Majlisda Armaniston Respublikasi Bosh vaziri N.Pashinyan, Belarus Respublikasi Bosh vaziri R.Golovchenko, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri O.Bektenov, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi M.Mishustin, Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi A.Japarov, video murojaat orqali Kuba Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari I.Chapman hamda faxriy mehmon sifatida Eron Islom Respublikasi Birinchi vitse-prezidenti M.Oref ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻz nutqida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar oʻzining yuksak samaralarini berayotganini alohida taʼkidladi.
Oʻzbekiston YOII bilan kuzatuvchi davlat maqomida oʻzaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga katta ahamiyat berishi, Ittifoqning barcha davlatlari bilan savdo aloqalarini chuqurlashtirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Xususan, soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasida yuk tashish va turistik sayohatlar hajmi sezilarli darajada oshdi, muntazam qatnovlar ikki baravar koʻpaydi, oʻzaro tovar ayirboshlash jadal oshib bormoqda.
Oʻzbekistonning YEOII mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi joriy yilning 8 oyida 12 foizga oʻsib, 11,4 milliard dollarni tashkil etdi.
Hududlararo sheriklik aloqalari muvaffaqiyatli rivojlanmoqda, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish boʻyicha yirik loyihalar ishlab chiqilmoqda, yangi qoʻshma korxonalar tashkil etilmoqda.
Oʻzbekistonda YEOII davlatlarining kapitali ishtirokidagi kompaniyalarning umumiy soni 4,5 mingtaga yetdi.
Umuman, ittifoq mamlakatlari bilan investitsiya, energetika, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi va logistika, toʻqimachilik kabi sohalarda istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani bildirildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy Kengashining soʻnggi yigʻilishida ilgari surilgan tashabbuslarga muvofiq, oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishilayotgani alohida qayd etildi.
Yigʻilish soʻnggida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining 2024-2026-yillarga moʻljallangan qoʻshma tadbirlari rejasi imzolandi.
Raqamli texnologiyalar va Transport