Yer umummilliy boylik ekani, undan oqilona foydalanish hamma zamonlarda ham dolzarbligini yaxshi bilamiz. Ammo buni aytish va amalda bajarish boshqa-boshqa narsalar. Aniqrog'i, yurtimizdagi yer maydonlari uzoq yillar davomida o'zboshimchalik bilan foydalanilib, aksariyatining egasi ham noma'lum bo'lgan. Bu mavjud yerlardan foydalanishda ko'plab muammolarni yuzaga keltirdi. Vaqt o'tib, yer hisobini yuritish, kadastr xizmatlarining sifatini yaxshilash mamlakatimizda muhim vazifalardan biriga aylandi.
Ayniqsa, sohani raqamlashtirishdagi tezkorlik ish ko'lami va sifatini oshirmoqda. Xususan, oxirgi uch yilda raqamlashtirish hisobiga 40 million gektar yoki jami yerlarning 90 foizi kadastrda davlat ro'yxatidan o'tkazilgani so'zimizning isboti. Ammo bu tizimda barcha muammolar hal etildi, degani emas. Hali qilinishi kerak bo'lgan ishlar ko'p. Raqamlashtirish ishlari ham doimiy davom etadigan jarayon va u orqali erishilayotgan natijalar yaqqol ko'zga tashlanmoqda.
Shu yilning 21-noyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer hisobini yuritish hamda kadastr xizmatlarining sifatini yaxshilash masalalari yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ayni sohada amalga oshirilishi lozim bo'lgan yangi topshiriqlar berildi. Kamchiliklar tahlil qilinib, yechimlar o'rtaga tashlandi. Bu soha vakillari, mutaxassislar oldiga aniq vazifalarni qo'ymoqda.
Mirsaid MIRMAQSUDOV,
Kadastr agentligi direktor o'rinbosari:
— Keyingi yillarda yurtimizda er resurslaridan oqilona foydalanish va yer munosabatlari sohasida qonuniylikni ta'minlashga alohida e'tibor qaratilyapti. Ayniqsa, erlarning hisobini olish, davlat yer kadastri ma'lumotlarini to'g'ri yuritish ishlari faollashib, raqamlashtirish jarayonlariga o'tkazildi. Ayni paytda mulkchilik shaklidan qat'iy nazar, barcha toifadagi yer resurslarini xatlovdan o'tkazish va respublika yer fondini to'liq qamrab olish tizimini takomillashtirish ishlari davom etmoqda.
Bu yo'nalishda zamonaviy texnologiyalarni qo'llash ish samaradorligini yanada oshiryapti. Aerofotokamera va dronlar qo'llanayotgani natijasida ko'p zaxiralar aniqlanmoqda. Masalan, Qashqadaryo viloyatining jami 2 856,8 ming gektar yer maydonidan 2 321,6 ming gektarida samolyot yordamida aerosuratga olish ishlari bajarildi. Birgina Qarshi tumanining jami 91,6 ming gektar yer maydonida olingan suratlardan foydalangan holda sug'oriladigan ekin yerlari xatlovdan o'tkazilganda 5,1 ming gektar hisobotda ekin yeri sifatida ko'rsatilmagani ma'lum bo'ldi. Bu byudjetga qancha tushum, qancha ish o'rni va daromad yo'qotilayapti, degani. Shu bois, Prezidentimiz tomonidan Kadastr agentligiga tuman va shahar hokimlari bilan birga yil yakunigacha aerosuratga olish ishlarini Toshkent shahri, Toshkent va vodiy viloyatlarida, kelgusi yili esa qolgan hududlarda to'liq yakuniga etkazish topshirig'i berildi.
Oxirgi 3 yil davomida UZKAD tizimi orqali yurtimizning 96 foiz yoki 43,1 million gektar yer maydonlarining elektron xaritasi yaratilib, 40,2 million gektari davlat ro'yxatidan o'tkazilgani ham raqamlashtirish mahsuli. Jarayonda o'tkazilayotgan tahlillar esa tegishli xulosalar chiqarishga turtki bermoqda. Hududlardagi 900 ming gektardan ortiq qishloq xo'jaligi erlarini hisobga olishga ta'sir ko'rsatayotgan omillar shular jumlasidan. Masalan, yerga bo'lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarning to'liq yoki qisman mavjud emasligi. Buning natijasida 286,2 ming gektar qishloq xo'jaligi yerlaridan foydalanib kelayotgan 10 159 ta yuridik va jismoniy shaxslar foydalanuvchi sifatida hisobga olingan. Bunda eng yuqori ko'rsatkich Qashqadaryo viloyati hissasiga to'g'ri kelmoqda.
