Mamlakatimiz va YEXHT oʻrtasida konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish, Oʻzbekiston-Shvetsiya hamkorligini yanada kengaytirish borasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

A. Linde Oʻzbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan demokratik oʻzgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, shuningdek, Oʻzbekiston va YEXHT oʻrtasida jadal rivojlanayotgan munosabatlarni yuksak baholadi hamda qoʻllab-quvvatladi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston rahbariyatining xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ochiq va puxta oʻylangan siyosati tufayli ikki tomonlama munosabatlarda katta yutuqqa erishilgani taʼkidlandi.

Boʻlajak prezident saylovida YEXHT DIIHBning toʻliq tarkibli missiyasi va yuqori darajadagi YEXHT PA delegatsiyasining ishtirok etishi, tashkilot saylovga alohida eʼtibor qaratayotganidan dalolat ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shvetsiya parlamenti saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga ham qiziqish bildirdi.

Taʼlim sohasidagi hamkorlikning muhim yoʻnalishlari, Shvetsiya yetakchi kompaniyalarining mamlakatimizga innovatsiyalar va investitsiyalarni jalb qilishi, savdo aloqalarini kengaytirish va parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Gender tenglik masalalarini ilgari surish, bolalar va majburiy mehnatga barham berish hamda boshqa sohalarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston va YEXHT oʻrtasidagi samarali aloqalarni davom ettirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati