Maʼlumki, tumanlardan keluvchi yoʻlovchi tashuvchi transport vositalari ayni paytda viloyat markazidagi aksar aholi gavjum, serqatnov nuqtalarda sunʼiy “avtoturargoh”lar tashkil qilib olgan. Ushbu taksi va avtobuslarning yoʻlovchi tushirish va olish maqsadida shahar ichigacha kirib kelishi koʻchalarda tirbandlik oshishiga sabab boʻlayapti.
Qarshi shahridagi “Samsung” va “Arbat” doʻkonlari atrofida, “Umida” choyxonasi roʻparasida, Gʻuzor va Nasaf koʻchalarida yoʻl yoqasida yuzaga kelgan avtoturargohlarga borildi. Bu yerdagi haydovchilar bilan suhbatlashildi.
Eski “Agora” majuasi oldidagi avtostansiya Nishon tumani, Talimarjon shaharchasi, Kasbi tumani hududi bir qismi, Mirishkor tumani hamda Qarshi tumani Beshkent hududidan qatnovchi yoʻlovchi tashuvchi transport vositalari uchun oxirgi toʻxtash nuqtasi boʻlishi tushuntirildi.
Litsenziyasiz yoʻlovchi tashish qonunga xilof ekani, bunga amal qilmagan haydovchilar javobgarlikka tortilishi haqida ham qatʼiy ogohlantirish berildi.
Qayd etish kerak, tirbandliklarni kamaytirish maqsadida Qarshi shahriga kirish joylarida 5 ta shohbekat tashkil etish koʻzda tutilgan. Shohbekat faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha mahalliy hokimlik tomonidan tadbirkorlarga yer maydonlari belgilab berilgan.
Eslatish lozim, tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ertadan ushbu sunʼiy turargohlarda qatʼiy nazorat tadbirlari olib boriladi. Tartibga amal qilmagan haydovchilarga nisbatan choralar koʻriladi.