15,5 mln. kishidan oshganini koʻrib turibmiz. Har kunlik oʻsish 275 mingdan ortiq kishini tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich 2020-yilning 1-aprelida 925 ming kishini tashkil etgan boʻlsa,may oyi boshiga ularning soni 3,3 mln. kishiga yetdi. Dunyo boʻyicha bugungi kungacha oʻsish 1-aprelga nisbatan 16 barobarni,may oyi boshiga nisbatan, yaʼni kupgina mamlakatlarda karantin choralari yumshatilishidan boshlab, 6 barobarni tashkil qilmoqda.

    Mutaxassislar, dunyoda bunday epidemiologik holatning kuchayishi aynan karantin choralarining yumshatilishi, yoki ayrim mamlakatlarda ularning bekor qilinishi va, ayniqsa, ushbu sharoitda koʻplab odamlarning sanitar-epidemiologik va ijtimoiy qoidalaga rioya qilmay qoʻygani sabab boʻlayotganini taʼkidlashmoqda. Qayd etilmoqdaki, koronavirus infeksiyasini birinchilardan boʻlib qarshi olgan va u bilan kurashgan Osiyo-Tinch okeani va Yevropa mintaqalarida joylashgankator davlatlarda joriy yil may oyining oʻrtalari va iyun oyidan boshlab karantin choralarining yengillashrilishi yoki umuman bekor qilinishi, shu bilan birga kafe, restoran va shunga oʻxshash koʻngilochar joylarning, jamoat transportining ishlashi, turizm faoliyati, ichki aviaqatnovlarga ruxsat berilishi ushbu infeksiyadan zararlanganlar sonining oshishiga olib keldi.Natijada, koʻrib turganimizdek, kator davlatlardakuchaytirilgan karantin choralarini qaytarish yoki uni qisman qoʻllash zarurati yuzaga keldi. Yevropaning ayrim mamlakatlarida (xususan Fransiya, Buyuk Britaniyada)aholi gavjum joylarda meditsina nikoblarini taqib yurish majbur qilib qoʻyildi.

    Mamlakatimizdagi epidemiologik holat toʻgʻrisida gapirsak, joriy yilning 16-may holatiga, yaʼni qatʼiy karantin choralari yengilashirilgan kunga qadar koronavirus infeksiasidan zararlanganlar soni 2738 kishini tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunga kelib kasallanganlar soni 19 mingga yetdi yoki 7 barobarga kupaydi. Kuzatuvlar koʻrsatmoqdaki, bunday vaziyat yuzaga kelishiga qatʼiy karantin choralarni yengillashtirilganidan keyin ayrim korxonalar va aholimiz orasida saqlanib qolingan karantin talablariga (gigiyena qoidalari, niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash va boshqa qoidalarga) rioya etmaslik asosiy sabablardan biri boʻldi, deyish mumkin.

    Shu bois, koronavirus infeksiyasining tarqalishini jilovlashda eng asosiy vazifalardan biri – tegishli karantin choralarining barcha tomonidan qatʼiy qoʻllanishidir. Yaʼni, ushbu kasallikning geometrik progressiyada oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, “kasallanish zanjirini uzish” uchun oʻzimizni ayrim hatti-harakatlardan tiyishimiz zarur. Buning oʻta muhimligi ming yillar oldin buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino tomonidan isbotlab berilganini hammamiz yaxshi bilamiz. Eslang, retro badiiy filmlarimizdan birida Ibn Sino boshqa bir buyuk ajdodimiz – Beruniy bilan uchrashganda aynan shu xaqda fikr yuritadi. “Bunday kasallikni yengish uchun nima qilish lozim?”, degan savolga javoban Ibn Sino: “avvalambor, qurquvni yengish, shuningdek, tozalikka va oʻz-oʻzini ijtimoiy himoyalashga qatʼiy rioya qilish, aholi gavjum joylarga bormaslik” kabi tavsiyalarni beradi. Ushbu talablar bugungi COVID-19 pademiyasi sharoitida ham hamon dolzarb ahamiyatga ega emas-mi?!

