Ertaki tarvuzdan zaharlanmaslik uchun uni qanday toʻgʻri tanlash kerak?

    Kimyoviy oʻgʻitlar bilan haddan ortiq ishlov berilgan tarvuzlar inson salomatligiga jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin.

    Oʻlkamizga yoz kirib kelishi bilan mavsumning eng sevimli mahsuloti – tarvuz savdosi qizigandan qiziydi. Sababi jazirama kunlarda tamaddi uchun ushbu rezavordan foydaliroq va yengil hazm boʻluvchi mahsulotni tanlov qilish mushkul.

    Ammo, kimyoviy oʻgʻitlar bilan haddan ortiq ishlov berilgan tarvuzlar inson salomatligiga jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin.

    Xoʻsh, dorilangan tarvuz nimasi bilan zararli? Uni qanday farqlash mumkin?

    Ushbu savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi boʻlim boshligʻi A.Shukurov javob berdi.

    — Tarvuz yoz faslida eng koʻp isteʼmol qilinadigan mahsulotlardan biri. Uning tarkibida organizm uchun foydali boʻlgan mineral va vitaminlar bisyor, — deydi mutaxassis. — Ushbu rezavor 92 foiz suvdan iborat boʻlib, nafaqat chanqoqni qondiradi, balki salomatlik uchun ham juda foydali. Xususan, tarvuzdagi kaliy va magniy asab tizimi va miya faoliyatiga ijobiy taʼsir etadi.

    Uning antioksidantlik xususiyati juda yuqori boʻlib, tarkibidagi likopin, A, V, C kabi darmondorilar hamda kartonoid yalligʻlanish va erta qarishga toʻsqinlik qiladi. Shuningdek, bu mahsulot yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilab, qon bosimini pasaytiradi va xolesterin darajasini nazorat qiladi.

    Ammo bu jarayonda ehtiyotkorlikni unutmaslik, ayniqsa, tarvuz sotib olayotganda mahsulotning butunligiga, chirimaganiga va kimyoviy oʻgʻitlar bilan meʼyordan ortiq toʻyintirilmaganiga eʼtibor qaratish kerak. Afsuski, bugun koʻpchilik dehqonlar ushbu mahsulotni yetishtirishda azotli oʻgʻitlardan haddan ortiq koʻp foydalanadi. Bu esa tarvuzdan zaharlanishga sabab boʻlishi mumkin.

    Agar kimdir tarkibida nitrat moddasi meʼyordan ortiq boʻlgan tarvuz isteʼmol qilsa, uning noxush belgilari 4-6 soatdan keyin paydo boʻladi.

    Bunday holatda koʻngil aynishi, qusish, ich ketishi, qorin va bosh ogʻrigʻi, tana haroratining 38-39 darajagacha koʻtarilishi, qon bosimining pasayishi, yurak urishining sekinlashishi hamda qoʻl-oyoqlarning sovqotishi, teri rangining oʻzgarishi (koʻkarish) kabi alomatlar kuzatilishi mumkin.

    Agar zaharlanish belgilari paydo boʻlsa, darhol shifokorga murojaat qilish lozim. Bu holatga yuzaki qarash mumkin emas, oʻzini-oʻzi davolash qatʼiyan man etiladi.

    Shuningdek, bu noxush holatdan oʻzimiz va yaqinlarimizni himoya qilish uchun ayrim jihatlarga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq.

    Xususan, tarvuz xarid qilayotganda, avvalo, mahsulot manbai, uning sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi tegishli ruxsatnomani talab qilish, uning buzilmaganiga ishonch hosil qilish zarur. U shikastlanmagan, yoriqlarsiz, qoraymagan hamda mogʻorlamagan boʻlishi kerak. Tarvuz kesilganda rangi toza qizil va oʻzgarmagan boʻladi. Tanovul qilishdan avval tarvuzni albatta yaxshilab yuvish lozim.

    Tarvuz holatining yana bir muhim koʻrsatkichi qizil qismidagi tomirlar rangidir. Agar ular sariq yoki binafsha tusda boʻlsa, bunday mahsulotdan ehtiyot boʻlish lozim. Chunki u toʻliq pishmagan yoki nitratning taʼsiri boʻlishi mumkin. Qolaversa, tarvuz ustidagi chiziqlar aniq va bir-biri bilan aralashib ketmagan boʻlishi kerak. Xiralashgan chiziqlar uning nitrat bilan toʻyinganidan dalolat beradi.