Ushbu asriy tamoyil, ayniqsa, 2016-yildan keyin, ya’ni ­Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans asoslarini barpo etish yo‘lidagi islohotlar shiddat bilan amalga oshirilayotgan hozirgi davrda yaqqol namoyon bo‘la boshladi.

Bugungi kunda jamiyatimizning kundalik leksikonidan mustahkam joy egallagan “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” tushunchalari yurtimiz taraqqiyotining bugunini belgilab berayotgan va xalqimizning asriy orzu-intilishlarini ifodalaydigan ezgu so‘zlarga, hayotimizning tayanch atamalariga aylandi.

Tasodifan dunyoga kelmagan...

Muqaddas kitoblardan birida “Barchasi so‘zdan boshlanadi”, “Yaratgan “Bo‘l” dedi, barcha narsalar paydo bo‘ldi”, deb bejiz aytilmagan. Bu jihatdan “Yangi O‘zbekiston”, “Uchinchi Renessans”, “Harakatlar strategiyasi”, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” va hozirgi kunda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi” kabi atamalar ham 2016-yildan keyingi davrning ezgu fikrga tayanadigan va ezgu amallarga asos bo‘layotgan ezgu so‘zlardir deyish uchun dalillar va isbotlar yetarli.

Bu o‘rinda O‘zbekiston taraqqiyotining ushbu ezgu so‘zlar ustuvor bo‘layotgan yangi bosqichida Prezidentimiz tomonidan asoslab berilgan va puxta ishlab chiqilgan Taraqqiyot strategiyasi nazariyasi shakllanishi va takomili, uning amaliyot davrlari to‘g‘risidagi masalaga oydinlik kiritish lozim.

Ba’zilar uni 2017-yildan, ya’ni Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari bo‘lgan ilk yillarda ishlab chiqila boshlandi va u dastlab 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi sifatida namoyon bo‘ldi deb hisoblaydi.

Formal jihatdan, ya’ni shaklan shunga o‘xshaydi. Ammo bunday fikrlar ushbu nazariyaning genezisi, ya’ni Prezidentimiz tomonidan uning yaratilish tarixi, ijtimoiy-falsafiy asoslari va ilmiy bilish tamoyillari jihatidan hayot haqiqatiga to‘g‘ri kelmaydi.

Agar biz davlatimiz rahbarining mazkur ta’limot to‘la-to‘kis namoyon bo‘la boshlagan 2016-yildan oldingi va keyingi fikrlari dinamikasi hamda ilmiy-nazariy va amaliy takomilini “Nazariyalar qonuni” deb ataladigan falsafiy paradigma asosida tahlil qilsak, buning yaqqol isbotini ko‘ramiz.

Ya’ni har qanday nazariya to‘la-to‘kis shakllanishi va amaliyotda biror shaklda namoyon bo‘lishidan oldin uning muallifi ongi va tafakkurida bu haqdagi fikrlar, xulosa va amaliy talqinlar jamlanadi, uning amaliyotiga doir muhim gipotezalar ishlab chiqiladi.

Nazariyalar shakllanishi qonuniyatlariga ko‘ra, aksariyat hollarda muallif tafakkurida dastlab muayyan fikrning tug‘ilishi va uning g‘oyaga aylanish jarayoni ro‘y beradi. Ya’ni bo‘lajak nazariya muayyan vaqt davomida shakllanadi, kamolga yetadi va sayqallanib boradi.

Bugungi kungacha mamlakatimizning “Harakatlar strategiyasi”, “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” va hozirgi kunda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi” kabi nomlar bilan atalib kelinayotgan rivojlanish dasturi aslida ana shunday qonuniyat asosida, Prezidentimiz tafakkurida 2000-yillar boshlaridayoq aniq-tiniq shakllangan yaxlit nazariya ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Ayni shu ma’noda, “Yangi O‘zbekiston”, “Uchinchi Renessans”, “Yangi ma’naviy makon” kabi ezgu so‘zlar ham keyingi davrda shakllangan va uning muhim natijalari bo‘lib hisoblanadi.

Bu jihatdan alohida ta’kidlash joizki, keyingi o‘n yil davomida Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga aylangan ushbu yaxlit nazariya asoslari, uning tayanch tushunchalari, Prezidentimizning bu boradagi ezgu fikrlari va ezgu so‘zlari ibtidosi 2016-2017-yillarda emas, balki ancha oldin, bugungi asrimiz bo‘sag‘asida shakllangan va 2000-yillardan boshlab to‘la-to‘kis kamolga yetgani shubhasiz.

