Joriy yil 10-martda Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston uchun 2021-2027-yillarga moʻljallangan yangi Koʻp yillik indikativ dasturini ishga tushirish boʻyicha konferensiya boʻlib oʻtdi. Unda Bosh vazir oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov hamda Yevropa Ittifoqining xalqaro hamkorlik boʻyicha komissari Yutta Urpilaynen ishtirokchilarga qutlov soʻzi bilan murojaat qildi. Tadbirda, shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining rahbariyati, Yevropa Ittifoqining Elchisi Sharlotta Adrian, Oʻzbekistonning asosiy vazirlik va idoralari, xalqaro tashkilotlar hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
S.Umurzakov oʻz murojaatida Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar bilan uzoq muddatli, koʻp qirrali va jadal rivojlanib borayotgan hamkorligini taʼkidlab, YEI tomonidan mamlakatimizda keng koʻlamli tarkibiy islohotlar hamda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishda koʻrsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u Hukumatning qoʻshma tashabbus va dasturlarni ilgari surish va YEI mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini kashf etishga qaratilgan yaqin hamkorlikni jadallashtirishga sodiqligini bildirdi.
Tadbir davomida 2021-2027-yillarga moʻljallangan navbatdagi dastur doirasida Yevropa komissiyasi bilan ikki tomonlama moliyaviy-texnik hamkorlikni yanada kengaytirishning asosiy yoʻnalishlari muhokama qilindi. Yangi indikativ dastur doirasida dastlabki bosqichda 2021-2024-yillarga 83 million yevro, shu jumladan texnik yordam va byudjetni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha birgalikda ishlab chiqilgan loyihalar va dasturlar uchun 76 million yevro, shuningdek fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirish boʻyicha tadbirlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 7 million yevro ajratilishi maʼlum qilindi. Dasturning ustuvor yoʻnalishlari Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan asosiy vazifalarga toʻliq mos kelishi taʼkidlandi.
Muhokama chogʻida tomonlar qishloq xoʻjaligi va “yashil” oʻsishni qoʻllab-quvvatlash, yer va suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, innovatsiyalarni joriy qilish, davlat boshqaruvi, shu jumladan, sud, transport va logistika tizimlari samaradorligini oshirish va raqamlashtirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, shuningdek Orolboʻyi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohalaridagi loyihalar va tadbirlarni amalga oshirishning muhim jihatlarini atroflicha koʻrib chiqdilar.
Tadbir doirasida tomonlar ishtirokchilarni qiziqtirgan hamkorlik dasturining amaliy ijrosi bilan bogʻliq savollariga javob berdilar hamda ushbu yoʻnalishdagi birinchi darajali vazifalar haqida soʻz yuritdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.