Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik va jazo choralarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, yoshlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanishi taklif etilmoqda.
Xususan, Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limi «korrupsiyaga oid jinoyatlar» atamasi bilan to‘ldirilib, unda 19 turdagi jinoyiy qilmishlar korrupsiyaga oid jinoyatlar sifatida belgilanyapti.
Qonun loyihasida korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish va himoya qilishning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan. Jumladan, korrupsiyaga oid jinoyat haqida asosli xabar bergan shaxsga nisbatan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini oldindan xabardor etmasdan intizomiy jazo qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanyapti.
Shu bilan birga, Jinoyat kodeksiga o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, shuningdek firibgarlik uchun sudlangan va yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarni jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etmaslikni nazarda tutuvchi norma kiritilmoqda.
Xuddi shunday qoida takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, yoxud juda ko‘p miqdorda pora olish, berish yoki vositachilik qilish uchun sudlangan shaxslarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda firibgarlikni mansab mavqeini suiiste’mol qilish yoki xizmat mavqeidan foydalanib sodir etganlik uchun javobgarlik choralari yanada kuchaytirilmoqda.
Qonun loyihasi qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi.