Yurtimizda oʻsimliklarning 4,5 mingga yaqin turi oʻsadi. Biologik va landshaft rang-barangligi ham asosiy milliy boyliklarimiz hisoblanadi.
Bugungi kunda qoʻriqxonalar va milliy tabiat bogʻlari xodimlari tomonidan nafaqat oʻz hududidagi tabiiy boyliklarni asrash, balki aholi oʻrtasida muhofaza etiladigan tabiat boyliklarining nechogʻliq muhimligini tushuntirish, atrof-muhit ozodaligi va bioxilma-xillikni saqlash bilan bogʻliq targʻibot-tashviqot ishlari ham olib borilmoqda.
Lekin bugun jiddiy xavf bilan yuzma-yuz kelganimizda targʻibot-tashviqot ishlari bilan chegaralanmay, qatʼiy choralar qoʻllashimiz zarurligini tushunib yetdik.
Shu oʻrinda bugungi kunda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi iqlim oʻzgarishi, choʻllanish, shoʻrlanish, tuproq eroziyasi va boshqa muammolarga yechim boʻlayotganini eʼtirof etish zarur. Dunyodagi boshqa davlatlarda ekologiya bilan bogʻliq muammolarni hal etish boʻyicha tajribalarga nazar tashlasangiz, XXRda hozirgi kunga qadar davom etayotgan daraxt ekish, “yashil belbogʻlar” (ihotalar) barpo etish orqali choʻllanishni toʻxtatishga muvaffaq boʻlingani eʼtiborga molik.
Oʻtgan asrning 70-yillarida Xitoydagi Gobi va Taklamakon choʻllari halokatli darajada kengaya boshlagani, qumliklarning madaniy oʻsimliklar oʻsayotgan maydonlarga kirib kelgani Xitoy xalqini tashvishga solib qoʻygan edi. 1978-yilda XXR hukumati tomonidan maxsus dastur ishlab chiqilib, uni amalga oshirishga kirishildi. Yaʼni ikkita katta choʻl atrofida yashil “belbogʻ”lar barpo etilishiga millionlab aholi jalb qilindi. Natijada choʻllanish jarayoni nafaqat toʻxtatildi, balki qumliklar yutib yuborgan ekinzorlar qaytarib olindi. Endilikda xitoyliklar choʻllarni chekinishga majbur etib, ekinzorlarni kengaytirish uchun kurash boshlagan. Bu kurashda ham koʻchat ekish, ihotalar barpo etish asosiy qurol vazifasini bajarmoqda.
Mamlakatimizdagi mavjud choʻl hududlari kengayib borishi oziq-ovqat xavfsizligiga ham jiddiy taʼsir koʻrsata boshladi. Natijada ekinzorlar hosildorligi pasayib, ekin maydonlari hududi yildan yilga qisqarmoqda. Aholi soni ortib borayotganini hisobga olganda, bu bong urishga asosli xabardir. “Yashil makon” umummilliy loyihasi biz uchun shu qadar muhimki, uning ijrosini taʼminlashga yoshu qari birdek masʼul.
2024-yilning bahor mavsumida Jizzaxda 9,8 million tup koʻchat ekilishi belgilangan edi. Viloyat boʻyicha jami 10,6 million tup koʻchat ekilib, reja 107 foiz bajarildi. Tuman (shahar) ekologiya inspeksiyalari tomonidan jami 294 ta korxona va tashkilotga manzarali, mevali daraxtlar va butalar hamda koʻchatlarni oziqlantirish va parvarish qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Ammo koʻrsatmalarni oʻz vaqtida bajarmagani, sugʻorish ishlarini tashkil etmagani hamda daraxtlar va koʻchatlarni muhofaza qilish choralarini koʻrmagani, payhon qilish holatlari boʻyicha 167 nafar masʼul xodimga 543 million 730 ming soʻm maʼmuriy jarimalar qoʻllandi.
