Kelgusi yili viloyatdagi barcha paxta maydonlarida Shinjon-Uygʻur tajribasi asosida paxtani koʻchatlab ekish texnologiyasi joriy qilinadi, zamonaviy urugʻchilik korxonasi tashkil etiladi.

Shuningdek, 15 ta tumanda 500 gektardan yerda bogʻlar tashkil qilinib, 50 sotixdan 30 ming aholiga boʻlib beriladi, viloyatdagi 8 ming gektar samarasiz bogʻlar yangilanadi.

Fargʻona tumanida sanoat usulida Italiya va Polshaning serhosil malina navlari ekiladi. Qoʻshtepa va Yozyovonda 1 ming gektardan yuqori hosildor bodom, shaftoli, gilos va olxoʻri bogʻlari tashkil qilinadi.

Viloyatdagi yirik bogʻbonlarning yerida 50-100 tonnalik muzlatkichli ombor tashkil qilish taklifi qoʻllab-quvvatlandi. Buni hisobiga ularni eksport salohiyati 2 karra oshadi, yoʻqotishlar 25 foizga qisqaradi, 4 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston, Rishton, Beshariq, Bogʻdod tumanlarida joriy yilda har biri 10 ming tonnalik saqlash, saralash va qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish topshirildi.

Viloyat bogʻbon-tadbirkorlarining meva-sabzavotni saqlash, saralash va qayta ishlash loyihalariga xorijiy valyutada olingan kreditlarning 6 foizgacha qismi qoplab beriladi.

Shuningdek, Quvasoydagi 12 ming gektar yeri boʻlgan 616 ta fermerning ogʻirini yengil qilish uchun yer soligʻi yarmiga kamaytirilsa, adolatdan boʻlishi taʼkidlandi.