Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-avgustdagi “Yer maydonlarini yangidan oʻzlashtirish va qishloq xoʻjaligida qayta foydalanishga kiritishda davlat tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” VMQ-515-sonli qarorida belgilangan.
Shuningdek hujjatda belgilangan chora-tadbirlarni moliyalashtirish tartibi tasdiqlandi.
Hujjat Prezidentning 05.04.2024-yildagi "Yoshlarga yer ajratish orqali daromadlarini oshirish va bandligini taʼminlash, shuningdek yangi yer maydonlarini oʻzlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-153-sonli qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
PQ-153-sonli qarorga muvofiq qoʻshimcha yer maydonlarini yangidan oʻzlashtirish va muomalaga qaytarish uchun quyidagilar ajratiladi:
- Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan 200 mlrd soʻm miqdorida foizsiz qarz mablagʻlari;
- 2024-yil uchun Davlat byudjeti parametrlarida sugʻoriladigan yer maydonlari va qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan choʻl hududidagi yerlarni qayta foydalanishga kiritish uchun rejalashtirilgan 100 mlrd soʻm;
- xalqaro moliya institutlarining grant mablagʻlari;
- ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun yetishmaydigan mablagʻlarning bir qismi - Qoraqalpogʻiston byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan.
Ushbu mablagʻlar quyidagi vazifalarni hal qilish uchun yoʻnaltiriladi:
- vertikal sugʻorish quduqlarini burgʻulash, nasos agregatlarini montaj qilish va ishga tushirish;
- daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suv olish uchun zarur vositalarni xarid qilish va oʻrnatish;
- sugʻorish (ariqlar, kanallar) va kollektor tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish;
- yangi oʻzlashtirilayotgan va qishloq xoʻjaligida qayta foydalanilayotgan yer uchastkalarini lazer qurilmali tekislash agregatlari bilan tekislash.
Nizom quyidagi tartiblarni belgilaydi:
- yangidan oʻzlashtirilishi va qishloq xoʻjaligida qayta foydalanishga kiritilishi lozim boʻlgan yer uchastkalarining manzilli roʻyxatini shakllantirish;
- yerlarni oʻzlashtirish va qishloq xoʻjaligida qayta foydalanish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish;
- ushbu yer uchastkalarini qabul qilish;
- yerlarni oʻzlashtirish va qishloq xoʻjaligida qayta foydalanish boʻyicha tadbirlarga ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 2024-yil 20-avgustdan kuchga kirgan.