Majlisda Qoʻmita aʼzolari, ekspertlar guruhi aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar Kengashlarining doimiy komissiyalari raislari, Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirlik, idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Unda Senatining navbatdagi yalpi majlisida koʻrib chiqiladigan masalalar muhokama etildi.
Xususan, “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil I choragi ijrosi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, Qoʻmita tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.
Ushbu Qonun aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamining huquq va erkinliklari boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha ishlarning mantiqiy davomi ekanligi taʼkidlandi. Qonun yuzasidan majlis ishtirokchilari oʻz fikrlarini bildirdi. Muhokamalardan soʻng Qoʻmitaning Qonunni navbatdagi yalpi majlis muhokamasiga kiritish haqidagi xulosasi tasdiqlandi.
Shuningdek, kun tartibida Qoʻmita ishchi guruhi tomonidan 11-15-aprel kunlari “Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va Jizzax viloyatidagi Axborot-kutubxona markazlaridagi ijrosi boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganish natijalari koʻrib chiqildi.
Soha uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, binolarning qurilish va sanitariya normalariga muvofiqligi hamda moddiy-texnik taʼminot bilan bogʻliq masalalar tanqidiy koʻrib chiqildi. Masala yuzasidan mutaxassislar fikrlari eshitildi.
Muhokama etilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.