Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchqoʻrgʻon tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “I.K.” fermer xoʻjaligini norasmiy boshqarib kelgan I.I. xoʻjalikning issiqxona hamda qishloq xoʻjaligi uchun ajratilgan 70 sotix yer maydonini fuqaro O.N.ga chorvachilik yoʻnalishida foydalanish uchun 70 000 AQSH dollariga sotishga kelishib, tanishlari yordamida hujjatlarni rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib, oldindan 10 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar Q.R. va M.B. Baliqchi tumanidagi boshqa fuqarolarga issiqxona qurish uchun ajratilgan 24 sotix yer maydonini fuqaro X.A.ga firibgarlik yoʻli bilan 45 000 AQSH dollariga sotishga kelishib,  goʻyoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali hujjatlarini rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib, oldindan 10 000 AQSH dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Samarqand tuman boʻlimi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro F.A. fuqaro U.Q.ga Oqdaryo tumani “Taraqqiyot” MFY hududidagi 1 gektar zaxiradagi sugʻoriladigan yer maydonini issiqxona qurish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib olib berish evaziga 40 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, Kogon tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi shoʻba boshligʻi O.Q. va “N.» MFY boʻyicha tuman hokimi yordamchisi B.T. fuqaro A.X.ga goʻyoki vakolatli tanishlari yordamida “Oʻ.» MFY hududidagi hokimlik zaxirasidagi 40 gektar yer maydonini 10 000 AQSH dollari evaziga “auksion” savdolari orqali olib berishlarini aytib, oldindan 5 000 AQSH dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.