JSST Yevropa mintaqaviy byurosi va Kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish boʻyicha Yevropa markazi rahbarlari mazkur holat yuzasidan qoʻshma bayonot bilan chiqdi. “Afsuski, qitʼamizda yana koʻrsatkichlar oʻsishini kuzatyapmiz. Bu COVID-19 pandemiyasining yangi toʻlqini boshlanganidan dalolat beradi”, — deyiladi hujjatda.

Qayd etilishicha, mintaqadagi immuniteti zaif kishilarning koronavirus va mavsumiy grippga chalinish ehtimoli yuqori. Bu esa bemorlar soni koʻpayib, sogʻliqni saqlash tizimi muassasalariga yuklamalar keskin oshishiga sabab boʻlishi mumkin.

Shunga qaramay, har ikki virusning oldini olish va tarqalish koʻlamini cheklashda eng samarali vosita, shubhasiz, vaksinalardir. Biroq Yevropada hanuz millionlab insonlar COVID-19ga qarshi emlanmagan.

Shundan kelib chiqqan holda, JSST birinchi navbatda, aholining xavf guruhiga mansub qatlami emlanishi uchun tegishli choralar koʻrilishi zarur, deb hisoblaydi.