    — Haqiqatdan ham shunday. Afsus bilan aytish lozimki, joriy yilning iyun oyidan qatʼiy karantin talablarining yengillashtirilishi sharoitida kasallanishning oshishi bilan toʻqnash keldik. Shifoxonalarda joy yetishmasligi, tez tibbiy yordamning kechikishi toʻgʻrisida shikoyatlar soni ortdi. Shu toʻgʻrisida fikringizni aytib oʻtsangiz.

    Buning koʻp sabablari bor deb oʻylayman. Xabardorsiz, Prezidentimiz tomonidan Toshkent shahar hokimiga, hamda Sogʻliqni saqlash vaziriga yoʻl qoʻyilgan xatoliklar uchun hayfsan eʼlon qilindi. Umuman olganda, sogʻliqni saqlash tizimida ancha muammolar yigʻilib qolgan. Afsuski, bu sohaga koʻp yillar davomida yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan. Yaqinda, davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan ushbu sohani isloh qilishga kirishilgani, koʻp maummo va kamchiliklarni borligi koʻrsatmoqda. Ammo, bularni muammolarni bir lahzada yechib boʻlmaydi.

    Shu bilan birga, taʼkidlab oʻtmoqchimanki, dunyoda epidemiologik vaziyatning birdaniga keskinlashuvi sogʻliqni saqlash sohadagi muammolar nafaqat bizning mamlakatimizda, balki dunyoning rivojlangan davlatlarida ham dolzarb ekanligi koʻzga tashlandi. Hech bir mamlakatda koronavirus infeksiyasinining tarqalishi koʻlami va tabiatini oldindan aytib berishning imkoniyati yoʻq edi.

    — Yuqorida taʼkidlaganingizdek, COVID-19 bilan kasallanganlar sonining ortishiga karantin choralarining yumshatilishi sharoitida aholi orasida saqlab qolinishi shart qilib belgilangan ayrim gigiyenik va ijtimoiy talablarga qatʼiy rioya qilmaslik holatlari ham sabab boʻlgani haqida koʻp gapirilmoqda. Ushbu masalaga alohida toʻxtalib oʻtsangiz.

    Bunday koʻpsonli odamlar kasallanishi bilan bogʻliq vaziyatga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan barcha omillar yagona tizim doirasida, uzaro bogʻliq holda harakatlanishi maqsadga muvofiq, deb oʻylayman. Xususan, pandemik vaziyatni barqarorlashtirishning natijadorligi samarali boshqaruv tizimi, jumladan sogʻliqni saqlash sohasiningmustahkamligi, bemorlarni davolash uchun yaratilayotgan sharoitlar, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotidagi vaziyat bilan bir qatorda aholining tibbiy madaniyati, uning pandemiya sharoiti talab qiladigan qoidalarga toʻliq va qatʼiy rioya qilishiga ham jiddiy ravishda bogʻliq, desak toʻgʻri boʻladi.

    Shu maʼnoda aytish lozimki, may-iyun oylarida qatʼiy karantin choralarni anchagina yengillashtirilganligi, ayrim korxonalar va aholi orasida “boshqacha” qabul qilindi. Jamiyatda, garchi har kun ommaviy axborot vositalari, meditsina muassasalari va jamoat tashkilotlari tomonidan pandemiyaning ogʻir oqibatlari toʻgʻrisidagi ogohlantirishlar hamda karantinning saqlab qolingan ayrim muhim talablariga rioya qilish zarurligi haqidagi chaqiruvlarga qaramasdan, “karantin bekor boʻldi, endi oldingi hayot tarziga qaytamiz” degan tushuncha va hatti-harakatlar kuchaygani kuzatildi.

    Masalan, mamlakatda oʻrnatilgan karantin talablariga joylarda va poytaxtimizda bepisandlik bilan qarab, ularga rioya etmasdan 300-350 kishilik yoki bir xafta – 10 kun davomida 30 kishidan iborat toʻylar oʻtkazish, buning natijasida bir necha yuzlab kishilar koronavirus infekiyasini yuqtirgani toʻgʻrisida xabarlar koʻp tarqaldi.Bu esa, ushbu kasallikning vaksinasi va davo dorisi hali topilmagan sharoitda mamlakatimizda epidemiologik vaziyatning jiddiylashuvi sabablaridan biri boʻldi.

    Shunday sabablardan yana biri– umumiy ovqatlanish korxonalariga, yaʼni odamlar toʻplanishi mumkin boʻlgan tarmoqlarga karantin qoidalariga rioya qilgan holda faoliyatini tashkil qilishga ruxsat berilgandan keyin, ularning aksariyati ushbu qoidalarga rioya qilishmadi. Bu haqda ommaviy axborot vositalarida koʻplab axborotlar tarqalganidan xabardorsiz. Xususan, beligilanganidek 4 kishidan ortiq boʻlmagan holda mijozlarga xizmat koʻrsatish oʻrniga, umumiy ovqatlanish korxonalari 10 va undan ortiq kishilar ishtirokida tugʻilgan kun va ziyofatlar oʻtkazilishiga yoʻl qoʻygan koʻplab kuzatildi.

    Qolaversa, jamoat transportlarida oʻrnatilgan karantin qoidalariga rioya etmaslikham (xususan, avtoulov salonlarida yoʻlovchilar sonining koʻp boʻlishiga yoʻl qoʻyish) ushbu kasallik bilan zararlanganlar soni ortishiga yana bir sabab boʻldi, deyish mumkin.

    Bundan tashqari, dehqon va kiyim-kechak bozorlarida belgilangan karantin qoidalarining buzilishi, issigʻi boʻla turib bozor hududiga savdogar va xaridorlar kirishiga ruxsat berilishi, bozorlar hududida niqobsiz yoki nomigagina niqob taqib yurishholatlarining bozor maʼmuriyatlari tomonidan yetarli darajada nazorat qilinmaganligi ham salbiy oqibatlarga – aholi orasida koronavirusdan zararlanish holatlarining ortishiga taʼsir qildi.

    Yana bir tashvishli holat haqida toʻxtalib oʻtmoqchiman. Kuzatishlar shuni koʻrsatmoqdaki, ayrim kishilar meditsina niqoblarini oʻz sogʻligʻini oʻylab emas, balki “talab etilayotgani uchun”ginataqishayotganlari koʻzga tashlanmoqda. Niqoblarni bir necha kunlab, almashtirmasdan taqib yurishni odat qilganlar ham yoʻq emas. Bu antisanitariya holatining yomonlashuviga sabab boʻlishi mumkinligini mutaxassislar tasdiqlashmoqda. Bugunki kunda niqoblarni aptekalardan sotib olish ancha bemalol boʻlib qolganini, qolaversa, bir parcha matodan uy sharoitida ham shunday niqoblarning bir nechtasini tikib olish, uni yuvib, dazmollab ishlatish mukinligini inobatga olib, bu boradagi tushuntirish ishlarini kuchaytirish lozim deb uylayman.

    — Agar biz infeksiya aholi orasida koʻp tarqalib ketganligi sababli oʻrnatilgan cheklovlarni, koʻpchilik ekspertlar tomonidan maslahat berilayotgani bois bekor qilsak, bu kasallikdan zararlinishning har kunlik soni bir necha barobarga oshishi mumkin. Bunday vaziyatni oʻnglashga biz tayyormizmi? Hammaga malakali tibbiy yordam koʻrsata olamizmi? Bemorlarimizni ogʻir ahvoldan qutqara olamizmi?

