“Ushbu maydon yangi loyihalar bilan tanishish va hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, respublikamizda filmlar va media mahsulotlarni suratga olishda butun dunyodan prodyusser va rejissyorlarni jalb qilish imkonini beradi. Oʻzbekiston betakror tarixiy obidalari, oʻziga xos tarixi va madaniyatiga ega mamlakat sifatida kino sanʼati vakillarida qiziqish uygʻotishi mumkin” , – deyiladi xabarda.
Joriy yilda Oʻzbekiston media mahsulotlar suratga olishni xohlovchi kinokompaniyalar va telekanallar xarajatlarining bir qismini qoplaydi. Turizm va madaniy meros vazirligi hujjatli filmlar va teledasturlar suratga olish ishlariga homiylik qilishga tayyor.
“Jarayon shunday: Prodyuserlar va rejissyorlar bizga gʻoya yuborishadi. Agar u bizga yoqsa, Turizm va madaniy meros vazirligi suratga olish guruhining aviachiptalarini, turar joy va mamlakat ichidagi transport harajatlarini qoplashga tayyor”, – deyiladi klub xabarida.
Kelib chiqishi Erondan boʻlgan kanadalik rejissyor Mustafa Keshvari Oʻzbekiston maydonchasiga tashrif buyurib, mamlakatda film suratga olish imkoniyatlarini muhokama qildi. Uning “Child Bride” qisqa metrajli filmi 2019-yilda Kann kinofestivalida namoyish etilgan. Keshvarining filmlari bir necha bor nufuzli kinomukofotlarga munosib koʻrilgan.
Mustafo Keshvari soʻnggi olti oydan buyon Umar Xayyom haqidagi film ustida ishlamoqda. Oʻzbekiston milliy pavilyonida xorijlik rejissyor va Oʻzbekiston Milliy PR markazi bilan oʻtkazilgan muzokaralar natijasida uning joriy yil iyul oyida Buxoro va Qoraqalpogʻistonga lokatsiya tanlash masalasida tashrif buyurishi haqida kelishuvga erishildi. Suratga olish ishlarini 2022-yilning sentyabrida boshlash rejalashtirilgan.