BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) O'zbekiston Respublikasi O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi bilan hamkorlikda Global ekologik fond  (GeF) ko'magida amalga oshirilayotgan “O'zbekiston tog' va vodiy hududlarida o'rmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida Pop o'rmon xo'jaligida o'tinbop daraxt plantatsiyalari, tog' terrasalari, urug' va nihol qalamchalari o'stiriladigan niholxonalar barpo etildi.

Xususan, o'rmon xo'jaligida agro o'rmonchilik asosida 20 gektar maydonda na'matak va tez o'sadigan daraxtlar plantatsiyasi, “Marguzar” uchastkasidagi 1 gektar maydonda 6,5 ​​mingdan ortiq terak, qayrag'och, shumtol, zarang, chinor va o'tinbop plantatsiya uchun tol daraxtlari ekilgan. “Kosmos” uchastkasidagi 1 gektar maydonda tog' terrassalari yaratish uchun 6000 dona yong'oq, qortang'i, archa va na'matak ko'chatlari ekildi. “Parda-Tursun” uchastkasida esa 1,5 gektar maydonda yarim tonna pista, yong'oq, bodom urug'i va 5000 dona archa va mahalliy terak qalamchalaridan iborat ko'chatxona tashkil etildi.

— “O'zbekiston tog' va vodiy hududlarida o'rmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida respublikada o'rmon ekotizimlari va o'rmon bioxilma-xilligi barqarorligini ta'minlash, yangi ish o'rinlari yaratish, aholi turmush farovonligini oshirish bo'yicha kompleks ishlar olib borilmoqda, — deydi loyihaning texnik koordinatori Olimjon Qahhorov. — Shuningdek, Namangan viloyatida mahalliy aholiga shaxsiy tomorqa maydonlari va davlat o'rmon fondi hududida ko'kalamzorlashtirish ishlari olib borish uchun 10 mingdan ziyod ko'chat topshirish aktsiyasi o'tkazildi.

Aktsiya, FAO mutaxassislari va O'rmon qo'mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Pop o'rmon xo'jaligidagi loyiha maydonlari uchun urug'lar, ko'chatlar va qalamchalar yetkazib berish” trening-seminari davomida bo'lib o'tdi. Unda 120 dan ortiq loyiha ishtirokchilari, shuningdek  mahalliy aholi, ijarachilar va o'rmon xo'jaligi mutaxassislari ishtirok etishdi.

— Seminarda biz daraxt ekishning agrotexnikasi, tomorqa maydonlarida ishlash, o'rmon, yaylovlarni o'zlashtirish va boshqa masalalar bo'yicha yangi bilim va ko'nikmalarga ega bo'ldik. Ushbu seminar, kelajakda o'rmon xo'jaligi tizimlarini boshqarishda yordam beradi, — dedi seminar ishtirokchisi Mohira Xolboyeva.

FAO/GEFning “O'zbekiston tog' va vodiy hududlarida o'rmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi, O'zbekistonning har xil o'rmon ekotizimlarini ifodalovchi 4 ta hudud — Sirdaryo, Dehqonobod, Kitob va Pop davlat o'rmon xo'jaliklarida amalga oshirilmoqda. Ushbu hududlarda o'rmonlarni barqaror boshqarish, o'rmon hududlarining axborot tizimlari va elektron xaritalarini yaratish, mahalliy aholini o'rmon xo'jaligini boshqarish jarayonlariga keng jalb qilish ishlari olib borilmoqda.