Ertaga avtomobilsiz kun!

    Toshkentda 26-iyun, chorshanba kuni navbatdagi “Avtomobilsiz kun” aksiyasi boʻlib oʻtadi.

    Aksiya Oʻzbekiston Prezidentining 21-fevraldagi 37-sonli qaroriga muvofiq har oyning toʻrtinchi chorshanbasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

    Ertaga Toshkent shahrida joylashgan barcha davlat idoralari rahbarlari va xodimlariga atmosferaga zarar keltirmaslik maqsadida shaxsiy transport vositalaridan voz kechib, jamoat transporti, velosiped va atrof-muhitni ifloslantirmaydigan boshqa transport turlaridan foydalanish tavsiya qilinadi.

    “Hurmatli yurtdoshlar! Barchangizni “Avtomobilsiz kun” jamoat loyihasiga befarq boʻlmaslikka, ekologik toza transport vositalaridan foydalanishga chorlab qolamiz”, deya eslatadi Ekologiya vazirligi.