O‘z-o‘zidan amalga oshmaydigan jarayon

Har qanday ezgu fikr o‘z-o‘zidan amalga oshavermaydi. U, avvalo, ezgu so‘zda ifodalanishi, uni amalga oshiruvchilarning qalbi va ongiga yetkazilishi kerak.

Shu munosabat bilan bir misolni, ya’ni 2005-yil 7-fevralda Vazirlar Mahkamasi majlislar zalida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish va unda o‘sha paytda Bosh vazir bo‘lgan Prezidentimizning qator topshiriqlari va ko‘rsatmalarini eslash joiz deb o‘ylayman. Majlis o‘sha yilgi davlat dasturini shakllantirish, uning birinchi boshlang‘ich qismi davlat boshqaruvi va jamiyat hayotini liberallashtirish va modernizatsiyalashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini tuzishga doir masalalarga bag‘ishlangan edi.

Kechagidek esimda, davlat dasturi bir necha qismda bo‘lishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, uning birinchi qismini tuzish bo‘yicha shakllantirilgan ishchi guruh rahbari Bosh vazir, biz — bir necha kishi esa uning ­a’zolari edik. Majlis avvalida Bosh vazir yil dasturi va uning birinchi qismiga doir umumiy maqsad va vazifalar, har bir yo‘nalishning mohiyati hamda undan kutilayotgan natijalar qanday bo‘lishi to‘g‘risida fikr yuritdi.

Dasturning rahbar kadrlar tayyorlash va kompetentlik darajasini oshirish haqidagi bandiga kelganda esa bu borada quyidagi uch yo‘nalishda ishlash kerakligini uqtirdi.

Birinchi yo‘nalish — jahonning ilg‘or mamlakatlarida qo‘llanilayotgan strategemalar nazariyasi va rivojlanish strategiyalari amaliyotiga doir tajribalarni va uni O‘zbekistonga tatbiq etish yo‘llari, imkoniyatini chuqur o‘rganish, bu borada amaliy takliflar va tavsiyalar tayyorlash.

Ikkinchi yo‘nalish — Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining kadrlar tayyorlash sohasidagi faoliyatini tubdan o‘zgartirish, ushbu muassasani strategik boshqaruv yo‘nalishiga o‘tkazish, bu borada yangi konsepsiya va dastur ishlab chiqish, ularni akademiya faoliyatiga tizimli tatbiq etish.

Uchinchi yo‘nalish — strategik tafakkurga ega bo‘lgan va strategik boshqaruv ko‘nikmalarini egallagan yangi avlod kadrlarini tayyorlash, bu borada akademiyadagi o‘quv jarayonini interaktiv usul va modul tizimiga o‘tkazish, “Milliy g‘oya va taraqqiyot strategiyasi” tayanch o‘quv-metodik markaz tashkil qilish, “O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” o‘quv modulini ishlab chiqish va uni 2005 yil sentyabr-oktyabr oylaridan boshlab akademiya ta’lim tizimiga joriy etish.

To‘g‘risini aytsam, kuni kecha akademiyaga ishga kelganim uchun hali kalavaning uchini topa olmayotgan va ishni nimadan boshlashni bilmay turgan edim. Bosh vazirning o‘sha majlisdagi fikr-mulohazalari, ko‘rsatma va topshiriqlari menga nihoyatda katta yordam, keyingi faoliyatim uchun muhim asos va dasturilamal bo‘lganini tan olishim kerak.

Shu bilan birga, hali strategema nima, strategiya, strategik tafakkur va strategik boshqaruv nimaligini o‘zim ham yaxshi bilmas edim va ular haqida tasavvurlarim nihoyatda sayoz edi.

Shuning uchun Bosh vazir “Bu borada savollar yoki tushunmaydigan masalalaringiz bormi?” deb so‘raganida “Ha bor, qaysi mamlakatlarning tajribasini o‘rganishdan ishni boshlaylik?” deb murojaat qildim.

Bosh vazir qisqagina qilib “Avval qadimgi Xitoy va Yunonistonni, keyin hozirgi Germaniyani o‘rganinglar. O‘zimizning tariximizda ham ibratli misollar bor. Shularni o‘rganish asosida bir oyda konsepsiya, yo‘l xaritasi, o‘quv dasturlari, ilmiy-amaliy loyihalar va boshqa kerakli hujjatlarni tayyorlanglar. Barchasini o‘zimga ko‘rsatasizlar, keyin maslahatlashamiz”, dedi.

Xorij tajribasi nima uchun muhim?