    Ushbu masalaga jiddiy qaralayotgani bois ham karantin talablari amal qilishini yana uzaytirish choralari belgilanmoqda. Shuni ham taʼkidlash lozimki, shifokorlarimizni, sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarini qancha tanqid qilmaylik, bugungi kunga kelib epidemologik holat oʻnglanmoqda. Tez tibbiy yordam foaliyati normallashtirilmoqda, kasallanganlar uchun qoʻshimcha joylar yaratilmoqda, yaqinda mamlakatimizga Germaniya va Tursiyadan taniqli mutaxasislar taklif qilindi. Shu bilan birga esdan chiqarmaslik kerakki, bunday pandemik vaziyat bilan mamlakatimiz birinchi marta toʻqnash kelmoqda. Biz jarayon davomida bilimlarimizni oshirib, kamchiliklarimizni toʻgʻrilab bormoqdamiz, taslim boʻlmayapmiz.

    Shunday ekan, hissiyotlarga berilmay, shunchaki tanqid qiluvchilarga chalgʻmay, koʻrilayotgan chora-tadbirlarini teran baholab, har birimiz biror foydali ish qilishimiz mumkinligi haqida oʻylashimiz lozim, deb oʻylayman. Hozir eng muhimi toʻgʻri yoʻlda harakat qilayotganligimizni, bu yoʻl murakkab ekanligiga qaramasdan boshqa tanlov imkoni yoʻq ekanligini anglab yetishdir.

    Bundan tashqari, kiritilgan cheklovlar yetarli darajada yengil xarakterga ega hisoblanadi. Ularni aprel oyida amal qiolgan cheklovlar bilan taqqoslab boʻlmaydi. Karantin choralari asosan xizmat koʻrsatish va umumiy ovqatlanish sohalariga tegishli boʻlib, ular odamlar koʻp toʻplanadigan tarmoqlar hisoblanadi. Iqtisodiyot tarmoqlari keng koʻlamda toʻxtatilgani yoʻq va boʻlmasligi aniq. Iqtisodiy faollikning keskin pasayishini kutish kerak emas. Aksincha, faoliyati toʻxtab qolgan korxonalarning 70%ni shu yilning sentabr oyida, yil oxirigacha esa qolgan barchasining faoliyatini tiklash rejalashtirilmoqda.

    Shu oʻrinda yana bir muhim masalagi toʻxtalib oʻtmoqchiman. Xodimlarning masofaviy mehnat shakliga oʻtishi ularning xaq toʻlanmaydigan mehnat taʼtiliga chiqishini anglatmaydi. Ish beruvchilar esa xodimlarga ish haqi toʻlash boʻyicha majburiyatini saqlab qoladi. “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish Respublika markazining maʼlumotlariga koʻra, hatto qatʼiy karantin paytida ham soʻrovlarda qatnashgan fuqorolarning katta qismi (72%) oʻz ish joylari va daromad manbalarini saqlab qolishganini tasdqlashgan. Faqatgina 17,3% respondentlar karantin vaqtida navbatdagi mehnat taʼtiliga chiqishganini aytishgan.

    Epidemiologik vaziyatning yaqin kelgusida barqarorlashuvi karantin cheklovlarini yengillashtirishga imkon beradi. Vaziyatning barqarorlashuvidan kelib chiqib, cheklovlar taʼsir qilgan korxonalar faoliyati tiklanishi uchun yordam koʻrsatilishi nazarda tutilmoqda.

    Hokimlarga iqtisodiy faollikni ragʻbatlantirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha aniq va tushunarli topshiriqlar berilgan.

    Shu bilan birga, aholining salomatligini hximoya qilish va uning iqtisodiy farovonligini taʼminlash oʻrtasida samarali muvozanatni shakllantirish davlatimizning asosiy maqsadi boʻlib qolmoqda.

    — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida oʻtkazilgan oxirgi selektr yigʻilishlaridan keyin joylarda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi va umuman karantin choralari kuchaytirilgan bugunki kunlarda amalga oshirilayotgan ishlar borasida aniq faktlarga ham toʻxtalib oʻtsangiz.

    Maʼlumki, epidemiologik muammolarni bartaraf etish aholining xabardorlik darajasini muntazam va talab darajasida oshirib borishni ham talab etadi. Shu bois, joylarda aholining koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishining oldini olish, uning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik, bemorlarni davolash bilan bogʻliq koʻplab savollarga javob berish hamda epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan mamlakatimiz tuman va shaharlari 4 ta sektorlari negizida tunu-kun– 24 soat ishlaydigan Shtablar tuzildi hamda ularning koll-sentrlari telefon raqamlari eʼlon qilindi, viloyat hokimlarining oʻz hududlaridagi epidemologik vaziyat, koronavirusga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida brifinglari tashkil etilmoqda.

    Axborotlarga koʻra, kuni-kecha, 24-iyun kuniXitoydan 1300 ta kislorod konsentratori, 20 ta PZR sinov apparati hamda virusga qarshi dorilar olib kelindi hamda ularni Sogʻliqni saqlash vazirligiga tegishli tartibda ishlatish uchun topshirildi. Yaqin kunlarda yana shunday tibbiyot uskunalari va dori-darmonlar olib kelinishi rejalashtirilmoqda.

    Oxirgi kunlarda koronavirus bilan kasallanganlarni qabul qilish va davolash uchun qoʻshimcha 46,5 mingta oʻrin-joytayyorlandi.Shuningdek, selektr yigʻilishida yana 31 mingta oʻrin tashkil etilishi, 397 ta tez tibbiy yordam mashinasi xarid qilingani, bir oy muddatda yana 409 tashunday mashinalar joylarga yetkazilishini hamda tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va kollejlari professor-oʻqituvchilari, ilmiy xodimlar va nafaqaga chiqqan tibbiyot xodimlari orasidan jami 5 mingtashifokor hamda 9 mingta hamshira bemorlarni davolash va maslahat berishga jalb etilganligi taʼkidlab oʻtildi.

    Shu bilan birga, koronavirus infeksiyasi bilan kurashayotgan tibbiyot xodimlaring ish haqlarini joyida hamda har kun berish tashkil etilmoqda.

    Bundan tashqari, COVID-19 pandemiyasi davrida dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasini tartibga solishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan chetdan olib kiriladigan tegishli tibbiyot texnikalari va dori-darmonlarni sertifikatlash soddalashtirildi. Shuningdek, joylardagi aptekalarda sotilayotgan dori-darmonlar narx-navosi noqonuniy oshirilishining olidini olish borasida tegishli tartibda nazorat ishlari kuchaytirilmoqda. Ushbu tadbirlar haqida telekanallar orqali axborotlar berib borilmoqda.

    Shuni xam taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda karantin eʼlon qilingandan buyon 20 dan ortiq qaror va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ushbu hujjatlarda pandemiya sharoitida mamlakatimiz aholisi salomatligini saqlash, dori-darmonlar bilan taʼminlash, iqtisodiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlarga qulay shart-sharoit va imtiyozlar yaratish kabi masalalar oʻz aksini topgan.

    Karantin davrida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatning yanabir jihatiga eʼtibor berishimiz lozimki, Respublika komissiyasining qarori bilan 20 kunlik karantinda 120 ming ijtimoiy muhofazaga muxtoj oilani bepul oziq-ovqat, dori-darmon va birlamchi maxsulotlar bilan taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Maqsadli taqsimlash va moliyaviy yordam koʻrsatish uchun homiylik, xayriyani muvofiqlashtirish va koʻngillilar markazlari tashkil etilmoqda.

