Eron kompaniyasi Fargʻona viloyatida yirik kimyoviy majmua barpo etishni rejalashtirmoqda

    Investitsiyalar 17 Fevral 2021 955

    Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Eron Islom Respublikasining “ Gharavi Chemical Industries Group” kompaniyasi vakillarini qabul qildi.

    Erondagi kimyoviy majmualar barpo etish, kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish hamda sotish bilan shugʻullanuvchi “Gharavi Chemical Industries Group” boshqaruv kengashi vakillari Rajabijorshariy Alirizo Mustafa va Mandui Masʼul Gʻulom, shuningdek kompaniya hamkori, investitsiyalar boʻyicha konsultant Mahmud Muhammad Naderyan bilan boʻlgan uchrashuvda Fargʻona viloyatida umumiy qiymati 15,2 million dollar boʻlgan uch bosqichli kimyoviy majmua barpo etish loyihasi muhokama etildi.

    Eronda kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 12 turdagi korxonani birlashtirgan ““Gharavi Chemical Industries Group”, 40 turdan ortiq mahsulotlarini dunyoning 20 ga yaqin mamlakatiga eksport qiladi. Kimyoviy mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarni barpo etish hamda mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha katta tajribaga ega bu kompaniya, Fargʻonada amalga oshirishni rejalashtirilayotgan loyihada bu tajribaning qoʻl kelishidan ishonmoqda.

    15,2 million dollar toʻgʻridan xorijiy investitsiya hisobiga “Qoʻqon” EIZ hududida 10 gektar maydonda barpo etilishi koʻzda tutilayotgan bu majmua, loyiha qiymati 6,2 million dollar boʻlgan va yillik 50 ming tonna natriy bikarbonat ishlab chiqaruvchi korxona, loyiha qiymati 5 million dollar boʻlgan va yillik 50 ming tonna etilatsetat ishlab chiqaruvchi korxona hamda loyiha qiymati 4 million dollar boʻlgan va yillik 12 ming tonna etanol ishlab chiqaruvchi korxonadan iborat boʻladi.

    Eronliklar ushbu majmuani ikki bosqichda – dastlabki bosqichda 1,5 yilda natriy bikarbonat ishlab chiqaruvchi korxonani ishga tushirishni, keyingi bosqichda yana shuncha davrda etilatsetat va etanol ishlab chiqaruvchi korxonalarni barpo etish rejalarini bildirdilar. Viloyat hokimi, majmua loyihasini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirib, har uch korxonani barpo etishga bir vaqtda kirishishni taklif etdi. Bu taklif eronliklar tomonidan qabul etildi.

    Eronlik hamkorlar Qoraqalpogʻiston hamda Navoiydan keltiriladigan xom-ashyo bilan ishlashi koʻzda tutilgan majmua boʻyicha yakuniy hisob-kitoblarini amalga oshirish hamda viloyatdagi kimyoviy korxonalar mahsulotlari bilan tanishish uchun viloyatda boʻlib turishni davom ettirishmoqda.