O‘sha davrda Bosh vazir topshirig‘iga ko‘ra yo‘lga qo‘yilgan o‘rganishlar ko‘rsatdiki, xorijiy Sharq va G‘arb mamlakatlarida zamonaviy strategemalar nazariyasi va strategik taraqqiyot tamoyillari asoslarini tahlil qilish uchun muayyan ilmiy manbalar yaratilgan. Har qanday strategiyaning o‘qildizi bugungi kunda “Strategemalar nazariyasi” deb atalayotgan, aslida esa qadimgi Xitoyda va Yunonistonda alohida ilmiy-amaliy tarbiya yo‘nalishi sifatida mavjud bo‘lgan ma’rifiy omillarga asoslanadi.

Xususan, ushbu sohaning ildizlari qadimgi Xitoyda bundan qariyb 25 asr ilgari ishlab chiqilgan va “Moulyuyesyuye” deb nom olgan alohida fan sifatida o‘rganib kelingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda 2500 yillar avval harbiy va siyosiy donishmandlar tomonidan strategiya ilmi asosida yotadigan umumiy qonunlar va qator qoidalarni ishlab chiqishga urinishlar boshlangan. Natijada o‘sha davrlarda “Jang san’ati”, “Dao de Szin” va “36 strategema” asarlari paydo bo‘ldi. Ushbu davrda Xitoy zaiflashgan va bir qancha mustaqil davlatlarga bo‘lingan, uni birlashtirish va yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqish birinchi darajali vazifaga aylangan edi. Bu vazifani bajarish jarayoni ming yildan ortiq vaqtni o‘z ichiga oldi va unda yuzlab siyosiy arboblar, sarkardalar va oddiy xalq ishtirok etgan.

Natijada butun Xitoy uchun nihoyatda muhim, dunyo mamlakatlari uchun o‘rnak va ibrat misoli bo‘lgan strategik jarayon amalga oshgan. Ya’ni asrlar davomida strategemalarni ongi va qalbiga jo qilgan yagona xitoyliklar, islohotchi xalq shakllangan. Asrlar o‘tavergan, avlodlar kelib ketavergan, ammo yuz yillarga cho‘zilgan islohotlar davom etavergan va shu tariqa Xitoy xalqining birlashuvchanlik va islohotchilik ruhi saqlanib, mustahkamlanib boravergan. Bunday ijtimoiy voqelik hozirgacha ham Xitoyda o‘z ta’sirini saqlab qolmoqda.

Bu borada qadimgi Xitoyning atoqli faylasufi, eramizdan avval 604-531 yillarda yashagan alloma, “Dao de Szin” nomli falsafiy va harbiy asar muallifi, daosizm ta’limoti asoschisi Lao Szi, eramizdan avvalgi 544-496 yillarda yashagan xitoy donishmandi va sarkardasi, harbiy strategiya to‘g‘risidagi mashhur “Jang san’ati” kitobi muallifi Sun Szi, konfutsiychilikning eramizdan avvalgi 551-479 yillarda yashagan asoschisi Konfutsiyning strategemalarga doir nazariya va ta’limotlari muhim ahamiyat kasb etgan. Masalan, uning “Farovonlikka erishish — maqsad, barqarorlik — buning uchun zarur shart-sharoit, islohotlar esa maqsadga yetishning eng ma’qul usulidir”, degan ­strategemasi nafaqat Xitoy, balki hozirgacha ham transformatsiya jarayonida bo‘lgan har qanday mamlakat, jumladan, yurtimiz uchun ham umumiy tamoyil sifatidagi ahamiyatini yo‘qotmagan.

G‘arb mamlakatlarida “strategiya” va “strategema” kabi tushunchalar uchun asos, negiz bo‘lgan “strateg” atamasi yunonchada “stratos” — lashkar, qo‘shin, “ago” — yetaklayman, boshqaraman, ergashtiraman degan ma’nolarni anglatadi. Qadimgi Yunonistonda u yuqori darajadagi huquqlarga ega bo‘lgan harbiy rahbar, lashkarboshilarning mansabi va martabasini anglatgan. Hozirgi davrda uning mazmuni ancha kengaygan va nafaqat harbiy, balki davlat boshliqlari va jamoat arboblariga nisbatan ham qo‘llaniladi.

