Shu bois, bu tarmoqni yana-da rivojlantirishga davlat tomonidan katta ahamiyat berilishi tufayli asalarichilik fermer xoʻjaliklarining soni yil sayin koʻpayib bormoqda.

Maʼlumki, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bundan 3 yil avval asalarichilik tarmogʻi uchun oliy malakali kadrlar tayyorlash maqsadida Fargʻona davlat universitetida zootexnika fakultetini tashkil etilgan edi. Natijada universitetda endilikda mazkur soha bilan shugʻullanadigan kadrlar yetishtirilmoqda. Kuni kecha universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov ushbu kadrlarga berilayotgan bilim darajasi, ularga sohani ilmiy tatbiq etishlarida yaratilayotgan shart-sharoitlarni oʻrgandi.

Rektor Zootexniya fakultetining asalarichilikni oʻrganish amaliyot markazida boʻlib, bu yerda tajriba orttirayotgan talabalar bilan muloqot qildi. Asalarichilik tarixi, uning shifobaxsh xususiyatlari, asalarichilikdan daromad qilish haqida qizgʻin suhbat olib borildi.

Hozirgi kunda Zootexniya fakultetining asalarichilik yoʻnalishida 120 nafar talaba taʼlim olmoqda.Ularning aksariyati yoshlikdan mazkur soha bilan oilaviy shugʻullanib kelgan yoshlardir. Talabalar orasida ushbu yoʻnalishda oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan yosh asalarichi fermerlar ham borligi quvonarli.

Asalarichilik sohasiga oid barcha nazariy va amaliy bilim koʻnikmalarini egallab, oliy taʼlim dargohini tamomlayotgan boʻlajak asalarichilar - kelajakda Respublikamizni asal yetishtirish boʻyicha jahonda yetakchi oʻrinlarga olib chiqishlariga umidvormiz.