Chunki Bosh qonunda jamiyatning umumiy qadriyatlari va intilishlari aks etadi. Konstitusiya mavjudligi qonunchilik haqida umumiy tasavvurlarni paydo qilib, harakat yo‘nalishlarini aniq belgilab olish imkonini beradi.
Masalan, Buyuk Britaniyada yagona Konstitusiya mavjud emas. Bu davlat Konstitusiyasi vaqt o‘tishi bilan rivojlangan turli qonunlar, konvensiyalar va an’analardan iborat. Shu tufayli ham ayrim masalalarda noqulay vaziyatlar kelib chiqqan, tartib-qoida va umumiy qadriyatlarni o‘rganish uchun ancha vaqt ketgan. Fikrimcha, yagona Konstitusiya yo‘qligi huquqiy masalalarda noaniqlik va chalkashliklarga olib kelishi mumkin. Chunki hukumatning asosiy tamoyil, qonun-qoida va tuzilmalarini aks ettiruvchi aniq hujjat bo‘lmaydi. Boshqa tomondan, mamlakat yagona Konstitusiyasiga ega bo‘lish-bo‘lmasligi ushbu davlat fuqarolarining tanlovi, albatta.
O‘zbekistonda 30 aprel kuni yangi tahrirdagi Konstitusiyani qabul qilish masalasida referendum bo‘lib o‘tadi. Mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi va “El-yurt umidi” jamg‘armasi xodimlari bu mamlakatda tahsil olayotgan talabalar, shuningdek, xizmat taqozosi yoki turli sabablar bilan shu yerda bo‘lib turgan vatandoshlarimizga konstitusiyaviy islohot mohiyati, referendum tartibi, elchixona qoshida saylov uchastkasi tashkil etilgani, muddatidan oldin ovoz berish tartibi haqida ma’lumot berib bordi. Onlayn va oflayn uchrashuv, davra suhbatlari uyushtirildi. Xorijiy OAVlarda O‘zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlar haqida ekspertlar maqolalarini o‘qiyapmiz, o‘ylaymanki, xorijda yurgan vatandoshlarimiz ham yangi tahrirdagi Konstitusiya bilan yaxshi tanishgan. Hatto ayrim xorijlik kursdoshlarimning ham ushbu masalani bilishi meni hayron qoldirmoqda. Bu O‘zbekistonda bo‘layotgan islohotlarni chet elda ham qiziqish bilan kuzatib borishayotganidan dalolat beradi. Men ham yangi tahrirdagi Konstitusiyamizni diqqat bilan o‘rganib chiqdim. Bugun e’tiborimni tortgan ayrim jihatlar haqida aytmoqchiman.
Xalq Konstitusiyasi
Yangi tahrirdagi Konstitusiyamiz muqaddimasida bunday deyilgan: “Biz, O‘zbekistonning yagona xalqi... ushbu Konstitusiyani qabul qilamiz va e’lon qilamiz”. Odatda qonunlar (Konstitusiya ham Bosh qonun) Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinishi, Senat tomonidan ma’qullanishi, Prezident imzolashi va e’lon qilishi kabi tartibtaomillardan o‘tgach, qonuniy kuchga ega bo‘ladi. Albatta, qonunlar referendum yo‘li bilan qabul qilinishi ham mumkin, biroq amaliyotda bunday hol kamdan-kam kuzatiladi. Hozirgi holatda Konstitusiya bevosita referendumda ko‘pchilik ma’qullagandan va e’lon qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi. Shu ma’noda, “Xalq Konstitusiyasi” degan gapimiz hayotiy haqiqat kasb etadi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi
Yangi tahrirdagi Konstitusiyamizda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridanto‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil qiladi”, deb yozilgan. Bunda e’tiborimni tortgan asosiy masala Konstitusiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga qilishi haqidagi normadir. Konstitusiyada yozilgan normalar qanchalik chiroyli bo‘lmasin, agar u ishlamasa, hech kimga naf yo‘q. Konstitusiya oliy yuridik kuchga ega hujjat va qabul qilingan qonunlar, qonunosti hujjatlar unga zid bo‘lmasligi kerak. Bu har qanday huquqiy davlat amal qiladigan ustuvor qadriyat. Ayrim hollarda Konstitusiyada belgilangan huquqni amalga oshirishning imkoni bo‘lmaydi. Bunga sabab uni amalga oshirish tartibini belgilovchi tegishli hujjat qabul qilinmagan bo‘ladi. Bu huquqshunoslar orasida “oq dog‘” deb ataladi. Loyihadagi ushbu norma bilan aynan shuning oldi olinyapti. Konstitusiya normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi davlat organlari va fuqarolarning ulardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanishi va rioya etishi ko‘zda tutilayotganini bildiradi. Konstitusiyaga kiritilayotgan, uning to‘g‘ridanto‘g‘ri amal qilishi haqidagi qoida orqali Konstitusiya normalari ularni qo‘llash tartibi alohida qonunchilik hujjatlarida mavjud yoki mavjud emasligidan qat’i nazar, amal qilishiga erishiladi. Oddiyroq aytadigan bo‘lsak, fuqarolarimiz Konstitusiyada belgilangan imtiyoz yoki huquqdan foydalanmoqchi bo‘lganda davlat organlari xodimlari “hali yo‘riqnomasi ishlab chiqilmagan” yoki “yuqoridan bizga ko‘rsatma yoki buyruq berilmagan” kabi bahonalar qila olmaydi.
