Fanlar akademiyasi mazkur holat boʻyicha rasmiy munosabat bildirib, ushbu jarayon PF-46 Farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotganini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, ushbu farmonga muvofiq, poytaxtning ekologik holatini yaxshilash maqsadida Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Yadro fizikasi instituti va unga tutash hududlarda umumiy 250 gektar maydonda zamonaviy dendrologiya bogʻi barpo etiladi.

Belgilangan tartibga koʻra, yer uchastkalari Toshkent shahar hokimligi tomonidan zaxiraga qaytarilib, Ekologiya qoʻmitasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.

Ekologiya qoʻmitasi hududning tuproq va iqlim sharoitlariga mos daraxt va butalar turini tanlab, tegishli loyiha hujjatlarini ishlab chiqadi. Shu asosda hududda keng koʻlamli koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, mazkur yer maydoni qurilish ishlari uchun emas, balki atmosfera havosini yaxshilashga xizmat qiladigan yirik yashil hudud — dendropark tashkil etish uchun ajratilayotgani alohida taʼkidlandi.

Fanlar akademiyasi jamoatchilik va OAV vakillarini mazkur ekologik ahamiyatga ega loyihani notoʻgʻri talqin qilmaslikka hamda asossiz xavotirlar tarqalishiga yoʻl qoʻymaslikka chaqirdi.