Nafaqat qishloq, tuman, balki viloyatda ham hurmat qozongan hofizlaru maqom ijrochilari bor bu yerda. Shaharga uzoq boʻlishiga qaramay, qishloqning koʻplab yoshlari musiqa va sanʼat maktablariga qatnaydi. Oliy maʼlumotli boʻlish istagidagi yigit-qizlar koʻp.

Oʻqishga kira olmaganlari ham nima qilarini bilmay yuradiganlardan emas. Ayniqsa, Prezidentimiz qarori bilan yoshlarga yer berilayotgani ular uchun ayni muddao boʻldi. Qishloqdagi 2 ta fermer xoʻjaligidan 10 sotixdan yer olgan 64 nafar yosh allaqachon turli ekinlar ekib, hosil choʻgʻini oshirish bilan band.

— Uyingizdagi 3-4 sotix yerga mehr bersangiz, qancha hosil olasiz, undan 2-3 barobar koʻproq yerdan esa yaxshigina daromad qilishingiz aniq, — dedi biz bilan suhbatda “Kamoliddin sulolasi” fermer xoʻjaligidan yer olgan yoshlardan biri Mansurbek Hurboyev. — Ajratilgan 10 sotixning bariga oilam bilan birgalikda kartoshka ekdik. Bizning qishloqda mendan tashqari 30 yoshgacha boʻlgan yana 63 kishi yerning haqiqiy egasiga aylandi. Endi bekor oʻtirganlar ham ishli boʻldi. Axir 10 sotix joy hazilakam yer emas.

Mansurbekning gapida jon bor. Bir parcha tomorqasida qancha payt band boʻladi odam. Havasga ekilgan pomidor, bodring, qalampiru oshkoʻklarni qoʻl bilan uzib yeyishga nima yetsin! Insonning “men”i bor ekan, oʻziniki boʻlgan har bir narsaga nisbatan egalik, muhabbat hissi ortaveradi. Shu maʼnoda, 64 nafar yoshning har biri yer bilan tillashib, qishloq xoʻjaligi boʻyicha katta-katta tadbirkorlarga aylanib ketishsa ajab emas.

Darvoqe, gap kelganda qishloqda egzu niyatlar bilan tadbirkorlikka bel bogʻlayotganlar ham paydo boʻla boshlaganini aytmay boʻlmaydi. Qoʻrgʻontepa tumani hokimi Elyorbek Nabijonovning ish boshlaganiga 2 oy boʻldi. Bugun hokimning oʻzi aholiga xayrixoh boʻlib, “buyogʻiga nima boʻlar ekan”, deya ikkilanib turganlarni ham ruhlantirib yuborayotganidan odamlar minnatdor.

— Biznes rejamni tayyorlab, imtiyozli kreditga ariza yozgan kunimning oʻzida hokim uyimizga kirib kelsa boʻladimi, — deydi uyida kichik sex ochgan Dilnavoz Yoʻlbarsova. — Tikkan liboslarimni koʻrdi, rejalarim bilan tanishdi. Agar imkoniyat qilib bersanglar, 50 nafardan ziyod ayolni ish bilan taʼminlay olaman, dedim. Hokim darrov maktabimiz yonidagi boʻsh turgan binodan menga joy ajrattirib berdi. Hujjat ishlariga ham aralashmadim. Hammasini tayyorlab, qoʻlimga tutqazishdi. 30 million kredit evaziga 8 ta zamonaviy tikuv mashinasi bir kunda yetkazib berildi. “Temir daftar”ga kiritilgan 15 ayol bilan ish boshladik. Ish hajmiga qarab daromad olishyapti. Bir nechta turdagi kiyimlar tikib, oʻzimizning Andijon, hattoki Toshkentga ham yetkazib beryapmiz. Eng quvonarlisi, viloyatimizda, respublikada ham oʻz brendi va katta obroʻga ega boʻlgan “Samo” toʻqimachilik korxonasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydik. Ishlarimiz ularga maʼqul boʻlayotganidan xursandmiz.

Mahalla raisi Gʻayrat Abdullayevning aytishicha, “Ayollar daftari”da roʻyxatda turgan 43 ayolning 24 nafari “Hunarmand” markazi tomonidan kasb-hunarga oʻqitildi, sertifikatlarga ega boʻlishdi. Har biriga Xalq banki tomonidan 5 million soʻmdan kredit berilgan. Mana, endi uyda pishiriq pishirib, koʻrpa-toʻshak qavib, pul topishyapti.

Uch ishchi bilan kasanachilik asosida koʻrpa qavishni boshlagan Toʻydixon Ahmadaliyevaning kunlik foydasi bilan qiziqdik.

— Astoydil boʻlsam, bir oʻzim ham bir kunda 2-3 ta koʻrpa, 10 tagacha koʻrpacha qaviyman, — deydi opa. — Oʻrtacha 50 mingdan foyda qolganida ham oyiga 1,5-2 million topsam boʻladi. Ishchilarim ham shunday. Bekor oʻtirgandan koʻra, ham birovlarning yaxshi kunlariga xizmat qilamiz, ham tirikchilik. Davlatimizga rahmat. Kimlar uchundir 5 million pul arzimasdek tuyular. Biz oʻsha mablagʻ bilan oʻzimizga yetarlicha materiallar xarid qilib, hayotimizni yaxshi tomonga oʻzgartira oldik. Bu yogʻiga muammo yoʻq. Oʻzbekchilik, toʻylarga hammamiz koʻrpa-toʻshak qilamiz. Buyurtmalarimiz koʻp.

Ha, uyim-joyim deydigan ayollar roʻzgʻorning bir chetini koʻtaray, deb tinim bilmaydi. 15 kishini ish bilan taʼminlagan Dilnavoz ham, Namangan bozorlarigacha kirib borgan Dilafroʻz Ismoilova ham tadbirkorlikni boshlagunicha poytaxtdagi bozorlarida hali militsiya, hali soliq xodimlaridan xavotirda savdo-sotiq qilib yurganlarini yashirishmadi. Bugun esa Dilafroʻz boshchiligida kichkina korxonada tikilayotgan roʻmollarni nafaqat andijonliklar, qoʻshni namanganliklar ham suyib oʻrayapti.

— Bu yogʻi ulugʻ ayyom - Hayit yaqin, — deydi tadbirkor. — Oʻgʻil-qizlar onalariga, opa-singillariga eng yaxshi sovgʻa, deb roʻmol hadya qilishadi. Nasib qilsa, bozorimiz yana-da yurishib ketadi. Hozir ham yomon emas. Materialni arzonroq deb Toshkent bozorlaridan olib kelyapmiz. Yoʻl haqidan tashqari ham qoladigan foyda durustgina. Bankdan 30 million kredit 6 oy imtiyozli davr bilan berilgani faoliyatimizni yaxshilab olgunimizcha ancha qoʻl keladi. Lekin ortga qaytish yoʻq. Bu gapni oʻzimga shior qilib olganman. Menimcha, yoshlarga bunday eʼtibor qaratilayotgan paytda ortga qaytadigan vaziyat ham boʻlmaydi, nasib qilsa.

Yurtimizning olis hududidagi zamondoshlarimizning islohotlardan mamnun, manfaatdor holda yashayotgani oʻzimizni-da manfaatdor etganday quvonamiz. Toʻgʻrisi ham shu aslida. Qovun qovundan rang oladi, degan gap bor. Oldinga intilayotgan yoshlar shijoati, albatta, qolganlarni ham ruhlantirishda muhim omil boʻladi.

Munojat MOʻMINOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri