Jumladan, Prezidentimizning “Maʼmuriy islohotlar doirasida madaniyat va turizm sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2023-yil 27-iyuldagi Farmoniga koʻra ishlab chiqilgan “Madaniyat va sanʼat sohasida axborot texnologiyalarini rivojlantirish va boshqaruvni raqamlashtirish orqali xizmat koʻrsatish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan “ERP madaniyat” yagona boshqaruv tizimini ishlab chiqish hamda joriy qilish boʻyicha 2024-2027-yillarga moʻljallangan harakatlar dasturi” bu boradagi salmoqli ishlar biri boʻldi.

– Hujjatga muvofiq “ERP madaniyat” axborot tizimini ishlab chiqish natijasida vazirlik tizimidagi 1400 dan ortiq tashkilotlar faoliyatida boshqaruv jarayonlari toʻliq raqamlashtiriladi, 34 ming nafardan ortiq soha xodimlari hamda madaniyat va sanʼat sohasida faoliyat olib borayotgan erkin ijodkorlarning yagona maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi, – deydi Madaniyat vaziri oʻrinbosari Murodjon Majidov. – Ularning milliy madaniyatimizni rivojlantirishga hamda Oʻzbekiston imijini xalqaro maydonda yanada oshirish borasida amalga oshirayotgan ijodiy faoliyati boʻyicha milliy reytingi yuritiladi.

“ERP madaniyat” axborot tizimi doirasida boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish uchun 10 ta, taʼlim 5 ta, ijodiy faoliyat bilan bogʻliq jarayonlar 6 ta, raqamlashtirish orqali aholiga qulay, ishonchli va sifatli madaniy xizmat koʻrsatish uchun 5 ta, jami 26 ta axborot tizimlari ishlab chiqiladi. Buning natijasida 12 ta yangi elektron davlat xizmatlari joriy qilinishi rejalashtirilgan. Tizimni 2025-yil may oyidan boshlab 2026-yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich joriy etish maqsad qilingan. Jumladan, 2025-yil yakuniga qadar 9 ta, kelgusi yilda esa 17 ta quyi axborot tizimi ishga tushadi.

Mazkur yangilikdan keng jamoatchilikni xabardor qilish va loyiha bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan matbuot anjumanida vazirlik mutasaddilari aholiga qulaylik yaratish maqsadida yana bir xayrli ishga qoʻl urilgani haqida maʼlumot berdilar. Unga koʻra, quyi axborot tizimlaridan foydalanish uchun, ularning modul va funksiyalaridan kelib chiqib 5 ta mobil ilova ishlab chiqish ishlari ham yaqin istiqbolda oʻz natijasini beradi. Bular – imkoniyati cheklangan shaxslar uchun “Audiobooks” platformasining mobil ilovasi, aholi uchun foydali va qiziqarli maʼlumotlar taqdim etuvchi ilova, elektron kundalik mobil ilovasi, “Milliy media platforma”sining mobil ilovasi va Madaniyat vazirligi hamda tizim tashkilotlari xodimlari uchun funksional ilovadan iborat.

Eʼtiborga molik tomoni, mutaxassislarning qayd etishicha, mazkur tizimni joriy etish orqali madaniyat va sanʼat sohasiga ajratilayotgan davlat byudjeti mablagʻlarining 20 foizigacha miqdorda iqtisod qilish rejalashtirilmoqda. Madaniyat vazirligi va tizim tashkilotlari faoliyatini oʻrganishlar davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlardan yiliga oʻrtacha 19 milliard soʻmga yaqin mablagʻ notoʻgʻri sarflanganini koʻrsatadi. Endi boshqaruv jarayonining raqamlashtirilishi natijasida 14,8 milliard, taʼlimda 1,2 milliard va ijodiy faoliyat bilan bogʻliq 3 milliard soʻm mablagʻ tejalishi kutilmoqda.


Aziza SHAROFIDDINOVA,

OʻzJOKU talabasi