E’tibor rahbar sifatida shakllanishimga zamin yaratdi

    O‘zimni tanibmanki, yaqinlarim e’tiborida, g‘amxo‘rligida o‘sdim. O‘qishdagi yutuqlarim haqida doimo birinchilardan bo‘lib ota-onam, bobo-yu buvilarim bilan bo‘lishgim kelar ekan, ularning ko‘zidagi umid va ishonch menga yanada ko‘proq kuch bag‘ishlar edi.

    Bobomning har gal “Bolam, senga ishonaman, hali, albatta, eng yaxshi dargohlarda ta’lim olasan, el-yurtga foydasi tegadigan inson bo‘lib ulg‘ayasan”, deb niyat qilgani hamon yodimda. Xuddi shu ishonch rivojlanishdan to‘xtashga haqqim yo‘qligini eslatib turadi.

    Toshkent moliya institutini muvaffaqiyatli tamomlab, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida ish boshladim. Bank tizimi regulyatorida faoliyat olib borar ekanman, undagi yuqori bilim va tajribaga ega bo‘lgan kadrlar, shuningdek, Jahon banki hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasi mutaxassislari bilan yaqindan ishlab, bilim orttirdim, mutaxassis sifatida o‘sishga erishdim. Professional kadr sifatida rivojlanishimni keyingi bosqichga olib chiqish uchun menda yetishmayotgan bilimlar, ilmiy salohiyat va ko‘nikmalar haqida o‘zim uchun xulosalar chiqardim, shu jarayonda magistraturani o‘qishim zarurligini angladim.

    Ishni sifatli ta’lim tizimi bilan ajralib turuvchi AQSH, Yevropa va Kanada universitetlari haqida ma’lumot yig‘ishdan boshladim. Biroq zamonaviy bank tizimi ildizi Buyuk Britaniyaga borib taqalishi, hozir ham London jahon bank-moliya tizimi poytaxti ekani e’tiborimni aynan shu mamlakatga qaratdi. Bundan tashqari, onam ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lgani bois, bolaligimdan mazkur mamlakat shaharlari, boy tarixi va madaniyati haqida muayyan tasavvurga ega edim. Buyuk Britaniya men uchun ma’lum darajada ajralib turardi. Ushbu mamlakatdagi universitetlarni o‘rganar ekanman, Birmingem universiteti alohida e’tiborimni qozondi. Buyuk Britaniyaning eng ilg‘or ilmiy hamda yuksak akademik mavqega ega ta’lim dargohlari guruhiga (Russel Group) kiruvchi mazkur universitetni ko‘plab e’tiborli shaxslar, jumladan, bir qator Nobel mukofoti sovrindorlari, davlat rahbarlari tamomlagan.

    Albatta, chet elda ta’lim olishni rejalashtirib, universitetga qabul qilinish — bu katta yutuq, ammo aksar hollarda eng katta muammo moliyaviy masalalarda o‘z aksini topadi. Buyuk Britaniya dunyoning yashash xarajatlari eng qimmat mamlakatlari qatoriga kiradi. U yerda universitetlarda o‘qish uchun zarur moliyaviy resurslar ham mutanosib ravishda yuqori hisoblanadi. Shu sababli, bu mamlakatda o‘qishim uchun menga moliyaviy tomondan ko‘mak bera oladigan grant dasturlari haqida ma’lumot yig‘ar ekanman, “El-yurt umidi” jamg‘armasi grantini o‘zim uchun kashf qildim. Ushbu dastur ko‘plab rahbar kadrlarni shakllantirishi, keng imkoniyatlar taklif etishi bilan e’tirofga sazovor.

    Iqtisodiyotda risklarni “diversifikatsiyalash”, ya’ni taqsimlash tushunchasi mavjud. Shu ma’noda, men ham risklarni teng taqsimlash maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi grantidan tashqari, Buyuk Britaniyaning Chevening dasturi grantiga ham hujjat topshirdim va har ikki grant tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. O‘z kelajagim va professional faoliyatimni O‘zbekiston bilan bog‘laganim sababli aynan yurtimiz uchun kadrlar yetishtirishni o‘ziga bosh maqsad qilgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi grantini tanlashni to‘g‘ri qaror, deb bildim. Hozirgi kunga kelib, aytishim mumkinki, jamg‘arma tomonidan ko‘rsatiladigan moliyaviy ko‘mak o‘zining miqdori va ko‘lami jihatiga ko‘ra, boshqa mamlakatlarda o‘xshashi yo‘q.