    Birinchi navbatda, yolgʻiz va keksalar, kam taʼminlangan, koʻp bolali oilalar, ogʻir kasallar, ikki yoki undan ortiq bolani tarbiyalayotgan beva ayollar, ota-onalari nogironlar va yetimlarni tarbiyalayotgan oilalar hamdapandemiya sababli vaqtincha daromaddan mahrum boʻlgan oilalargayordam koʻrsatish belgilandi.

    Mamlakatimizda pandemiya sharoitida ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalarga yordam berishni tashkil etish maqsadida Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Saxovat va koʻmak” umummilliy harakati tuzilganidan xabaringiz bor. Qisqa vaqt mobaynida ushbu tashkilottomonidan qoʻllab-quvvatlashga muhtoj 583 ming oilalarga 307 mlrd. soʻmlik yordam koʻrsatildi va bunday koʻmak hajmi ortib bormoqda. Ushbu savobli ishga oʻz hissasini qoʻshayotganlar kam emas.

    Umuman olganda, pandemiya boshlangandanberiqiyin ahvolga tushgan 3,8 mln. fuqarolarimizga turli yordam koʻrsatilgan. Yordamning eng katta qismi – 92 foizi toʻgʻridan-toʻgʻri yoki vaucherlar shaklida berilgan va yordamning juda katta ulushi aynan ijtimoiy zaif uy xoʻjaliklariga yoʻnaltirilgan.

    Taʼkidlash lozimki, keltirilayotgan raqamlar oddiy raqamlar emas. Bularning ortida murakkab vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizning taqdiri yotibdi.

    — Maʼlumki, bemorning tuzalishi va oyoqqa turishida uning shifokorga boʻlgan ishonchi muhim ahamiyatga ega, ayniqsa epidemiologik vaziyat murakkb boʻlib turgan vaqtlarda. Shu xususda ham fikrlashsak.

    Buning zamirida shifokorlar va hamshiralarning mashaqqatli mehnati yotadi, menimcha. Shu bois, bugungi murakkab epidemiologik sharoitda bemorlar hayoti uchun tunu-kun kurashayotgan barcha meditsina xodimlarini, ayniqsa, kasalxonalarning “qizil zonasida” hamda tez yordam tizimida ishlayotgan shifokor va hamshiralarni, shubhasiz,qahramon deyish lozim. Bu haqda davlatimiz Rahbari selektr yigʻilishlarida koʻp bora eʼtirof etgan. Yaqinda Prezidentimiz tomonidan bir guruh meditsina xodimlarining yuqori davlat mukofotlari bilan taqdirlanganligi ham buning isbotidir.

    Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, mahalliy xokimliklar, shuningdek, boshqa mutasaddi davlat idoralari va jamoat tashkilotlari vakillari oʻz hududlarida karantin talablarining soʻzsiz amal qilinishini taʼminlash va aholini COVID-19dan himoyalanishi borasida xabardorligini oshirish yoʻnalishida “bir yoqadan bosh chiqarib” ishni tashkil etsalar, shu asosda joylarda kasallanish holatlarining kamayishiga erishish mumkin boʻlar edi hamda meditsina xodimlarining mashaqqatli faoliyati qoʻllab-quvvatlangan boʻlar edi. Bu esa oʻz navbatida sogʻliqni saqlash tizimiga qoʻshimcha yuklamaning kamayishiga sharoit yaratishi mumkin.

    Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, qatʼiy karantin choralarining qayta joriy etilishi kasallik yuqtirilishi holatlarini jiddiy kamaytirish, yaʼni uning “zanjirini uzish” orqali koronavirus infeksiyasidan zaralangan, ogʻir ahvoldagi beʼmorlarga eʼtiborni kuchaytirib, oʻlim holatlarini keskin kamaytirish imkonini beradi.

    Shu bois barchamiz karantin talablari, sanitar-gigiyenik hamda ijtimoiy qoidalarga qatʼiy rioya qilishimiz, shifokorlar maslahatlariga amal qilib, ushbu koʻrinmas yovni birgalikda yenga olishimizga ishonishimiz lozim.