Isroil va Amerika elchilarini o‘z hududidan chiqarib yuborgan har qanday arab yoki Yevropa davlatiga Hormuz bo‘g‘ozidan cheklovsiz o‘tish imkoniyati beriladi. Bu haqda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) 9 mart, dushanba kuni e’lon qildi, deb xabar berdi CNN.
IIQK ushbu mamlakatlar Isroil va Qo‘shma Shtatlar bilan diplomatik aloqalarni uzsa, strategik suv yo‘lidan o‘tish uchun “to‘liq huquq va erkinlikka” ega bo‘lishlarini aytdi.
“Dunyo neft ta’minotining qariyb beshdan bir qismi bu tor, 21 milya kenglikdagi suv yo‘li orqali o‘tadi, bu hozirda global bozorlar uchun juda muhim va yuqori xavfli nuqtadir”, deyiladi maqolada.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, AQSh va Isroilning Eron bilan urushi ikkita asosiy sababga ko‘ra neft narxlarining ko‘tarilishiga olib keldi: Hormuz bo‘g‘ozining deyarli to‘liq yopilishi va Yaqin Sharqda neft qazib olishning sekinlashishi.
Eron avvalroq Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tishga urinayotgan barcha xorijiy kemalarni “yoqib yuborishi” haqida ogohlantirgan edi.
Keyinchalik Tehron hozirda Hormuz bo‘g‘ozini yopish choralarini ko‘rmaganligini, ammo kelajakda buni amalga oshirishi mumkinligini ma’lum qildi, deb xabar berdi korrespondent.net.