Hozirgi kunda muhtarama ayollarimizning barcha soha va tarmoqlardagi oʻrni va taʼsiri yana-da ortib bormoqda. Buning tasdigʻini respublikamizdagi mehnat bilan band aholining 45 foizini xotin-qizlar tashkil etayotganida ham yaqqol koʻrish mumkin. Ayollarimiz orasida taniqli davlat va jamoat arboblari, jumladan, Senat Raisi, oʻnlab senator va deputatlar, vazir va hokimlar, Oʻzbekiston Qahramonlari, akademiklar, professorlar, Oʻzbekiston xalq shoirlari, Xalq oʻqituvchilari, Xalq artistlari, nodavlat tashkilotlarning faol namoyandalari borligi barchamizni quvontiradi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizini, Senat aʼzolarining esa 23 foizini ayollar tashkil etmoqda. Mahalliy kengashlarda esa bu raqam 25 foizdan iborat.

Hozirgi vaqtda mamlakatimiz boshqaruv tizimida ayollarning ulushi 33 foizga yetgan boʻlib, 1 ming 500 ga yaqin xotin-qizlar turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Xususan, tashkilotchi va tashabbuskor opa-singillarimiz 6 ta tumanda hokim vazifasida boʻlib, hududlarda birinchi rahbar oʻrinbosari lavozimlarida samarali faoliyat koʻrsatayotgan, katta korxonalar, banklar va kompaniyalarni boshqarayotgan yuzlab latofat egalari ham bor. Ana shunday katta salohiyatni kelgusida yana-da oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini kuchaytirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Hozirgi kunda ularni turli rahbarlik lavozimlariga tayyorlash boʻyicha tizimli oʻquvlar tashkil etilmoqda.

– Bunday zamonaviy bilim va isteʼdodga, rahbarlik, yetakchilik qobiliyatiga ega, el-yurtimiz uchun fidoyi xotin-qizlarimiz – xalqimiz, millatimizning oltin fondi, desak, hech qanday mubolagʻa boʻlmaydi. Ana shunday beqiyos kuchga tayanib, yangi Oʻzbekistonni, mamlakatimiz taraqqiyotining oltin davrini yaratish – bizning oliy maqsadimizdir, – dedi Prezident.