Suhbat chogʻida Ismoil Ertugʻ Oʻzbekistonda xorijlik sayyohlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va qulayliklar yaratish, jumladan, respublika poytaxti hamda viloyatlarida yaratilayotgan zamonaviy infratuzilma, xorijliklar uchun joriy etilgan vizasiz rejimni kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlar bilan tanishtirildi.
Keyingi yillarda Samarqand shahrida turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasida jadal va keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani alohida taʼkidlandi. Natijada shaharning qiyofasi tubdan oʻzgarib, barcha toifadagi sayyohlarni qabul qilish boʻyicha jahon standartlariga javob beradigan “Ochiq osmon” rejimidagi ega yangi xalqaro aeroport barpo etildi.
Yangi qad rostlagan “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro sayyohlik markazida jahon andozalari darajasidagi mehmonxonalar, keng jamoat joylari, sogʻlomlashtirish markazlari joylashgan butik mehmonxonalar, turli ovqatlanish va dam olish maskanlari, shuningdek, xalqaro tadbirlarni oʻtkazish uchun kongress-xoll mavjudligi haqida soʻz yuritildi. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini taʼmirlash borasidagi bunyodkorlik ishlari haqida ham maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida, Ismoil Ertugʻ Oʻzbekiston keyingi yillarda yevropalik sayyohlar orasida jozibador manzilga aylanganini taʼkidladi. Shuningdek, u yevropalik sayyohlarning eng koʻp qismini Germaniya fuqarolari tashkil etishini qayd etdi.
Oʻzbekistonda ushbu sohani rivojlantirishga har tomonlama yordam koʻrsatish, jumladan, sayyohlik assotsiatsiyalari, Yevropa poytaxtlari aeroportlari maʼmuriyatlari, turli sayyohlik forumlari va koʻrgazmalari vakillari bilan aloqa oʻrnatish orqali koʻmak berishga tayyorligini bildirdi.
Xususan, Oʻzbekiston vakillarining 2023-yilda Belgiyada oʻtkaziladigan navbatdagi Global turizm forumida ishtirok etishi masalasini ishlab chiqish taklif qilindi. Oʻzbekistonning bunday tadbirlarda taqdim etilishi mamlakatning Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida yanada kengroq tan olinishiga va yevropalik sayyohlar oqimining oshishiga xizmat qiladi.
“Forumlar va koʻrgazmalar milliy turizm mahsulotini targʻib qilish uchun qulay joy, - dedi Ismoil Ertugʻ. - Mamlakatimga sayyohlar oqimini oshirishning yana bir istiqbolli yoʻnalishi Yevropa poytaxtlaridan Oʻzbekistonning tarixiy shaharlariga toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish boʻlishi mumkin”.
Tomonlar Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hududida kengroq targʻib qilish maqsadida muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.