“Strategema” tushunchasi esa qadimgi grek tilidagi “stratagemata” so‘ziga borib taqaladi. Ushbu tushuncha G‘arbda birinchi marta qadimgi Rim davlat arbobi Sekst Yuliy Frontin tomonidan yozilgan “Strategematon” asarida qo‘llanilgan va ilmiy muomalaga kiritilgan. Asrlar davomidagi transformatsiyalar tufayli mazkur tushuncha bugungi G‘arb mamlakatlarida davlat yoki jamiyatning muayyan maqsadlarga erishish uchun qo‘llaydigan murakkab, puxta o‘ylangan siyosati, uni amalga oshirishning taktik va strategik usullari majmuasini anglatadi.

“Strategiya” so‘zi ham shu asosda shakllangan va qadimda ayni shu etimologik ma’no-mazmunda qo‘llanilgan. Ammo qadimgi davrga xos ushbu dastlabki ma’no-mazmun hozirgi zamonga kelib transformatsiyaga uchragan va yangilangan. Ya’ni strategiyaga inson aqlu idroki, faoliyati bilan bog‘liq barcha sohalarga taalluqli ijtimoiy faoliyat shakli, ma’naviy voqelik usuli sifatida qaralmoqda.

Shuning uchun iqtisodiyot, savdo-sotiq, biznes, sport, ijtimoiy boshqaruv, ta’lim-tarbiyaga oid strategemalar to‘plamlari Sharqda ham, G‘arbda ham yuz minglab nusxalarda chop etilmoqda. Ular asosida ko‘plab Sharq va G‘arb mamlakatlari o‘z strategiyalarini ishlab chiqqan va amaliyotda samarali qo‘llamoqda.

Ajdodlar o‘giti va bugungi amaliyot

Bundan 21 yil burun Bosh vazir topshirig‘iga ko‘ra yurtimizda shakllangan strategemik tafakkur va bu boradagi milliy tajribalarni o‘rganar ekanmiz, juda qiziqarli, hatto mutaxassislar ham unchalik e’tibor bermagan, ammo nafaqat tarixiy ongimiz, balki bugungi kunimiz uchun ham nihoyatda zarur dalillar va misollarga duch keldik.

Bu jihatdan Amudaryo va Sirdaryo havzasi xalqlari uchun umumiy ildiz bo‘lgan Zardusht ta’limoti va “Avesto” kitobining asrlardan asrlarga yetib kelayotgan ta’sirini ta’kidlash lozim. “Avesto”da qadim ajdodlarimizning “Ezgu fikr, ezgu so‘z va ezgu amal” shaklida ifodalangan strategemasi va unga asoslangan falsafiy konsepsiya o‘z aksini topgan. Shu sababdan ushbu asarning “Hayot yo‘riqnomasi” deb atalishi aslo bejiz emas.

Alloma bobomiz Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”i, saljuqiylarning dono vaziri Nizomulmulkning 1091 yilda yozilgan “Siyosatnoma”si ham bu boradagi umuminsoniy va milliy tajribalar to‘plangan yirik asarlardir.

Amir Temurga nisbat beriladigan va xalqimizga xos ko‘plab ma’naviy tamoyillar aks etgan tarixiy-siyosiy risola bo‘lmish “Temur tuzuklari” asari ham zamonaviy strategeologiyaning muhim manbalaridan biridir.

Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi”, Alisher Navoiyning “Xamsa”, Mirzo Boburning “Boburnoma”, Abulg‘oziy Bahodirxonning “Shajarai turk”, Ahmad Donishning “Nodir voqealar” kabi asarlari o‘zbek strategeologiyasi tarixidan munosib joy egallagan.

Bu jihatdan Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” asari yozilishi va 2020-yilda, yangi davrning dasturilamali sifatida chop etilishi nihoyatda muhim ahamiyatga molikdir. Ushbu asar, bir tomondan, xalqimiz tarixida mavjud bo‘lgan strategemalarga doir xalqaro va milliy tajribalarni umumlashtirgan, ikkinchi tomondan, insoniyat rivojining hozirgi davri uchun muhim strategiyalardan biri ishlab chiqilgan nodir manbalar sirasiga kiradi.

Shuning uchun uning nafaqat xalqimiz, balki jahon jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilayotgani va turli tillarga tarjima qilinayotgani bejiz emas.

Xullas, zukko gazetxonlarimiz 2005-yil 7-fevralda Bosh vazirning strategiyalar masalasida Xitoyni va Yunonistonni o‘rganish, o‘zimizning tariximizda ham ibratli misollar borligi haqidagi fikri va topshirig‘i bejiz bo‘lmaganini tarixiy tajribalarga doir ushbu ma’lumotlardan teran anglab olayotgan bo‘lsalar kerak deb o‘ylayman.