    Buyuk Britaniyada o‘qish davomida o‘zim uchun mutlaqo yangi akademik muhitni kashf etdim. Birinchi semestr men uchun ma’lum darajada murakkabroq o‘tdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Darslarga o‘zim uchun an’anaviy tarzda tayyorgarlik ko‘rar ekanman, yangi mavzularni tushunishda qiyinchiliklar sezardim. An’anaviy deganda o‘qituvchi tomonidan berilgan resurslar doirasida o‘qish-o‘rganishni nazarda tutyapman. Akademik talablar va muhitdan shuni anglab yetdimki, professor-o‘qituvchilar ma’lumot va bilimning asosiy manbasi emas. Ularni mavzu bo‘yicha umumiy yo‘nalish hamda tushunchalarni, qo‘shimcha resurslarga havolalarni beruvchi professional konsultantlar sifatida ta’riflagan bo‘lar edim. Akademik talablarni bajarish uchun talaba faqat mustaqil o‘qishga (self-study) tayanishi lozim. Bunda darsda o‘rganilgan har bir soatga kamida ikki-uch soat mustaqil o‘qish, izlanish to‘g‘ri keladi.

    Universitetning 1800 kishiga mo‘ljallangan kutubxonasiga borar ekanman, har safar bo‘sh o‘rinlar taqchilligidan joy topishga kamida 15-20 daqiqa vaqt sarflar edim. Barcha o‘z ustida ishlash, mustaqil rivojlanish bilan ovora, tashqi dunyoga chalg‘imaydi. 24 soat talabalar uchun xizmat ko‘rsatuvchi kutubxonalarda topshiriq va imtihonlarga kecha-kunduz tayyorlanadigan tolibi ilmlar ham ko‘p.

    Topshiriqlarni bajarar ekanman, o‘qituvchilar mendan asoslanmagan sub’yektiv qarashlar emas, balki mavzu bo‘yicha mavjud va tan olingan tadqiqotlar, maqolalarda qo‘llanilgan metodlar, ishonchli ma’lumotlar, ular asosida bajarilgan empirik tahlillarim va asoslantirilgan xulosalarimni kutishlarini angladim.

    Universitetning odob-axloq hamda etika qoidalariga kelsak, mening e’tiborimni tortgani bu ko‘chirmakashlikka (plagiarism) murosasizlikdir. Inson boshqaning mehnatini hurmat qilishi lozimligi, birovning so‘rovisiz yoki unga havola keltirmasdan ishidan foydalanish, ya’ni ko‘chirmakashlik o‘g‘rilik bilan barobar ekani maktab davrlaridan singdiriladi. Qayd etish lozimki, universitet tomonidan ko‘chirmakashlikni aniqlash bo‘yicha axborot tizimlari puxta yo‘lga qo‘yilgan, agar kimdir mazkur qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ysa, u talabalar safidan chiqarilishi muqarrar.

    Ikki semestr davomida moliyaviy va iqtisodiy sohadagi bilimlarimni boyitdim, eng muhimi, avvaldan o‘zimning eng katta kamchiliklarimdan deb bilgan ekonometrik va ilmiy tahlil qilishga oid salohiyatimni oshirdim. O‘qish yakunlangach, ilmiy rahbarim bilan maslahatlashib, O‘zbekiston qatori rivojlanayotgan mamlakatlar uchun aktual, biroq hali ko‘p tahlil qilinmagan mavzuni tanlashga qaror qildim. Markaziy bankdagi faoliyatimdan kelib chiqib, banklarni tartibga solish tizimining murakkablik darajasi hamda mamlakatdagi moliyaviy ommaboplik darajasi o‘rtasidagi aloqadorlikni Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlari misolida tahlil qildim, ma’lum bir tavsiyalar ishlab chiqdim. Xulosalarim, bilim va ko‘nikmalarimni kelajakda professional faoliyatim doirasida qo‘llay olishimga ishonaman.

    Xullas, Buyuk Britaniyada o‘tgan talabalik davrim nafaqat akademik, balki hayotiy taassurotlarga ham boy bo‘ldi. Bu davr mobaynida men nafaqat kadr sifatida, balki ma’lum bir darajada shaxs sifatida ham o‘sishga erisha oldim deb o‘ylayman. Turli millatga mansub do‘stlar orttirdim, ularning madaniyatini o‘rgandim, o‘zimizning madaniyat, tarix haqida o‘rtoqlashdim. Bu ham diplomatiyaning bir ko‘rinishi aslida.

    Xorijdagi o‘qishimni muvaffaqiyatli tamomlab, yurtimizga qaytib keldim. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish metodologiyasi departamenti boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqdaman. Vazifam bank nazoratiga oid umume’tirof etilgan standart va tajribalarni bank tizimi xususiyatlaridan kelib chiqib joriy qilishdan iborat. Hozirgi kunda jamoamiz bilan makroprudensial instrumentlar, riskka asoslangan nazoratni joriy qilish, likvidlilik va kapital monandligiga doir amaldagi talablarni “Bazel III” standartlariga yanada moslashtirish bo‘yicha ishlamoqdamiz.

    Rejalarimga kelsak, bilim va ko‘nikmalarim asosida mamlakatimizda nafaqat bank barqarorligini ta’minlashga qaratilgan, balki tizimga yangi moliyaviy texnologiyalar, yechimlar joriy qilinishini ta’minlay oladigan maqbul regulyator rejim yaratilishiga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.

    Temurbek USMONOV,
    Markaziy bank Kredit tashkilotlari faoliyatini
    tartibga solish metodologiyasi departamenti boshqarma
    boshlig‘i o‘rinbosari