“Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tizimida kuz-qishga tayyorgarlik ishlari belgilangan reja grafik asosida, tizimli ravishda amalga oshirildi. Joriy yilda 106 km dan ortiq yangi magistral gaz quvurlari qurildi. Jumladan, “Fargʻona-Rishton” hamda “Buxoro-Ural” magistral gaz quvurlari boʻylab 39 km hamda 22 km uzunlikda yangi tarmoqlar qurildi.

“Yangiyer-Ohangaron” yoʻnalishida 32 km.ga yaqin quvur tortildi. “Shoʻrtan-Sirdaryo” magistral gaz quvuri bilan “Shirin” GTSga bogʻlovchi 4,7 km, “Yangi Andijon” gaz taqsimlash stansiyasiga keltiruvchi 2,2 km gaz quvuri qurilgani ham shular jumlasidan.

Gaz transport tizimining ishonchli va xavfsiz ishlashini taʼminlash maqsadida magistral gaz quvurlarida diagnostika ishlari bajarildi. Mana shu tadbirlar natijasida aniqlangan 54 km nuqsonli qismlar almashtirildi. Taʼmirlangan uchastkalarda ishchi bosim koʻrsatkichlari 1,5 barobarga oshirildi.

Magistral gaz quvurlaridagi 5,5 mingga yaqin berkitish moslamasi taftish qilindi. Nuqsonli moslamalar almashtirildi. Quvurlarning yer ustidan havolab oʻtgan 400 taga yaqin tayanchi, avtomobil va temir yoʻllar bilan kesishgan qariyb 600 ta qismi tekshirib taʼmirlandi.

Tizimda mavjud 427 ta gaz taqsimlash va oʻlchash stansiyasidagi 2100 taga yaqin bosim roslovchi moslama, tozalash filtrlari, va isitish qurilmalari tekshiruvdan oʻtkazib, nuqsonlilari almashtirildi. 250 dan ortiq berkitish moslamasi taʼmirlandi.  Andijonda ulgurji isteʼmolchilar uchun yangi “Asaka-2” gaz taqsimlash stansiyasi ishga tushirildi.

Joriy yildagi muhim tadbirlardan yana biri “Xiva-Beyneu” magistral gaz quvurining 307-kilometrida, “Qoraqalpogʻiston” gaz oʻlchash stansiyasining qurilgani boʻldi. Mazkur stansiya joriy yil 7-oktyabr kuni Oʻzbekiston, Rossiya va Qozogʻiston Prezidentlari ishtirokida Rossiya gazini Qozogʻiston orqali import qilishning boshlanishiga bagʻishlangan tantanali tadbirda foydalanishga topshirildi. Inshoot ayni kunlarda shimoldan import qilinayotgan tabiiy gazni oʻlchash va sifatini tekshirishga xizmat qilmoqda.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida jamiyat tizimidagi gazni yer ostida saqlash inshootlariga qariyb 3,5 mlrd. m3 tabiiy gaz jamlash rejalashtirilgan edi. 6-noyabr holatiga koʻra, inshootlarga 3 mlrd 445 mln kub metrdan ortiq tabiiy gaz jamlandi. “Xoʻjaobod” gazni yer ostida saqlash inshootida aktiv gaz saqlash hajmini oshirishga oid loyiha doirasida 5 ta quduq burgʻilandi.

Magistral gaz quvurlarining elektr kimyoviy himoyalovchi vositalarini kuz-qishga tayyorlash jarayonida 807 ta katodli himoya stansiyasi, 258 ta transformator jamlanmasi, qariyb 960 km havo liniyasi, 60 ta chiziqli ajratgich va 1068 ta nazorat oʻlchov ustuni joriy taʼmirlandi.