Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan YEI oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliya-texnikaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston ijtimoiy-iqtisodiy institutlarni liberalizatsiyalash, investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyot va ishbilarmonlik muhitining shaffofligini oshirish va islohotlarning boshqa yoʻnalishlarida sezilarli yutuqlarga erishgani taʼkidlandi. Yevropa tomoni Oʻzbekistonda islohotlarni amalga oshirishda moliyaviy-texnik yordam koʻrsatishni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.
Muloqot chogʻida tomonlar amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab oldilar. Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi davlatlari oʻrtasida tovar aylanmasini koʻpaytirish boʻyicha qoʻshma ishlarni jadallashtirishga kelishib olindi. Xorijiy delegatsiya rahbari eksportchilar va tegishli vazirlik va idoralar oʻrtasida “GSP+” preferensiyalar imtiyozlaridan foydalanish haqida xabardorligini oshirish uchun seminarlar va boshqa zarur tadbirlarni oʻtkazishda YEI koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.
Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi boʻyicha hamkorlik ham davom ettiriladi – yaqin kelajakda tovar va xizmatlarning bozorga chiqarilishi, shuningdek, qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ikki tomonlama muzokaralar tashkil etiladi. Bundan tashqari, tomonlar KSHHBni joriy yil yakuniga qadar tasdiqlash maqsadida uning matnini kelishish boʻyicha muzokaralarni jadallashtirishga kelishib oldilar.
Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Yevropa tomoni Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy, transport va logistika aloqalarini mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini olqishladi hamda bu yoʻnalishdagi koʻp qirrali hamkorlikka tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida, tomonlar oʻzaro hamkorlikning muhokama etilayotgan yoʻnalishlari doirasida kelgusi amaliy harakatlarni belgilab oldi. P.Burian yaqin orada YEIning Maxsus vakili sifatida oʻz ishini yakunlashini maʼlum qildi va shu munosabat bilan Oʻzbekiston tomoni mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy integratsiya masalalarini ilgari surish va Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlashga qoʻshilgan salmoqli hissasi uchun minnatdorlik bildirdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.