Bu borada ilm-fan va ilgʻor texnologiyalar yutuqlarini barcha sohalarga tatbiq etish, tarmoqlarni raqamlashtirish, elektron hukumat tizimini joriy etish muhim vazifadir. Sir emas, bugungi kunda bu yoʻnalishda dunyoning qator davlatlari salmoqli yutuqlarga erishmoqda. Buni “aqlli shahar”, “kelajak shahri”, “XXI asr moʻjizasi” degan taʼrifga sazovor boʻlgan mamlakatlar misolida yaqqol koʻrib turibmiz.
Oʻzbekistonda ham barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida taraqqiyotga poydevor boʻladigan ana shunday muhim vazifalar ijrosiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada dastavval “Elektron hukumat” tizimini tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy asoslar shakllantirildi va uzluksiz takomillashtirilyapti. Qolaversa, koʻplab soha va tarmoqlarni raqamlashtirish boʻyicha muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida Oʻzbekistonning bir qator reytinglardagi koʻrsatkichi tobora yaxshilanmoqda.
Bu jabhadagi ishlarni yanada takomillashtirish, elektron hukumatni joriy etish Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham ustuvor maqsad etib belgilangan. Xususan, Taraqqiyot strategiyasi birinchi yoʻnalishining 9-maqsadi aynan “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 100 foizga yetkazish hamda byurokratiyani bartaraf etishga yoʻnaltirilgan. Ayni paytda bu yoʻnalishda barcha soha va tarmoqlarda izchil ishlar boshlangan.
Prezidentimizning 2020-yil 28-apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarishda muhim dasturulamal boʻlmoqda. Mazkur qarorda bizning markazimizning faoliyat yoʻnalishlari ham aniq belgilab berildi.
Raqamli rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlari
Birinchidan, elektron hukumatni rivojlantirishda yagona texnologik yondashuvni taʼminlash. Yaʼni elektron hukumat axborot tizimlari oʻzaro hamkorlikda ishlashi uchun ularni yagona texnologik yondashuv asosida joriy qilish kerak.
Bu borada markazimiz har bir axborot tizimi ishlab chiqilishidan oldin texnik hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazib, oʻzaro integratsiyasi, bir xil markaziy maʼlumotlardan, yagona identifikatsiya tizimlaridan foydalanish, ular orqali elektron davlat xizmatlarini koʻrsatishga eʼtibor qaratmoqda.
Ikkinchidan, davlat organlari va tashkilotlarida raqamli rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish.
Markazimiz har bir davlat organi va tashkilotida raqamli rivojlanish darajasini reyting asosida baholab boradi va yaxshi — “yashil”, oʻrta — “sariq”, yomon — “qizil” roʻyxatlarga ajratadi. Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlarini “yashil” roʻyxatga oʻtkazish maqsadida ustuvor yoʻnalishlar aks etgan tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Solishtirish uchun: 2021-yil boshida 21 ta davlat organi va tashkiloti “yashil” roʻyxatda boʻlgan, bugungi kunga kelib ular soni 66 taga yetdi, yaʼni 3 barobar oshdi. Lekin shu bilan birga, hali 29 ta davlat organi va tashkiloti “sariq” va “qizil” roʻyxatlarda turibdi.
Uchinchidan, elektron hukumat sohasidagi loyihalar va dasturlarni amalga oshirish bosqichlarini muvofiqlashtirish.
Amalga oshiriladigan elektron hukumat sohasidagi loyiha va dasturlar har bir davlat organi va tashkiloti raqamli rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqib belgilangan. Ularni amalga oshirish bosqichlari muntazam nazorat qilib boriladi va muvofiqlashtiriladi. Bu borada “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida 2 mingdan ortiq loyiha doimiy nazoratimizda.
Shuningdek, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi aholiga elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirib, ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish borasida ham muhim ishlarni bajarmoqda. Jumladan, my.gov.uz (Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali) hamda “Litsenziya” axborot tizimi orqali 330 ga yaqin turdagi xizmatni onlayn shaklda koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan (oʻtgan yilning shu davriga nisbatan oʻsish koʻrsatkichi — 142 foiz). Yil yakuniga qadar yana 60 ta elektron davlat xizmati joriy qilinadi va barchasining toʻlov jarayoni Yagona billing tizimiga ulanadi.
