Konstitutsiyaviy islohotlar – huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kafolati

    Fikr 23 Iyun 2025 446

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan boshlangan konstitutsiyaviy islohotlar mamlakatimiz hayotida yangi sahifa ochmoqda. Bu islohotlar shunchaki qonunlar toʻplamiga oʻzgartirish kiritish emas, balki jamiyatimizning tub mohiyatini oʻzgartirish, uni yanada adolatli, erkin va farovon qilishga qaratilgan keng koʻlamli jarayondir. Hayot doimiy ravishda oʻzgarib boradi. Kechagi kunning talablari bugungi kun uchun yetarli boʻlmasligi mumkin. Konstitutsiya esa jamiyatning asosiy qonuni boʻlib, u zamon talablariga mos ravishda doimiy takomillashtirib borilishi kerak.

    Konstitutsiyaviy islohotlar har qanday davlat uchun muhim bosqich boʻlib, u huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi. Konstitutsiya – bu davlatning asosiy qonuni boʻlib, u fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiladi, davlat organlarining vakolatlarini belgilaydi va ularning oʻzaro munosabatlarini tartibga soladi. Konstitutsiyaviy islohotlar esa ushbu asosiy qonunni yangi sharoitlarga moslashtirish, uni yanada takomillashtirish va demokratik jamiyat qurish yoʻlidagi muhim qadamdir.

    2023-yil 30-aprel kuni O‘zbekiston tarixida siyosiy va huquqiy jihatdan ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan voqea – Konstitutsiyaviy referendum bo‘lib o‘tdi. Mazkur referendum orqali qabul qilingan Asosiy Qonunning yangilangan tahriri mamlakat ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotida mutlaqo yangi davrni boshlab berdi. Yangilangan Konstitutsiya fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini kafolatlashda, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishda asosiy mezon sifatida xizmat qiladi.

    Konstitutsiyaviy islohotlar mamlakatdagi demokratik jarayonlarning uzviy davomi bo‘lib, davlat va jamiyat hayotini erkinlashtirishga qaratilgan islohotlarning huquqiy mustahkamlanishini ta’minlaydi. Yangilangan Konstitutsiya jamiyatda ijtimoiy adolatni qaror toptirish, davlat faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va javobgarlikni kuchaytirish, huquqiy mexanizmlar orqali barqaror taraqqiyotga erishishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Konstitutsiyaviy islohotlarning yana bir maqsadlaridan biri bu - ijtimoiy adolatni ta’minlashdir. Ushbu maqsad jamiyatning barcha a’zolari uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning huquqlarini himoya qilish va munosib turmush sharoitlarini ta’minlash vazifasini qo‘yadi. Bu jamiyatning barqaror rivojlanishi, ijtimoiy tenglik va farovonlikka erishishning asosiy shartlaridan biridir.

    Har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini taʻminlash, ularning shaʻni va qadr-qimmatini himoya qilish – bu Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning vazifalaridan biridir. Ushbu vazifani bajargandagina biz haqiqiy demokratik, adolatli va farovon jamiyat qura olamiz. Huquqlar nafaqat qonunlarda belgilanishi, balki amalda ham to‘liq ta’minlanishi kerak.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlari va erkinliklari kengaytirilib, ularni bevosita amal qilishi belgilandi. Bu o‘zgarishlar inson huquqlari kafolatlarini kuchaytirish, ularni davlat faoliyatiga ishonchini oshirish, mamlakat taraqqiyotida faol ishtirokchiga aylantirishga xizmat qiladi. Inson huquqlarining kafolatlanganligi davlatning fuqaroga emas, balki fuqaroning davlatga ta’sir qilishini kuchaytiruvchi muvozanat mexanizmlarini mustahkamlaydi.

    Inson huquqlarining kafolatlaridan biri – bu huquqiy davlatni shakllantirishdir. Qonun ustuvorligini ta’minlash, adolatli sud tizimini yaratish va davlat organlari faoliyatida shaffoflikni oshirish – bular huquqiy davlat va demokratik jamiyatning muhim asoslaridir. Ushbu printsiplarning amalga oshirilishi fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, jamiyatda adolat va ishonchni ta’minlash, davlat boshqaruvining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

    Inson huquqlarini ta’minlashda fuqarolik jamiyati muhim o‘ringa ega. Bunday jamiyatni rivojlantirish – bu huquqiy davlat va demokratik jamiyatning muhim sharti va belgisidir. U fuqarolarning faol ishtiroki, o‘zini o‘zi boshqarish, jamoatchilik nazorati va davlat bilan muloqot orqali amalga oshiriladi. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish – bu uzoq muddatli jarayon bo‘lib, u davlat, fuqarolar va jamoat tashkilotlarining birgalikdagi sa’y-harakatlarini talab qiladi.

    Yangilangan Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, kasaba uyushmalari, fuqarolik tashabbuslari va ijtimoiy sheriklik huquqiy asoslari mustahkamlandi. Fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish huquqi berildi.

    Shuningdek, fuqarolarni davlat boshqaruvidagi bevosita ishtirok etish shakllari kengaytirildi. O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolariga qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi berildi. Fuqarolik jamiyati – bu faqat nodavlat tashkilotlar emas, balki ongli fuqarolar, jamoalar, kasb egalari va ta’lim muassasalari orqali shakllanadigan kompleks ijtimoiy tizimdir. Konstitutsiyada ushbu tizimning huquqiy asoslari yaratilishi demokratik jamiyatga o‘tish yo‘lidagi muhim bosqich bo‘ldi.

    Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda ta’lim muassasalari orasida Toshkent davlat yuridik universiteti alohida o‘ringa ega. Konstitutsiyaviy komissiya va ishchi guruhlar tarkibiga TDYUning yetakchi professor-olimlari jalb qilindi. Ular yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqish, har bir moddaning mazmunini takomillashtirish va uning huquqiy jihatdan puxta bo‘lishini ta’minlashda bevosita ishtirok etdilar.

    Umuman olganda, Universitet olimlari, professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari Konstitutsiyaga kiritilishi taklif etilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar yuzasidan chuqur ilmiy tadqiqotlar olib bordilar. Bu tadqiqotlar xalqaro tajribani o‘rganish, milliy huquq tizimini tahlil qilish va dolzarb ijtimoiy-siyosiy ehtiyojlarni inobatga olgan holda amalga oshirildi. Natijada, konstitutsiyaviy islohotlar kontseptsiyasini shakllantirishga qaratilgan ko‘plab ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqildi va tegishli ishchi guruhlarga taqdim etildi.

    Universitet qoshida konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish, jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida ilmiy seminarlar, davra suhbatlari va konferentsiyalar muntazam ravishda tashkil etildi. Bu tadbirlarda aholining keng qatlamlari, ekspertlar, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Universitet ushbu muhokamalarning ilmiy asoslanishi va natijalarini umumlashtirishda muhim rol o‘ynadi.

    Eng muhimi, Universitet professor-o‘qituvchilari yangi Konstitutsiya loyihasining mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar qildilar, hududlarda uchrashuvlar o‘tkazdilar. Bu orqali keng jamoatchilikning konstitutsiyaviy islohotlarga daxldorlik hissini oshirishga erishildi.

    Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyaviy islohotlar – bu har birimizning kelajagimiz uchun muhim qadamdir. Bu islohotlarda faol ishtirok etish, oʻz fikr-mulohazalarimizni bildirish – har bir fuqaroning burchidir.


    TDYU professori v.b. A.Yo‘ldoshev