“Eron koinot agentligiga tegishli “Soraya” sun'iy yo'ldoshi Islom inqilobi qo'riqchilari korpusining uch bosqichli qattiq yonilg'ili Gaem-100 raketasi yordamida muvaffaqiyatli uchirildi va 750 kilometr balandlikdagi orbitaga chiqarildi”, deyiladi hukumat bayonotida.

Eron Islom Respublikasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari vaziri Iso Zarepur noyabr oyi oxirida Eron kalendar yili tugagunga qadar (2024-yil 20-mart) beshta yangi sun'iy yo'ldoshni koinotga uchirishni rejalashtirayotganini aytdi.

Eron koinot agentligi rahbari Hasan Salarie Eron tadqiqot markazlaridan birining mutaxassislari koinotga uchirish uchun biokapsula tayyorlaganini aytdi. Zarepur oktabr oyida mamlakat yaqin bir-ikki oy ichida astronavtlarni jo'natish uchun mo'ljallangan biokapsulaning ilk sinovlarini o'tkazishini e'lon qildi. Uning aytishicha, Eron yaqin besh yil ichida koinotga odam yuborish ustida ishlamoqda.

Avvalroq Zarepur Nur-3 nomli uchinchi harbiy sun'iy yo'ldosh Yer orbitasiga muvaffaqiyatli olib chiqilgani haqida xabar bergan edi. Keyinroq Eron 2024-yilning mart oyi oxirigacha orbitaga yana ikkita sun'iy yo'ldoshni chiqarishni rejalashtirayotgani ma'lum bo'ldi, deb xabar beradi ria.ru.