Kvinslend hukumati eshkak eshish musobaqalarini Rokgempton shahri yaqinidagi Fisroy daryosida oʻtkazishni taklif qildi. Bu daryo timsohlar yashaydigan hudud sifatida tanilgan.
Bungacha ushbu joy turli musobaqalar oldidan eshkak eshuvchilarning tayyorgarlik bazasi sifatida foydalanilgan.
«Rokgemptonda eshkak eshish musobaqalari oʻtkazilishini eʼlon qilishdan juda mamnunman. Ularni Sidneyga koʻchirish boʻyicha takliflar bor edi, lekin bu Olimpiada shukuhini bu yerda qoldirish uchun ajoyib imkoniyat, biz bu imkoniyatdan foydalanishimiz kerak«, — dedi Kvinslend bosh vaziri Devid Krizafulli.
Krokodillarni koʻpaytirish bilan shugʻullanadigan ferma egasi Jon Leverning aytishicha, musobaqalar xavfsiz boʻladi.
«Timsohlar asosan kechqurun faol boʻladi, musobaqalar esa kunduzi oʻtkaziladi. Ular asosan qirgʻoqda ov qiladi, poygalar esa chuqur suvda boʻladi. Daryoga yoʻl olganingizda avtobus ostida qolishingiz ehtimoli timsoh hujumiga uchrash ehtimolidan koʻra yuqori«, — dedi u.