Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-avgustdagi “Yer maydonlarini yangidan oʻzlashtirish va qishloq xoʻjaligida qayta foydalanishga kiritishda davlat tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” VMQ-515-sonli qarorida belgilangan.

Shuningdek hujjatda belgilangan chora-tadbirlarni moliyalashtirish tartibi tasdiqlandi.

Hujjat Prezidentning 05.04.2024-yildagi "Yoshlarga yer ajratish orqali daromadlarini oshirish va bandligini taʼminlash, shuningdek yangi yer maydonlarini oʻzlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-153-sonli qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

PQ-153-sonli qarorga muvofiq qoʻshimcha yer maydonlarini yangidan oʻzlashtirish va muomalaga qaytarish uchun quyidagilar ajratiladi:

  • Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan 200 mlrd soʻm miqdorida foizsiz qarz mablagʻlari;
  • 2024-yil uchun Davlat byudjeti parametrlarida sugʻoriladigan yer maydonlari va qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan choʻl hududidagi yerlarni qayta foydalanishga kiritish uchun rejalashtirilgan 100 mlrd soʻm;
  • xalqaro moliya institutlarining grant mablagʻlari;
  • ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun yetishmaydigan mablagʻlarning bir qismi - Qoraqalpogʻiston byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan.

Ushbu mablagʻlar quyidagi vazifalarni hal qilish uchun yoʻnaltiriladi:

  • vertikal sugʻorish quduqlarini burgʻulash, nasos agregatlarini montaj qilish va ishga tushirish;
  • daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suv olish uchun zarur vositalarni xarid qilish va oʻrnatish;
  • sugʻorish (ariqlar, kanallar) va kollektor tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish;
  • yangi oʻzlashtirilayotgan va qishloq xoʻjaligida qayta foydalanilayotgan yer uchastkalarini lazer qurilmali tekislash agregatlari bilan tekislash.

Nizom quyidagi tartiblarni belgilaydi:

  • yangidan oʻzlashtirilishi va qishloq xoʻjaligida qayta foydalanishga kiritilishi lozim boʻlgan yer uchastkalarining manzilli roʻyxatini shakllantirish;
  • yerlarni oʻzlashtirish va qishloq xoʻjaligida qayta foydalanish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish;
  • ushbu yer uchastkalarini qabul qilish;
  • yerlarni oʻzlashtirish va qishloq xoʻjaligida qayta foydalanish boʻyicha tadbirlarga ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 2024-yil 20-avgustdan kuchga kirgan.