Eron Yadro qurolini tarqatmaslik to'g'risidagi shartnomadan chiqishi mumkin

    Eronga nisbatan Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya tashabbusi bilan sanksiyalar qayta kiritilganidan so'ng mazkur mamlakat Yadro qurolini tarqatmaslik to'g'risidagi shartnomadan chiqishi mumkin. Bu haqda Eron parlamenti a'zosi ma'lum qildi, deb xabar berdi Euronews telekanali.

    Tehron, shuningdek, mamlakat yadroviy qurolga ega bo'ladimi, degan savolni ham ko'taradi.

    Eron qonunchilik vakillari BMTning Tehron yadroviy dasturi bilan bog'liq, yakshanba kuni kechqurun kuchga kirgan sanktsiyalarining qayta tiklanganiga qanday munosabatda bo'lishni muhokama qilishdi. Parlament a'zolaridan biri mamlakat Yadro qurolini tarqatmaslik to'g'risidagi shartnomadan chiqishni taklif qildi.

    Deputat Ismoil Kousari, Eronning shartnomadan chiqishi bomba yaratish yo'lidagi harakatni anglatadimi, degan savolga javob berar ekan: “Yo'q, u buni anglatmaydi. Bu masala keyinroq alohida muhokama qilinadi, kerak bo'lsa kun tartibiga ham kiritishimiz mumkin” dedi u.

    Parlament spikeri Muhammad Bager Galibaf BMT sanksiyalariga rioya qiladiganlarni ogohlantirdi.

    U, shuningdek, sanksiyalarni qayta qo'llashga mas'ul bo'lgan Yevropaning uchta davlatiga (Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya) Eron javob choralarini ko'rishiga ishontirdi.

    “Biz e'lon qilamizki, agar biron bir davlat Eronga qarshi ushbu noqonuniy rezolyutsiyalar asosida chora ko'rishga harakat qilsa, u Eron tomonidan qattiq javob choralariga duch keladi. Bu noqonuniy harakatlar tashabbuskori bo'lgan Yevropaning uchta davlatiga ham tegishli choralar ko'riladi”, dedi Galibaf.

    Sanksiyalar qatorida Eronning xorijdagi aktivlarini muzlatish, Tehron bilan qurol-yarog' bitimlarini to'xtatish va Eronning ballistik raketa dasturining har qanday rivojlanishini jazolash va boshqa choralar kiradi.

    Yakshanba kuni Yevropaning uchta davlati “javob zarbasini qo'zg'atmaslik uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirganini” ma'lum qilishdi, biroq Eron “MAGATE inspektorlariga Eron yadroviy inshootlariga kirishni tiklashga ruxsat bermadi, shuningdek, yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralari to'g'risida hisobot tayyorlab, MAGATEga taqdim etmadi”, deb xabar berdi tengrinews.kz.