Mutanosiblik prinsipi
Yangi tahrirdagi Konstitusiyada “Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak” normasi mavjud. Albatta, har qanday jamiyatda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham qonunlar, qoidalar buzilishi mumkin hamda ular buzilgani uchun shaxs javobgarlikka tortiladi. Biroq ba’zida davlatga 1 so‘m to‘lay olmasdan yurgan shaxs 100 so‘m jarimaga tortilishi mumkin. Huquqiy davlatda jazodan maqsad o‘ch olish emas, shaxsni qayta tarbiyalashdir. Mana shu yerda o‘rinli savol tug‘iladi, xo‘sh, shaxsga jazo belgilashda nimaga qaraymiz, mezon nima bo‘ladi? Yangi norma ayni shu mezonni belgilab bermoqda. Mazkur norma jamiyatda ijtimoiy adolat ta’minlanishiga olib keladi.
Fuqarolar davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega bo‘lmoqda
Xorijdagi yurtdoshlarimizdan ayrimlari yaxshi joylarda — banklar, sug‘urta agentliklari, ta’lim tashkilotlarida ishlaydi. O‘zbekistonga qaytmaysizmi, deb so‘raganimda: “Biz institutni tugatib, davlatga xizmat qilish uchun borganmiz, 3-6 oylab yurganmiz, biroq turli bahonalar bilan ishga olishmagan, tanish-bilishchilik bo‘lgan”, degan gaplarni eshitaman. Menimcha, yangi tahrirdagi Konstitusiyada “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egadirlar”, deb belgilanishi juda muhim. Bunday huquqning konstitusiyaviy darajaga ko‘tarilishi davlat xizmatiga kirishdagi korrupsiyaviy holatlar, nepotizm, favoritizm kabi illatlarning oldini oladi. Davlat xizmatiga kirishda nomzodlarga jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, huquqlari tengligi kafolatlanadi.
“Miranda qoidasi” kiritilmoqda
Yangi tahrirdagi Konstitusiyada shaxsga ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turish asoslari tushuntirilishi shartligi belgilanmoqda. Bu yuridik tilda “Miranda qoidasi” deyiladi. Shaxs nima uchun ushlanganini, qanday huquqlari borligini bilishi shart. Sud, tergov idoralarida amaliyot o‘tash paytida guvoh bo‘lganmanki, prosessual ta’sir choralari qo‘llangan shaxs qanchalik bilimli bo‘lmasin, og‘ir ruhiy ahvolga tushib qoladi. Ba’zida noprofessional tergovchilar paytdan foydalanib bosim o‘tkazishga, ko‘rsatmalarni rasmiylashtirib olishga harakat qiladi. Fikrimcha, shaxs aynan ushlash vaqtida huquqiy yordamga juda muhtoj bo‘ladi. Chunki u og‘ir ruhiy vaziyatda aybsizligini isbotlashi shartmasligini, aksincha, aybdor bo‘ladigan bo‘lsa, uni isbotlash majburiyati tergov organlariga yuklatilganini anglay olmaydi. “Miranda qoidasi”ga binoan esa ushlangan shaxsga sukut saqlash, so‘roq jarayonida advokati ishtirokini talab qilish va boshqa huquqlarga egaligi ilk soniyalardayoq tushuntiriladi. Ya’ni yangi tahrirdagi Konstitusiyada jinoiy ta’qibga olingan shaxslarni davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning o‘zboshimchaligidan himoyalashning deyarli barcha usullari aks etmoqda.
Harakatlanish erkinligi kafolatlanmoqda
Harakatlanish erkinligi insonning eng asosiy huquqlaridan biridir. Bu huquq shaxsning mamlakat hududida bir joydan ikkinchi joyga borish, turar va yashash joyini erkin o‘zgartirish, mamlakatdan chiqish va qaytish huquqini qamrab oladi. Yangi tahrirdagi Konstitusiyada “Qonuniy asoslarda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. Har kim O‘zbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistonga to‘sqinliksiz qaytish huquqiga ega”, deya belgilab qo‘yilgan. Yurtimiz tarixidagi bir viloyatdan ikkinchisiga o‘tishda pasport ko‘rsatish shart bo‘lgan davrlarga guvohmiz. Eng qizig‘i, mazkur cheklovlar idoraviy hujjat darajasida joriy etilgan edi. Hozirgi kunda bu kabi insonni kamsituvchi to‘siqlar bartaraf qilingan. Ushbu normalarning Konstitusiyada yozib qo‘yilishi kelgusida ham kimningdir xohishi bilan harakatlanish erkinligi ga to‘siqlar paydo bo‘lmasligini anglatadi.
Internetdan foydalanish huquqi belgilanmoqda
Yangi tahrirdagi Konstitusiyada davlat internetdan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilanmoqda. Bu juda ilg‘or norma. Hozirgi kunda internetga ulanish huquqi davlatning aholiga ko‘rsatishi shart bo‘lgan telekommunikasiya xizmati sifatida baholanadi. Internet fuqarolarga davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etish, o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish imkonini beradi. Shu sababli real hayotdagi inson huquqlari virtual olamda ham raqamli aks etishi kerak, degan fikr tobora ko‘proq qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ya’ni onlayn rejimda inson huquq va erkinliklari oflayndagidan kam bo‘lmasligi kerak. Internetga kirish huquqini inson huquqlarining yangi “raqamli” avlodi huquqi, deb hisoblash mumkin. O‘zbekiston esa mazkur huquqni Konstitusiya darajasida mustahkamlayotgan ilk davlatlar qatoriga qo‘shilmoqda.
Yangi tahrirdagi konstitusiya zarurati
Hindiston Konstitusiyasi me’morlaridan biri bo‘lgan Bximrao Ambedkar “Konstitusiya shunchaki huquqshunoslarning hujjati emas, bu hayot vositasi va uning ruhi har doim davr ruhidir”, degan edi. O‘zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlar shu nuqtai nazardan ham g‘oyat muhimdir. Ambedkar Konstitusiya vaqt o‘tishi bilan rivojlanib, jamiyat qadriyatlarini saqlagan holda ushbu jamiyat intilishlari, odamlarning o‘zgaruvchan ehtiyoj va talablarini aks ettirishi, ya’ni u hozirgi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sharoitlarga mos bo‘lishi kerak, deb hisoblagan. O‘zgaruvchan zamon tendensiyalarini aks ettira olmaydigan Konstitusiya o‘z fuqarolarining huquq va erkinliklarini himoya qilishda eskirgan va samarasiz bo‘lib qolishini alohida qayd etgan. Shuning uchun o‘zgaruvchan sharoitlarga moslasha oladigan va dinamik jamiyat qadriyatlarini aks ettira oladigan “tirik Konstitusiya” muhimligini ta’kidlagan va Konstitusiyani “Living Document” “tirik (jonli) hujjat” deb atagan. Shu ma’noda, O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitusiyasi o‘tgan yillar mobaynida erishgan barcha yutuqlarni saqlab qolgan holda qator yangi va ilg‘or g‘oyalar bilan boyimoqda. O‘zbekiston fuqarolariga munosib hayot sharoiti yaratish maqsadida ijtimoiy kafolat hamda iqtisodiy taraqqiyotni yanada yuksaltiruvchi kafolatlar kiritilmoqda. Shunday ekan, Asosiy qonunimiz endi shiddat bilan o‘zgarayotgan voqelik fonida yurtimiz taraqqiyotini belgilovchi, global dunyoning barcha chaqiriqlariga munosib javob beruvchi hujjat sifatida xizmat qiladi.
Mushtariy MADRAHIMOVA,
Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti magistranti,
“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati.
("Yangi O‘zbekiston" gazetasining 2023 yil 28 aprel, 81-soni.)