Qizig‘i shundaki, Bosh vazir o‘sha topshiriqni bergan va bu boradagi fikr hamda ko‘rsatmalarini bayon qilgan 2005-yilda G‘arbda ­strategemalar va strategiyalarga doir yangi davr nazariyalari endigina shakllanayotgan edi.

Bu borada voqealar rivoji qonunlariga tayanib aytish mumkinki, o‘sha davrdayoq Bosh vazir ongi va qalbida “Bizda ham ana shunday tarixiy strategemalar bor-ku? Xalqni farovonlikka boshlaydigan, uni birlashtiradigan va islohotchi millatga aylantiradigan taraqqiyot strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish mumkin-ku” degan g‘oyalar paydo bo‘lgani va ular 2016-yil oxirigacha sayqallanib borgani shubhasiz.

Hozirgi davrda ushbu g‘oya Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan va amaliyotga samarali tatbiq etilgan Harakatlar strategiyasi va Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi hamda bugungi kunda amalda bo‘lgan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida o‘tgan keyingi yillarda bu boradagi ezgu fikrlar va ezgu so‘zlar ezgu amallarga aylanayotganiga guvohmiz. Bu boradagi islohotlarning asosiy mezoni sifatida inson qadrini oshirish, huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan “Inson — jamiyat — davlat” tamoyiliga tayanilayotir.

Keyingi o‘n yillikdagi tub o‘zgarishlar va islohotlar tufayli iqtisodiyotimizga 160 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilgani, bugungi kunga kelib mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasi 81 milliard dollarni, eksport esa 34 milliard dollarni tashkil qilgani buning yaqqol dalilidir.

Minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirilgani, tariximizda ilk bor milliy sun’iy yo‘ldosh fazoga uchirilgani, yurtimizga birgina o‘tgan yili 11 million xorijlik sayyoh kelganini bundan o‘n yil ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmas edi.

Tadbirkorlik va ishbilarmonlik, biznes va yakka tartibdagi ish yuritish, mulkiy plyuralizm va mulkdorlar manfaatlarini himoya qilishga doir samarali dasturlar amalga oshirilayotgani bu boradagi islohotlar bardavomligidan dalolat beradi.

Jamiyatimizning tobora ijtimoiy davlatga aylanib borayotgani, aholining ehtiyojmand qatlamlariga keng miqyosda yordam berilayotgani, ularning maqsad-muddaolari va orzu-umidlarini yuzaga chiqarishning yangi va yangi imkoniyatlari izlab topilayotgani va amaliyotga samarali joriy etilayotgani ham ana shunday misollar qatorini to‘ldirmoqda.

Zarrada quyosh aksi

Bularni yozar ekanman, maqola boshlanishida aytganimiz — 2005-yil 7-fevralda Vazirlar Mahkamasi majlislar zalida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish va unda o‘sha paytda Bosh vazir bo‘lgan Prezidentimizning topshiriqlari va ko‘rsatmalarining bitta muassasa, ya’ni Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi hayotida bamisoli zarrada quyosh aks etganidek yaqqol namoyon bo‘lganini eslash joiz deb hisoblayman.

Bugun barchamiz Prezidentimizning bundan bir necha o‘n yillar oldingi ezgu fikrlari ro‘yobga chiqayotganiga, ular qatoriga hozirgi kunlardagi yana ko‘plab ezgu g‘oyalar va ezgu so‘zlar qo‘shilayotganiga, samarali amalga oshayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Keyingi yillarda har bir sohaga mos strategiya va g‘oyalar ishlab chiqish va ularni bosqichma-bosqich amalga oshirish tajribasi samarasini bermoqda. Prezidentimizning 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi, 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi, 2023-yil 11-sentyabrdagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonlari hamda mazkur faoliyatga oid boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlar ushbu jabhadagi belgilangan vazifalarni amalga oshirishning metodologik asosini tashkil qiladi.

Bugungi kunda Taraqqiyot strategiyasi va strategik islohotlarning jamiyat uchun ahamiyati shundaki, ularning fidokorona ruhi va innovatsion xususiyati millionlab kishilarning dunyoqarashini o‘zgartirmoqda.

Bu, o‘z navbatida, ko‘plab istilolar natijasida islohotchilik tafakkuridan mosuvo bo‘lgan xalqimizning yana qayta islohotchi millatga, ezgu fikr va ezgu so‘zlarning ezgu amallarga aylanishiga xizmat qilmoqda.

Qiyomiddin NAZAROV,

falsafa fanlari doktori,

professor