Yoz va kuz mavsumida havo harorati keskin oshib ketgan vaqtlarda ekilgan daraxt va buta koʻchatlari qurib qolishining oldini olish, ekilgan koʻchatlarni saqlab qolish maqsadida 4 million 700 mingdan ortiq koʻchat sugʻorildi.
Shuningdek, 2024-yil kuzgi koʻchat ekish mavsumida viloyat boʻyicha 6 million 668 ming 570 tup manzarali daraxt va buta koʻchati ekilib, belgilangan reja 105,2 foiz bajarildi.
Xullas, bahorgi va kuzgi ekish yakuni boʻyicha viloyatda 17 million 268 ming 570 tup koʻchat ekildi. Agar shu surʼat saqlab qolinsa, viloyatda yashil maydonlar sezilarli kengayadi.
Ammo qogʻozdagi hisobotlarga qarab ish koʻrilganida hamma yoq daraxtzorga aylanib ketgan boʻlardi. Afsuski, unday emas, ayrim tashkilot va muassasalar raqamning ortidan quvib, yer holati, kunning ekishga mosligi, sugʻorish imkoni, sharoitning hisobini olmay koʻchat ekishga zoʻr berdi. Natijada minglab koʻchatlar koʻkarmay qurib qoldi. Qancha mehnat, qancha mablagʻ havoga sovurildi.
Hududlarda ekiladigan daraxt va buta koʻchatlari koʻkaruvchanligini taʼminlash uchun sugʻorish tizimi mavjud boʻlmagan yerlarga hamda yoshi 5-yildan kam boʻlgan koʻchatlarning ekilishi taqiqlangan boʻlsa-da, joriy yilning bahor mavsumida Arnasoy, Baxmal, Gʻallaorol, Sh.Rashidov, Zomin, Zarbdor, Zafarobod, Forish va Yangiobod tumanlarida jami 14 ta korxona, tashkilot va muassasa tomonidan 42 ming 390 tup koʻchat sugʻorish tizimi mavjud boʻlmagan yerlarga ekilgan.
Yangi quriladigan bino va inshootlarni loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning koʻkalamzorlashtirish maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 25 foizidan kam boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi deb belgilangan. Ammo ushbu masalaga qurilish tashkilotlari, buyurtmachi, loyihachi, pudratchi tomonidan eʼtibor berilmay, qurilishlar loyihalashtirilib, foydalanishga topshirib yuborilmoqda.
Shu bilan birga, davlat ahamiyatidagi avtomagistrallar atrofida tashkil etilayotgan “yashil belbogʻ”lar sugʻorish tizimi mavjud boʻlmagani hamda agrotexnika qoidalariga rioya etilmagani sababli unuvchanlik darajasi pastligicha qolmoqda. Tuman (shahar)larning ichki va markaziy koʻchalarida ekilgan koʻchatlar qurib qolish holatlari koʻp uchramoqda.
Yuqorida keltirilgan 42 ming 390 tup koʻchatning aksariyati bahorgi ekish davrida oʻtqazilgan va koʻkarmagani aniqlangan. Kuzgi ekishda koʻkarmaydiganlari endi maʼlum boʻladi. Bunday koʻzboʻyamachilik, mablagʻlarni havoga sovurish hisobiga rejani bajargandan bajarmagan maʼqul emasmi? Esiz…
Tez orada bahorgi ekish mavsumi boshlanadi. Lekin aqli bor rahbarlar, mahalla yetakchilari qishning iliq kunlaridan foydalanib, belgilangan joylarga allaqachon koʻchat va buta nihollarini ekib qoʻydi. Yangi mavsum oldidan yoʻl yoqalarida avval sugʻorish tizimini shakllantirib, keyin koʻchat ekishni boshlash kerak.
Shuningdek, choʻl hududlarida ham ihotalar yaratishdan avval ularni sugʻorish tashvishini qilib qoʻyish zarur. Aks holda, qumliklar sezdirmay ekinzorlarga kirib keladi.
Asad MUSTAFOYEV,
jurnalist