Mamlakatimiz elchixonasidan olingan maʼlumotga koʻra, tashrif davomi Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Eron qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari — Baliqchilik tashkiloti raisi Said Xosseyniy bilan uchrashuv oʻtkazdilar.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida baliqchilik, akvakultura, chorvachilik, veterinariya va qishloq xoʻjaligi boʻyicha hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda mamlakatimizda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi.
Eron qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari mamlakatning baliqchilik va akvakultura boʻyicha salohiyati toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Qayd etilishicha, 2023-yilda Eronda 1,4 million tonna baliq mahsulotlari ishlab chiqarilgan va qiymati 650 million dollarga teng 210 ming tonna baliq va dengiz mahsulotlari eksport qilingan.
Oʻzbekiston elchisi Fariddin Nasriyev oʻz navbatida, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar va taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida batafsil soʻzlab berdi.
“Oʻzbaliqsanoat” uyushmasi vakillari Oʻzbekistonning baliqchilik salohiyati va imkoniyatlari hamda ushbu yoʻnalishda hayotga tatbiq etilayotgan dasturlar yuzasidan taqdimot oʻtkazishdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu sohada oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida kelishib oldilar, deb xabar beradi “Dunyo” AA.