Faoliyati toʻxtatilgan Turkistonbank va HI-TECH BANK mijozlariga omonatlarni qaytaradimi?

    Moliya 9 Oktabr 2022 3035

    Faoliyati toʻxtatilgan Turkistonbank va HI-TECH BANK mijozlariga qancha miqdordagi omonatlarni qaytarishi maʼlum boʻldi.

    Bu haqida Markaziy bank Departamenti direktori Sanjar Nosirov maʼlumot berdi.

    – Bugungi kunda “Turkistonbank”da aholining 339 milliard soʻm, “Hi-Tech Bank”da esa 5 milliard soʻmlik omonatlari bor. Yuqoridagi ikki bank omonatchilarining barcha mablagʻlari 2 oydan soʻng birinchi navbatda toʻliq qaytariladi. Litsenziyasi chaqirib olinayotgan yuqoridagi ikki bank omonatchilari oʻzlarini xotirjam his qilishlari mumkin, – deydi Markaziy bank rasmiysi.

    Shuningdek, “Turkiston” va “Hi-Tech Bank” faoliyati nega toʻxtatilganiga izoh berildi.

    — Har ikki bank uzoq muddatdan buyon bank qonunchiligi boʻyicha meʼyorlar va prudensial talablarni muttasil buzib kelgan. Mazkur banklarning litsenziyasini chaqirib olishga asos sifatida “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 54 moddasida koʻrsatilgan qoʻpol kamchiliklarga yoʻl qoʻygan. Shu bilan birga 77-moddadagi asoslar kuzatilgan.

    Misol uchun, yetarli miqdorda aktivlarga nisbatan zaxiralar yaratilmagan. Regulyativ kapitalidan 50 foizidan ortiq miqdorda zarar koʻrgan. Buxgalteriya hisobotida qoidalarni buzgan. Isteʼmolchilar huquqlariga qarshi harakatlar qilgan.

    Amaldagi taritbga koʻra, banklar ustav kapitaliga nisbatan 100 milliard soʻmlik talab bor.

    “Turkistonbank”da 117 milliard ustav kapitali boʻlgan. “Hi-Tech Bank”da 116 milliard ustav kapitali shakllantirilgan. Umumiy kapitali ustav kapitalidan kam boʻlganligining sababi zarar koʻrgani uchun umumiy kapitali kamni tashkil qilgan.