Bugungi kunda mazkur portalda roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilar soni 1 million 600 mingdan oshgan. Ularning portal xizmatlaridan foydalanishi yil boshidan buyon jami 4 milliondan ortgan (oʻtgan yilga nisbatan 204 foiz oʻsgan). Natijada aholining 18 milliard soʻmdan ortiq mablagʻi iqtisod qilinishiga erishildi. Endi 34 turdagi maʼlumotnoma va hujjatlarni elektron hamkorlik orqali olish yoʻlga qoʻyilgani hisobiga aholining oyiga oʻrtacha 1,3 milliard soʻm (bir yilda 16,8 milliard soʻm) mablagʻi tejalishi kutilmoqda. Yagona portalning mobil ilovasida esa, aholi va yuridik shaxslarga 111 turdagi elektron davlat xizmati taqdim etilmoqda.
Eʼtiborli jihati: elektron hukumat tizimini takomillashtirish, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarining mahalliy bozorini yanada rivojlantirish maqsadida barcha hududlarda IT-parklar tashkil etish, sohani malakali kadrlar bilan taʼminlashni koʻzda tutuvchi loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, aynan “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarini raqamlashtirish boʻyicha jami 444 ta loyiha ijrosi belgilangan. Hozirgi kunda ushbu loyihalarning 290 tasi bajarildi, 154 ta loyiha boʻyicha ish davom etyapti.
Hududlar va 29 ta namunaviy tumanni raqamlashtirish boʻyicha 2022-yil yakuniga qadar 1644 ta loyihani amalga oshirish topshirilgan boʻlsa, shu kunga qadar ulardan 1416 tasi tatbiq etildi va 228 tasi bajarilmoqda.
Davlat xizmatlari koʻrsatishda yangicha tizim afzalliklari
Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishda adolat va shaffoflikka erishish uchun barcha tarmoqlarni raqamlashtirish boshlandi. Masalan, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimini joriy etish ortidan ijtimoiy nafaqa tayinlashda fuqarolardan 11 turdan ortiq hujjatlarni talab qilish bekor qilindi va bu turdagi moddiy yordam puli 1,5 milliondan ziyod oilaga avtomatlashtirilgan tarzda ajratildi.
“Raqamli bojxona” loyihasi orqali esa, bojxona rasmiylashtiruvida inson omilini keskin qisqartirishga eʼtibor qaratildi. Xususan, 7 ta hududdagi (Qashqadaryo, Xorazm, Sirdaryo, Toshkent, Buxoro, Fargʻona, Jizzax) tovarlar rasmiylashtiruvi masofadan oʻtkazilib, byudjetga undirilgan toʻlovlar 52 foizga va deklaratsiyalar soni 17 foizga ortdi.
Bojxona postlarida huquqbuzarlik xavfini aniqlash tizimi takomillashtirilishi natijasida eksport tovarlarini avtomatik rasmiylashtirish 14 barobarga oshdi. Import tovarlari koʻrigida huquqbuzarliklarni aniqlash samarasi 2,1 barobar, ushlab qolingan noqonuniy tovarlar qiymati 55 foiz koʻpaydi. Respublika bojxona postlariga 7 mingdan ortiq nazorat-oʻlchov moslamasi oʻrnatilishi hisobiga 2-3 kungacha davom etadigan bojxona tekshiruvlari vaqtini endilikda 10-15 daqiqaga qisqartirishga erishildi.
Aholi hayoti farovonligini oʻylab yoʻlga qoʻyilgan loyihalardan biri — raqamlashgan “Tez tibbiy yordam” tizimi boʻlib, u ham oʻzini deyarli oqladi. Shifokorlarning chaqiruv joyiga yetib kelishigacha boʻlgan vaqt 2 barobar qisqardi. Avvallari murojaat maxsus guruhga 30 daqiqada yetkazilgan boʻlsa, hozir 1 daqiqani tashkil etyapti. Maʼlumotlar qaytadan yozib olinmay, tizimga kiritilgani toʻgʻridan-toʻgʻri planshetga yoʻnaltirilyapti. Natijada ishchi guruh planshet orqali ham murojaatchi haqidagi maʼlumotlarni, ham xaritadagi manzilni koʻra oladi.
