Alisher Navoiy nafaqat buyuk shoir, balki odil va dono davlat arbobi sifatida tarixda o‘z o‘rniga ega. Uning shaxsiyati, davlat boshqaruvi va ijodiy merosi o‘rtasidagi bog‘liqlik bugungi kunda ham tadqiqotchilar uchun qiziqish uyg‘otadi. Shu munosabat bilan biz Navoiyshunos Orzigul Hamroyeva bilan suhbatlashdik va quyidagi muhim jihatlarni o‘rganishga harakat qildik.
1. Alisher Navoiyning davlat boshqaruvida og‘zaki hisobot amaliyotini joriy etgani qay darajada tarixiy manbalar bilan tasdiqlangan va bu usul o‘sha davr uchun qanchalik noyob edi?
– Alisher Navoiy shaxsiyati haqida gapirganda, nafaqat shoir, balki kuchli davlat arbobi, siyosatchi bo‘lganini ta’kidlash lozim. Buni uning asarlari va Navoiy shaxsiyatini yorituvchi manbalar tasdiqlaydi. Masalan, “Vaqfiya” asari shoirning qurdirgan inshootlari, madrasa, masjid va xonaqohlari, shuningdek, suv ta’minoti uchun ajratilgan mablag‘lar haqida muhim ma’lumot beradi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu asar Navoiyning amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari va xarajatlari bo‘yicha ochiq yozma hisobotdir.
Og‘zaki hisobot amaliyoti Navoiy davrida ham shoh saroylarida mavjud bo‘lgan, faqat rasmiy nomi hisobot emas edi. Amir Temur saltanatidagi vazirlar, qo‘mondonlar va soliq boshliqlaridan ishlar, mavjud kamchiliklar va aholi holati haqida muntazam ma’lumot olingan. Navoiy odil boshqaruvchi sifatida ana shu jarayonni takomil yetkazgan va turli mansab vakillaridan muntazam hisobotlar qabul qilgan. Bu faoliyat “Vaqfiya”, “Tazkirat ush-shuaro”, “Badoye’ ul-vaqoye’”, “Xulosat ul-axbor”, “Makorim ul-axloq” kabi asarlarda batafsil yoritilgan.
2. Navoiyning suv ta’minoti va yo‘lsozlik ishlarida shaxsan ishtirok etgani uning davlat arbobi sifatidagi qiyofasini qanday yangi jihatlar bilan boyitadi?
– Navoiy odil rahbar, aqlli siyosatchi va saxiy tadbirkor edi. U faqat adolat tarafdori va xalq himoyachisi bo‘lgan. Xususan, Xayrobod mavzesida boshlagan to‘g‘on qurilishida shaxsan ishtirok etgani uning davlat ishlariga yaqinligini ko‘rsatadi. Afsuski, ig‘vogarlar tufayli Navoiy bu qurilishdan chetlatilgan, ammo faoliyat uning o‘z tashabbusi va xayriyasi evaziga amalga oshirilgan.
Temuriy hukmdor Zahiriddin Muhammad Bobur ham Navoiyning yo‘lsozlik, suv ta’minoti va bunyodkorlik faoliyatini yuqori baholaydi: “fuqaro va darveshlarning farovonligi uchun harakat qilib, muncha binoyi xayr qilgan”. Shu bilan Navoiy odil boshqaruvchi sifatida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga katta e’tibor bergani ayon bo‘ladi. Natijada hududlar suv bilan ta’minlangan, ekin maydonlari kengaygan va xalq farovonligi oshgan.
3. Davlat ishlari bilan band bo‘lgan holda Navoiyning ijodiy jarayoni “jonli” tarzda kechgani uning she’riyati mazmuni va uslubiga qanday ta’sir ko‘rsatgan?
– Ijodiy jarayon bilan davlat arbobi faoliyatini bir vaqtda olib borish qiyin bo‘lgan. Navoiy ruhiy azoblarni boshdan kechirgan, hatto erkin ijod uchun Husayn Boyqarodan ozodlik so‘ragan. Ammo uning yuksak salohiyati urushlarning oldini olish, shaxzodalarni yarashtirish va xalq-hokimiyat munosabatlarini tartibga solishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.
Natijada, shoirning Husayn Boyqaro siymosidagi odil shoh haqidagi qarashlari “Saddi Iskandariy”, “Sab’ai sayyor”, “Hayrat ul-abror”, “Mahbub ul-qulub” kabi asarlarga aks etgan va uning ijodida ijtimoiy masalalarga chuqur e’tibor berilishiga sabab bo‘lgan.
4. Navoiyning turli taxalluslarni turli auditoriya uchun ongli ravishda tanlashi adabiy strategiya sifatida qanday ahamiyatga ega?
– Navoiy Forsiy tildagi asarlariga Foniy, turkiy tildagi asarlariga Navoiy taxallusini qo‘ygan. Bu uning ikki tilda ham mohirona ijod qilgan betakror shoir ekanligini ko‘rsatadi. U saroy tili darajasidagi fors tilidan foydalanib, turkiy tilda ham yuqori badiiy darajadagi asarlar yaratgan.
5. Navoiy joriy etgan kitoblarni vaqtincha bepul foydalanish tizimini bugungi kutubxona madaniyati bilan qiyoslash mumkinmi?
– Albatta. Bugungi kunda kitoblardan bepul foydalanish tizimi yoshlarni kitobga qiziqtirishda muhim ahamiyatga ega. Navoiyning asarlari orqali kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va bilimga bo‘lgan qiziqishni oshirish mumkin.
6. Ayrim manbalarda Navoiyning shaxsiy mulklarini jamoat manfaati uchun berishga qarshi bo‘lmagani qaysi axloqiy tamoyillar bilan izohlanadi?
– Navoiy ko‘zi to‘q rahbar edi. U o‘z merosini, podshoh tomonidan berilgan yer-suvlarni mamlakat obodonchiligi va xalq farovonligi yo‘lida sarflagan. Bobur yozganidek, Navoiy “mirzog‘a kulliy mablag‘lar peshkash qilur edi”. Bu uning odil boshqaruvchi va xayriya ruhiyatini tasdiqlaydi.
7. Navoiyni faqat shoir emas, balki menejer va jamoat islohotchisi sifatida o‘rganish navoiyshunoslikka qanday yangi yo‘nalishlar ochadi?
– Bugungi navoiyshunoslik nafaqat shoirning adabiy merosini, balki uning davlat rahbari va jamoat islohotchisi sifatidagi faoliyatini ham o‘rganmoqda. Bu Navoiy asarlarini to‘g‘ri anglash va uning shaxsiyati bilan bir butun sifatida ko‘rish imkonini beradi.
8. Navoiyning davlat boshqaruvi va ijod o‘rtasidagi muvozanati bugungi ziyoli va rahbarlar uchun qanday amaliy saboqlar beradi?
– Navoiyning ijod va boshqaruvdagi mukammal muvozanati uning umumbashariyligini ta’minlagan. U ko‘zi to‘q, adolatli va tizimli boshqaruv orqali o‘z davrida yuqori mansab egalaridan ham ustun turgan. Bugungi rahbarlar uchun bu mas’uliyat, odillik va xalq farovonligini birinchi o‘ringa qo‘yish saboqlarini beradi.
Alisher Navoiy shoir va davlat arbobi sifatida o‘zining noyob qiyofasini yaratgan, ijodiy merosi esa nafaqat o‘tmish, balki bugungi kun va kelajak avlod uchun ham ibrat manbai hisoblanadi.
Zulxumor Akbarova