Toshkent Davlat Agrar universitetida Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) ko'magida tashkil etilgan yangi geografik axborot tizimlari (GIS) laboratoriyasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Yangi GIS laboratoriyasi eng zamonaviy kompyuterlar, server (ma'lumotlar markazi), plotter (tuproq xaritalarini chop etish qurilmasi) va GPS qurilmalari bilan jihozlangan.

Ochilish marosimida Toshkent Davlat Agrar universitetining rektori, akademik Botir Sulaymonov, O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vaziri maslahatchisi Alisher Shukurov va FAO-GeF CACILM-2 loyihasining mintaqaviy koordinatori Mahmud Shoumarov so'zga chiqdilar. Marosimdan so'ng mutaxassislar yangi laboratoriyaning maqsad va vazifalari, shuningdek, uning ishlash printsiplari bo'yicha taqdimotlar o'tkazishdi. Talabalar, aspirantlar va universitet xodimlari eng yangi texnologiyalar bilan jihozlangan yangi laboratoriyaning imkoniyatlari bilan tanishtirildi.

— GIS laboratoriyasini yaratishdan universitetga yer, o'rmon, suv resurslari va iqlim o'zgarishi jarayonlarini xaritalash sohasida yuqori malakali kadrlar va mutaxassislar tayyorlashda ko'maklashish, respublikada qishloq xo'jaligini rivojlantirish bo'yicha axborot-konsalting xizmatlarini rivojlantirish davlat dasturi ijrosiga hissa qo'shish, shuningdek, BMTning qurg'oqchilik va cho'llanishga qarshi kurashish konventsiyasi va BMTning Iqlim o'zgarishi to'g'risidagi asosiy konvensiyasi doirasida loyihalarni amalga oshirish uchun texnik ko'mak ko'rsatish kabi maqsadlar ko'zlangan. Umid qilamizki, o'qituvchilar, aspirantlar va universitet talabalari, shuningdek, fermerlarimiz va yer foydalanuvchilarimiz GIS texnologiyalarini faol o'rganadilar hamda foydalanadilar va tabiiy resurslarning degradatsiyasini xaritalash va tahlil qilish uchun amaliyotda keng qo'llaydilar, — deydi FAO-GeF CACILM-2 loyihasining mintaqaviy koordinatori Mahmud Shoumarov.

Geoaxborot texnologiyalari yerlarning degradatsiya jarayonlarini baholash va xaritalash,  tuproqlar holatini tahlil qilishning samarador va tezkor axborot  tizimlarini yaratish, tuproq xaritalash ishlarini, an'anaviy xaritalash usullarini zamonaviy komp`yuterlashtirish, tadqiq etiladigan hudud to'g'risida tez va sifatli ma'lumot olish, geoaxborot texnologiyalarini qo'llagan holda masofadan zondlash ma'lumotlariga ishlov berish orqali ko'p yillik monitoring ishlarini olib borishga doir ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirishda bir qator imkoniyatlar yaratadi hamda er degradatsiyasini bartaraf etish (LDN) bo'yicha loyihalarni amalga oshirishga yordam beradi. Shunday qilib, geografik axborot tizimlari va fazoviy ma'lumotlarni tahlil qilish ilmiy tadqiqot olib borishning zaruriy vositalaridir. Shu munosabat bilan, laboratoriyadan talabalar va amaliyotchilar uchun o'quv markazi sifatida hamda tadqiqot maqsadlarida foydalaniladi.

— Innovatsion texnologiyalarni joriy etish zamon talabidir. Zamonaviy geografik axborot tizimlari (GIS) tadqiqotlarning barcha sohalari uchun zaruriy vosita bo'lib, ham ilmiy, ham ishlab chiqarish maqsadlarida olib boriladi. Bu yo'nalishda talabalar uchun ham, mutaxassislar va fermerlar uchun ham katta imkoniyatlar ochayotgan yangi GIS laboratoriyasini tashkil etishda amaliy yordam berganligi uchun FAOga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz, — deydi Toshkent Davlat Agrar Universiteti rektori, akademik Botir Sulaymonov.

Aytish joizki, Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg'oqchil va sho'rlangan qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida erdan foydalanishni yaxshilash, iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatish hamda tabiiy resurslarni kompleks boshqarish bo'yicha amaliyotlar ko'lamini kengaytirish CACILM-2 loyihasining asosiy maqsadi hisoblanadi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi BMTning qurg'oqchilik va cho'llanishga qarshi kurashish konventsiyasi va Iqlim o'zgarishi to'g'risidagi asosiy konventsiyasini amalga oshirishga ham salmoqli hissa qo'shmoqda. Qishloq xo'jaligi vazirligi, Suv xo'jaligi vazirligi, O'zbekiston Respublikasi O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi va Uzgidromet O'zbekistonda loyiha hamkorlari hisoblanadi.