Shuningdek, 159 ming gektar yerdan foydalanuvchilarning hujjatida ko'rsatilgan yer maydoniga nisbatan amaldagi yer maydoni o'rtasida tafovutlar mavjudligi sababli davlat ro'yxatidan o'tkazilmagan. Qayd etilgan 19 658 ta qishloq xo'jaligi korxonalarining 460,5 ming gektar qishloq xo'jaligi yerlari esa huquqiy maqomi aniq emasligi sababli davlat ro'yxatidan o'tkazilmagan.
Tahlillarga e'tibor qaratsak, yer maydonlarini ajratish bilan bog'liq qator muammolar to'planib qolgani ko'zga tashlanadi. Xususan, uzoq yillar davomida sobiq kolxoz, sovxoz yerlaridan aholiga uy-joy qurish uchun 817,1 ming gektar yer ajratilgan bo'lib, ushbu yerlar hisobotda qishloq xo'jaligi yerlari toifasida tomorqa sifatida yuritib kelinmoqda. Hududlar kesimida bu ko'rsatkich Buxoroda 128,3 ming gektar, Qashqadaryoda 117,8 ming gektar, Samarqandda 85,9 ming gektar, Toshkent viloyatida 78,8 ming gektarni tashkil etadi. Bunday holatlar, o'z-o'zidan yer hisobotining to'g'ri yuritilishiga to'sqinlik qilmoqda. Shu bois, 2024-yil 1-iyulga qadar bitta tuman misolida aholiga yakka tartibda uy-joy (tomorqa yer) va qishloq xo'jaligidan boshqa maqsadlarda bino va inshootlar qurish uchun ajratilgan yerlar toifasini o'zgartirish bo'yicha eksperiment o'tkazish belgilangan.
Yig'ilishda davlatimiz rahbari tomonidan suv fondi yerlari va ichki avtomobil yo'llari egallagan erlarni hisobga olish va davlat ro'yxatidan o'tkazish bo'yicha ham mas'ul vazirlik hamda idoralarga tegishli ko'rsatmalar berildi. Gap shundaki, hozirgi kunga qadar yurtimizda mavjud 827 ming gektar suv fondi yerlaridan 318,3 ming gektari hamda 172,1 ming gektar ichki avtomobil yo'llaridan 5,1 ming gektari davlat ro'yxatidan o'tkazilgan. Ammo qolgan 509 ming gektar suv fondi va 167 ming gektar ichki avtomobil yo'llarning yer ajratish qarorlari va chegaralari belgilanmagani sababli, hisobga olinmasdan qolmoqda.
Shu bilan birga, 21 ta vazirlik va davlat idoralariga tegishli 49 333 ta ko'chmas mulk ob'ektlaridan 6 821 tasi davlat ro'yxatidan o'tkazilmagan. Kadastr agentligi tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahri hamda 154 ta tuman va 5 ta shaharning ma'muriy chegaralari belgilangan bo'lsada, hokimliklar tomonidan chegaralarni tasdiqlash ishlari yakuniga yetkazilmagani ham kamchiliklarimizdan biri. Yig'ilishda Qoraqalpog'iston Respublikasi, 12 ta viloyat va 159 ta tuman (shahar)ning chegarasini belgilash bo'yicha tayyorlangan hujjatlarni qayta ko'rib chiqish va chegaralarni Oliy Majlis Senatidan tasdiqlash bo'yicha topshiriq berildi.
Agentlik tomonidan oxirgi 5 yil davomida 42 463,5 gektar qishloq xo'jaligi yerlaridan samarali foydalanish ahvoli o'rganilgan. Jarayonda ma'lum bo'lishicha, hokimliklar qaroriga asosan to'g'ridan-to'g'ri loyiha tashabbuskorlariga ajratilgan 18 587,9 gektar yerlarning 4 426,6 gektarida qurilish ishlari yakunlangan bo'lsa, 7 224,2 gektarida qurilish ishlari olib borilyapti, 7 ming gektarida esa qurilish ishlari boshlanmasdan bo'sh turgan. Endilikda, bo'sh turgan yerlarni zaxiraga qaytarish choralari ko'riladi. Shuningdek, barcha sanoat yerlarini to'liq xatlovdan o'tkazish vazifasi belgilangan.
Umuman, yer resusrlaridan to'g'ri foydalanish, avvalo, ularning aniq hisobini yuritish va munosib egalariga berishga ham bog'liq. Bu borada mexanizmni yaratishga kirishganmiz, endilikda, uning doimiy nazoratini ham birgalikda olib borishga intilyapmiz.
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 23.11.23-y, 244-sonida chop etilgan)