Yanada qulay tomoni tez yordam mashinalari manzilga ildamroq yetib borishi uchun ularga oʻrnatilgan GPS texnologiyasi va datchiklar qaysi koʻchada tirbandlik bor-yoʻqligini aniqlab, eng maʼqul yoʻlni belgilab beradi. Faoliyat avtomatlashtirilishi hisobiga jarayonlar qisqardi, kerak boʻlmagan bosqichlar olib tashlandi. Operatorlarga, brigada feldsherlari hamda shifokorlarga juda katta qulayliklar yaratildi. Eng muhimi, aholiga tezkor va sifatli xizmat koʻrsatishga erishildi. Yaʼni tezkor yoʻlga chiqqan guruh yangi texnologiyalar sharofati bilan “Eng qimmatli birinchi soat”da bemorlarga sifatli tez tibbiy yordam koʻrsatishga muvaffaq boʻlyapti.
Zamonaviy texnologiyalar va elektronlashtirish tufayli bugun tez tibbiy yordamga keltirilgan dorilar hisoboti, ularning taqsimoti, sarflanishi, har bir brigada sumkasida nimalar borligi, toʻliq taʼminlanganlik darajasi — hamma-hammasini nazorat qilish imkoniyati yaratildi. Bu oʻz-oʻzidan “103” xodimlari — hisobchilar, statistika boʻlimi, rahbariyat, dorixona, omborxona mutaxassislari hamda operatorlarga ham juda katta qulayliklar olib keldi. Hozircha Toshkent shahrida yaxshi natija koʻrsatayotgan ushbu loyihani bosqichma-bosqich mamlakatimiz boʻylab joriy etish koʻzda tutilgan.
Respublikamizdagi umumtaʼlim maktablarida joriy etilgan “Elektron kundalik” tizimi har chorakda oʻqituvchilarning 20 soatgacha vaqtini tejayapti. Qogʻoz koʻrinishidagi kundalik va jurnallarning bekor qilinishi hisobiga yiliga 4,5 milliard soʻmgacha byudjet mablagʻlari iqtisod qilinishi koʻzlanyapti.
“E-XSUD” tizimi orqali sudlar faoliyatini raqamlashtirish tufayli soha xodimlarining ish vaqti 7 barobargacha qisqarishiga hamda qogʻoz iqtisod qilinishi ortidan yiliga davlat byudjetiga 10,5 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ tejalishiga erishildi.
Raqamli texnologiyalar ishlab chiqarish surʼatlarini oshirish ham oʻz samarasini bermoqda. Masalan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida avtomatlashgan boshqaruv tizimi ishga tushirilishi natijasida ish unumdorligi oshib, quvvat sarfini kamaytirishga muvaffaq boʻlindi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyatida texnologik hamda xizmat transporti vositalariga GPS nazorat tizimi oʻrnatilishi hisobiga yoqilgʻi-moylash materiallarini tejash, xarajatlarni iqtisod qilish, ish unumdorligini oshirishga erishilyapti.
Xorijda turib ham elektron raqamli imzo olish mumkin
Bugun elektron hukumatning muhim tarkibiy qismlaridan biri boʻlgan Yagona portal, yaʼni my.gov.uz orqali davlat xizmatlarini elektron koʻrinishda taqdim etish tizimi nafaqat fuqarolarimizning vaqti va mablagʻini tejashga, balki davlat organlari faoliyatini ham tubdan yaxshilashga xizmat qilmoqda. Jumladan, 2021-yil 1-noyabrdan boshlab aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga va I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga my.gov.uz xizmatlarini koʻrsatishda davlat bojlari uchun 50 foiz chegirma yoʻlga qoʻyildi. Bunda fuqarolardan avvalgidek turli qoʻshimcha maʼlumotnoma va hujjatlar talab etilmaydi, portalning oʻzida mazkur toifaga kiritilgan shaxslar avtomatik aniqlanadi.
Bundan tashqari, Yagona portalda 2021-yil 1-oktyabrda joriy qilingan “Avtotransport oynalari tusini qoraytirishga ruxsatnoma olish”, xalq tilida “tonirovka” xizmatidan oʻtgan davr mobaynida 220 mingdan ortiq talabgor foydalangan. Ushbu xizmat toʻliq avtomatlashgan boʻlib, aholidan hech qanday hujjat talab etilmaydi. Asosiysi, toʻlov amalga oshirilgan zahoti ruxsatnoma shakllanadi. Oldinlari bu ruxsatnomani olish uchun odamlar Yoʻl harakati xavsfsizligi tuman boʻlimlariga borishi, soatlab navbatda turishi, turli hujjatlarni toʻldirishi kerak boʻlgan.
