Kezi kelganda ayrim isteʼmolchilarning buzilgan huquqlarini nafaqat yurtimizda, balki xorijiy davlatlarda, qoʻshni mamlakatlarda ham himoya qilishga toʻgʻri keladi. Shunday holatlarda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasining isteʼmolchilarni huquqlarini himoya qiladigan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi qoʻl keladi.

Federatsiya 2018-yildan buyon Xalqaro isteʼmolchilar tashkilotining toʻlaqonli aʼzosi. Bir qancha davlatlarning isteʼmolchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlari bilan memorandumlar imzolagan.

Kuni kecha Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov va Qozogʻiston isteʼmolchilar milliy ligasi rahbari Svetlana Romanovskaya telefon orqali muloqot qildi. Suhbat davomida tashkilotlar rahbarlari isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishda ikki tashkilot oʻrtasidagi hamkorlik masalalariga toʻxtalib oʻtdi. Hal etilishi lozim boʻlgan dolzarb muammolar muhokama qilindi. Ikki davlatning isteʼmolchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlari oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida kelishilgan rejalar, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan yirik loyihalar haqida fikr almashilib, kelgusi rejalar belgilab olindi.

Muloqotda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi va Qozogʻiston isteʼmolchilar milliy ligasi oʻrtasida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va isteʼmolchilarning transchegaraviy shikoyatlarini koʻrib chiqish sohasida hamkorlik masalalari, turizm sohasida ikki davlat fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sayyohlarni toʻlaqonli axborot bilan taʼminlash, ularning isteʼmolchi sifatidagi huquqlari buzilishining oldini olish hamda oʻzaro tajriba almashish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Suhbat asnosida butun jahonda global masalaga aylanayotgan isteʼmolchilar huquqlarini kafolatlash uchun ikki tomonlama hamkorlik kamlik qilishini inobatga olib, mintaqada isteʼmolchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydigan tashkilot tuzish gʻoyasi ilgari surildi. Isteʼmolchilar milliy ligasi va federatsiya tashabbusi bilan Markaziy Osiyo isteʼmolchilar tashkilotini tuzish va bu orqali isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishda hamkorlikni kuchaytirish maqsad qilindi. Zotan birlashib, doʻstlik va hamkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali koʻplab yechimini kutayotgan masalalarni hal etish mumkin.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish

federatsiyasi axborot xizmati