Yer maydonini 1,3 mln dollarga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi

    Hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirlar davomida yer resurslarini talon-toroj qilish bilan bogʻliq holatlarga chek qoʻyildi.

    2024-yil 26-yanvar kuni IIV Tezkor-qidiruv departamenti jinoyat qidiruv xizmati Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda Toshkent shahri Yashnobod tumanida tezkor tadbir oʻtkazildi.

    MCHJning 1977-yili tugʻilgan taʼsischisi, 1978-yili tugʻilgan shaxsga Toshkent viloyati, Oʻrtachirchiq tumanidagi MCHJga ajratilgan 6,7 gektar yer maydonini jami 1.340.000 AQSH dollariga va u yerga tutash boʻlgan tuman hokimligi zaxirasidagi 2 gektar yer maydonini 10.000 AQSH dollari evaziga 10-yil muddatga foydalanish uchun Kadastr boʻlimida ishlovchi tanishlari orqali hujjatlarini rasmiylashtirib berishni vaʼda qiladi.

    Hamkorlikdagi tezkor tadbirda gumonlanuvchi Yashnobod tumani Botkina koʻchasidagi kafeda boʻnak (avans) tariqasida 50.000 AQSH dollari miqdordagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

    Shuningdek, 1995 va 1998-yilda tugʻilgan ayol va erkak 1998-yilda Buxoro shahrida tugʻilgan shaxsga Navoiy viloyati Nurota tumani Yangihayot massivida joylashgan tuman hokimligi tomonidan 10-yillik ijara shartnomasi asosida foydalanishga berilgan yer maydonidan 25 gektarini Davlat kadastrlar palatasi Gʻijduvon tumani filiali yer hisobotini yuritish boʻlimi boshligʻi orqali nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.

    8-fevral kuni oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida yuqorida qayd etilgan shaxslar 20.000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

    Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.