Ijro boʻyicha qarzdorlikni tekshirish va toʻlash xizmati yoʻlga qoʻyilishi aholi uchun yana bir qulaylik boʻldi. Endilikda fuqaro ijro hujjatlari boʻyicha oʻzining qarzdorligi haqida elektron tarzda batafsil maʼlumot olishi va toʻlovni toʻlashi mumkin. Bu xizmat, ayniqsa, xorijga koʻp qatnaydiganlar uchun qulay. Shuningdek, 7 turdagi nafaqalarni tayinlash (yoshga doir, boquvchisini yoʻqotganlik, nogironlik nafaqaci va boshqalar) xizmatida ham fuqarodan ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi.
Respublikamizning chekka hududlarida yashovchi aholini oʻylab, ularga yaqin pochta bogʻlamalarida 30 dan ortiq eng ommabop xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan. Xorijdagi fuqarolarimiz esa, diplomatik vakolatxonalar tomonidan 7 turdagi elektron davlat xizmatlarini, xususan, elektron raqamli imzo ham olishi mumkin.
Davlat xizmatlari fuqarolar bilan birga
Aholi duch kelayotgan muammolarni oʻrganish asnosida Yagona portalda 2022-yili yana 60 dan ortiq yangi xizmatni joriy etish koʻzda tutilgan. Bular avtomobil tarixi maʼlumotini olish, avtotransportga taqiq mavjudligini aniqlash va boshqalar. Rejaga, shuningdek, 50 dan ortiq elektron xizmatlarni soddalashtirish, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talabini bekor qilish ham kiritilgan.
Istiqbolli loyihalardan eng muhimi sifatida “Davlat xizmatlari fuqarolar uchun” tamoyilidan “Davlat xizmatlari fuqarolar bilan birga” tamoyiliga oʻtish orqali aholiga muayyan vaziyatda kerakli xizmatdan foydalanishni taklif qilishni nazarda tutuvchi proaktiv xizmatlar koʻrsatilishini aytish mumkin. Bular ijtimoiy nafaqalarni tayinlash, ID-karta, xorijga chiqish pasporti va haydovchilik guvohnomasi kabi hujjatlarni olish, litsenziyani almashtirish kabilardan iborat.
Shuningdek, barcha davlat xizmatlari uchun toʻlovlarni onlayn toʻlash va koʻrsatilgan xizmatlar natijasida beriladigan hujjatlarni foydalanuvchilarning Yagona portaldagi shaxsiy kabinetidan bepul tarzda olish imkoniyatini yaratish ustuvor vazifalarimizdan biridir. Yana ommabop elektron xizmatlarni mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari hamda toʻlov tizimlarining mobil ilovalarida axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.
Mahalladan turib davlat organlariga murojaat qilish tizimi yaratiladi
Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida 2022-2023-yillarda elektron hukumatni yanada rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi organlarida umumiy miqdori 199 milliard soʻm qiymatga ega jami 127 ta, xoʻjalik birlashmalarida umumiy miqdori 3 milliard 321 million soʻm qiymatga ega jami 119 ta, hududlarda esa 404 ta loyihani amalga oshirishni koʻzda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Ushbu qaror loyihasida mahallalar faoliyatini takomillashtirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, mahalladan turib barcha davlat organlariga murojaat qilish hamda ularning rahbarlari bilan muloqotda boʻlish tizimi yaratiladi va faoliyatga doir hisobotlar toʻliq raqamlashtiriladi. Davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallalarda koʻrsatish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
Mahalla orqali rasmiylashtiriladigan va olinadigan barcha turdagi ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamni tayinlash boʻyicha hujjatlarni onlayn (elektron) tarzda taqdim etish tizimi joriy etiladi.
Umuman olganda, raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar aholi hayotini yengillashtirish, uzogʻini yaqin qilish, ortiqcha xarajatlardan, ovoragarchiliklardan, byurokratiyadan xoli qilish, korrupsiyaning oldini olish va davlatga boʻlgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, jamiyatimizning turli sohalarida, jumladan, temir yoʻl, sogʻliqni saqlash va qishloq xoʻjaligi sohalarini raqamlashtirishga oid ishlar koʻlami kengayadi.
Bu chora-tadbirlar yangi Oʻzbekistonni erkin va baxtli odamlar yashaydigan qudratli davlatga aylantirish, mamlakatimizni dunyoning rivojlangan, iqtisodiyoti barqaror oʻsayotgan, inson kapitali yuqori boʻlgan raqobatbardosh demokratik davlatlar qatoriga olib chiqishda muhim qadam boʻladi.
Aziz Muhiddinov,
Elektron hukumat loyihalarini
boshqarish markazi direktori