Unga koʻra, Yevropada koronavirus bilan bogʻliq vaziyat “juda jiddiy” boʻlib qolmoqda. Klyugening taʼkidlashicha, yangi kasallanganlar soni faqat keksa, ayniqsa 80 yoshdan oshgan odamlar orasida kamaymoqda. Fevral oyidan boshlab ushbu guruhdagi oʻlim holati deyarli 30 foizga kamaydi. JSST ushbu tendensiyani keksa avlodga qoʻllanilgan vaksinaning yuqori natijasi bilan izohlash mumkin, deb hisoblaydi.

Biroq, bemorlarni kasalxonaga yotqizish keskin oshdi. Masalan, Fransiyada kasalxonalar, shu jumladan intensiv terapiya boʻlimlaridagi bemorlar soni oʻtgan yilning aprelidan beri, bir yil ichida eng yuqori koʻrsatkichga yetdi.

Ayrim mamlakatlarda virus yuqishi sekinlashayotgani haqida baʼzi belgilar mavjud, ammo kasallanish darajasi hali ham yuqori, deydi Klyuge. Buni kamaytirish uchun barcha mavjud epidemiologik va ijtimoiy tadbirlardan, shu jumladan emlashdan kompleks foydalanish zarur. JSST maʼlumotiga koʻra, bugungi kunga qadar, mintaqada jami yetti turdagi vaksina bilan 171 million nafar kishi emlandi. Aholining deyarli 13 foizi bitta dozani olgan va taxminan 6 foizi toʻliq emlangan.