Ajrimlarning oldini olishda vazirlikning ishtiroki qay darajada?

Soha masʼullari va joylardagi jamoatchilik vakillari bilan olib borilgan tahlillar shuni koʻrsatdiki, 2020-yilda mamlakatimiz boʻyicha 19 948 ta nizoli, 13 ta erta nikoh qayd etilgan, 144 ta erta tugʻruq holatlari kuzatilgan oilalar aniqlangan hamda buning natijasida mazkur oilalarda turli ijtimoiy muammo va notinchliklar kelib chiqqan.

Vazirlik tashabbusi bilan tashkil etilgan maxsus Ishchi guruh aʼzolari tomonidan olib borilgan tizimli ishlar natijasida umumiy hisobda 153 60 ta oiladagi turli notinchlik holatlariga barham berildi.

Ajrimlar oʻtgan yilda har yilgidan koʻra kam qayd etildi. Jumladan, birgina ajralish yoqasiga kelib qolgan 20 952 ta oila yarashtirildi, 12 ming 851 ta oilaning nikohi qonuniylashtirildi. Eng muhimi, oilaviy ajrimlar soni 2019-yildagi 31 389 tadan 28 232 taga yoki 3 157 taga kamayishiga erishildi.

“Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni kimlarga va qachon beriladi?

“Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbus koʻrsatgan, oʻzining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshgan, shuningdek, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targʻib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar taqdirlanadi.

8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni taqdirlangan ayollarga vazirlik rahbariyati tomonidan tantanali ravishda topshiriladi. Mukofotlanganlarning roʻyxati OAVda eʼlon qilinadi.