Markaziy saylov komissiyasi maʼlumotiga koʻra, ehtiyojlarni baholash missiyasining 22-iyulgacha boʻladigan tashrifidan maqsad referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha ishlarni tashkil etish bilan tanishish, shuningdek, referendum toʻgʻrisidagi milliy qonunchilikning umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqligini tahlil qilishdan iborat.
DIIHB Missiyasi xulosalari asosida YEXHT boʻlajak respublika referendumini kuzatishning maqsadga muvofiqligi, uning formati, davomiyligi va kuzatuvchilar tarkibi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Tashrif davomida missiya mutaxassislari Markaziy saylov komissiyasi raisi, qator vazirlik va idoralar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashadi.
Eslatib oʻtamiz, 2021-yil 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Prezidenti saylovida YEXHT DIIHB missiyasi tarkibida 300 ga yaqin uzoq muddatli va qisqa muddatli xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etdi.